13:20 / 07.10.2018
3 555

Imomning maniken qizi (5-qism davomi)

Imomning maniken qizi (5-qism davomi)
Yoqub imom oʻqishda davom etdi.

Bugun Nurtenning bergan oq dorisidan tortib koʻrdim. Koʻnglim aytib ketdi. Oʻrganib qolarmishman. Oʻrtoqlarim mening bu holimga kulishar edi-yu, ammo men oʻz ahvolimga yigʻlar edim.

Darrov yon-atrofni tita boshladi... Sumka, shkaflarni qarab chiqqach, palasning tagini ochib qaradi. Ha, u yerda bir paketchada narkotik modda bor edi. Shunda u zarb bilan yuziga urdi. Tush emas ekan.

Bunisi hammasidan oshib tushgan edi. Xonaning ichida xuddi telbalarday aylana boshladi. Oʻkirib oʻkirib yigʻlagisi kelardi. Xonasiga kirdi. U yerda ayoli bor edi. Qayerda yigʻlasa ekan? Qayerga borsa ham, uni ayoli eshitib qolishi mumkin edi. Darrov masjid tomon yugurdi. U yerda ikki moʻysafid nafl namozi oʻqishayotgan edilar. Bir muddat ularga qarab qoldi... Keyin... keyin esa masjid minorasi zinalariga tirmanib chiqa boshladi. Aylanib yuqori koʻtarilgan zinalarning adogʻi yoʻqday edi. Baʼzida minora teshiklaridan tashqariga qarab, qayeriga kelganini bilishga intilar edi. Nihoyat yarmiga keldi.

Bir zinaga oʻtirib oʻkirib oʻkirib, baqirib yigʻlay boshladi.

– Allohim!.. Allohim boshqa chiday olmayman. Menga sabr ber Allohim...Bolamni boy berib qoʻydim. Uni menga qaytarib ber, Robbim.

Bir necha daqiqa oʻsha holda oʻtirgach, yuz-koʻzini artib uyga qaytdi. Qizi bilan gaplashib olishi kerak edi. Uni darrov ish joyidan boʻshatib olishi, nimadir qilishi kerak.

Uyga kelganida ayoli uni koʻrib, yigʻlaganini darrov payqadi va nima boʻlganini soʻray boshladi.

– Nima boʻldi, tinchlikmi?

Yoqub imom haliyam ayoli bilan gaplashmayotgan edi. Savolga javob bermay xonasiga kirib ketdi. Eski stol qarshisiga oʻtirib, qizini kuta boshladi. Oradan soatlar oʻtsa ham, qizidan xabar yoʻq edi. Gul xonim bir narsalar olish bahonasida xonaga kirib chiqaverdi. Nima qilsa ham eri unga ahamiyat bermas, bu holat esa uni pichoqsiz soʻyardi.

Keyingi safar kirganida qoʻllarini beliga tirab:

– Nima siz doim shu ahvolda yurmoqchimisiz? – deb soʻradi.

Savoliga javob boʻlmadi.

– Ayting, hayotimiz shunday davom etaveradimi? Bandamiz-ku, xatoimiz boʻladi-da. Boshqalarni juda yaxshi tushunasizu, nega menga kelganda bunday qilyapsiz? Shundogʻam qizim istimalab meni yondiryapti. Bu tarafdan esa siz.

Yoqub imom ayolining oxirgi gapiga hayron qoldi. “Boʻlgan voqealardan uning ham xabari bormikina?” Undan gap olish niyatida:

– Tinchlikmi? Qizimizga nima boʻldiki, seni yondiradi? – deya soʻradi.

– Ana qarang. Bolam kasal boʻlib qolibdi. Hecham bunday qilmas edi. Ishga ham bora olmadi bugun. Siz boʻlsa men bilan gaplashmaymiz . Bu uyda agar Usoma ham boʻlmaganda portlab ketar edim. Sizdan kechirim soʻrayman. Men yomonlik qilish maqsadida qilmagan edim oʻshanda. Oʻshanda haqiqatni aytganim bilan nima boʻlar edi? Qizingiz allaqachon qarorini qabul qilib boʻlgan edi. Sizni xafa qilmaslik uchun aytmagan edim. Boʻldi endi. Men bilan gaplasha qoling.

Yoqub imom necha kunlardan beri ilk marotaba ayoliga nigoh tashladi:

– Niyatingdan shubham yoʻq-ku, lekin qilgan xatoing bizga juda qimmatga tushadi. Menga yolgʻon gapirmaganingda edi, oʻzim unga yaxshi bir joydan ish topib berar edim. Toʻgʻri, yomonlikni istagan har qayerda ham oʻz bilganini qiladi-yu, lekin shunday boʻlsa ham uni har kuni ishdan oʻzim olib kelar edim.

Roʻparasida eski stulga oʻtirgan Gul xonim chuqur xoʻrsinib:

– Niyatimni bildingiz, endi men bilan gaplashaqoling, dedi.

– Men-ku gaplashaveraman, lekin sen bilan qalbim, ruhim gaplashmayapti. Koʻnglim juda ogʻridi. Hozircha menga teginma, vaqt oʻtsin. Balki oʻzimga kelib qolarman. Allohdan soʻrab, duo qil. Qalblar uning qoʻlidadir. U xohlasa tuzaladi, xohlamasa hech narsa qilolmaymiz.

Shu payt ular Fotimaning eshikka suyanib turganini koʻrib qolishdi. Qoʻlini eshikka tirab soʻradi:

– Yana meni deb urishyapsizlarmi? Bu uydagi janjallar xiqildogʻimga kelib ketdi.

Yoqub imom taajjublanib:

– Qizim, qachon urishdik? – deb soʻradi.

Gul xonim ham:

– Bu gapni qayerdan olding, qizim. Shunchaki, sal tortishib qoldik xolos. U ham sen sababli.

Yoqub imom darrov gapga aralashdi:

– Bu nima deganing, qizimiz nima qilibdi-ki, uni deb gap talashsak?

Uning nigohidan “ehtiyot boʻlib gapir” degan maʼno uqilar edi.

– Bolam, kel vaqting borligida uy masalasini hal qilaylik. Bugun uy qidiraylik. Uni sen xohlaganday jihozlaymiz.

– Meni ishdan boʻshatib olmoqchimisiz?

Yoqub imom sal oʻylanib qoldi. “Ha” – desa, bu safar qizi butunlay qoʻldan ketishi mumkin, uni sekin–asta insofga keltirishi kerak edi.

– Oʻzing bilasan, qizim. Avval biroz muddat uyda oʻtirasan, zeriksang, biror ish topamiz.

– Oʻylab koʻrishim kerak, undan keyin ish joyimga ham bir oy oldin xabar berishim lozim.

Gul xonim bu safar juda qattiq gʻazablandi:

– Sen qanaqa ohangda gaplashyapsan? Qarshingdagi kimligini unutib qoʻyding shekilli. Kundan kun haddingdan oshyapsan, otangni jinni qilasan-ku.

– Men unga jinni boʻl debmanmi?

– Senga oʻxshaganlarning oʻzi odamni jinni qilgani yetadi. Ha, sening aybing yoʻq. Ayb seni erkalatgan otangda.

Yoqub imom bu gaplardan bezovta boʻla boshladi:

– Qizimning koʻnglini ogʻritma, bolam haddidan oshmaydi. Oshsa ham darrov oʻzini qoʻlga oladi. Uni qaaancha Qurʼon kurslariga yuborganman. Oʻqidi, oʻrgandi...

– Ha, Allohning diniga koʻra emas, falon domlaning istagiga koʻra oʻqitiladigan kursga. Domlaning yaxshi koʻrgan talabasi yaxshi, yoqtirmagani esa nuqul yomon boʻlib chiqadigan kurslar. Domlaga yalinib yaltogʻlanib bizni yomon koʻrmasin deya unga qul boʻlar edik. Allohdan boshqa hammaga qul boʻldik. Domladan tortib uni bolalarigacha hamma hammadan qoʻrqar edik. Majburan qildirilgan ibodatlar... Bitta xato qilsak, ming kishi eshitib, hisob soʻraydi. Xuddi biz hech xato qilmaydigan qilib yaratilganday. Oʻsha oʻqishda jonimdan toʻyib ketardim, toʻyib. Birov ayb qilsa ham jazo olish navbati menga kelgan boʻlsa kaltakni men yer edim. Birovlarning istagiga koʻra yashar edik.

Fotima endi yigʻlay boshladi:

– Oʻsha kurslarda Alloh va uning rasuli yoʻqday. Qaysi mavzuda kimdan qanday hukm kelishini kutib, qoʻrqib oʻtirar edik. Endi esa siz kurslarda oʻqitganman, deb maqtanyapsiz. U yerda bilim olishga boʻlgan mehrimni oʻldirishdi. Oʻzimni ham...

Yoqub imom gʻamgin holda soʻradi:

– Mayli, ilk borgan joying shunaqa edi. Keyingisidan nega ketding? U yer yaxshi edi shekilli?

– Qaysi birini aytyapsiz, eslolmadim?

– Zaxro bilan borganlaringchi...

– Oʻshanda men ketmaganman. Oʻzlari haydashgan...

– Nega haydashadi? Yaxshi talabani nega haydashar ekan?

– Koʻp savol berarmishman. Meni kimdir aygʻoqchi qilib yuborgan emish.

– Undan keyingi borgan joylaring-chi? Juda namunali oʻqishlarni topib bergan edim. Ularga ham bormading.

– Albatta bormayman-da. Oʻzligimni yoʻqotib boʻlgan edim. Bir odam aytganiday “fikrlayapmanki, demak borman”. Fikrlayapmanki, savol soʻrayman. Savol soʻragandan qoʻrqishlari kerak emas edi.

– Endi-chi, oʻzingga kelib qoldingmi?

Fotima bir muddat nima deb javob berishini bilmay qoldi. Gul xonim qizining bu qiliqlariga ortiq indamay tura olmadi:

– Dindan chiqmoqchi boʻlgan Firʼavn, “Haqdan kelgan kitobni yoqtirmadim”, deb bahona qilgan ekan. Yomon kurslarga duch kelgan boʻlsang, islomga jahl qilish kerakmidi? Oʻzi, kaltak yeging kelib qolgan. Biz ham qiynalib oʻqiganmiz. Soldatlar kelib qoladi, deb qoʻrqqanimiz yetmaganday, sinf rahbarimiz va qishloq kattalari sotib qoʻymasin deya, muzday uylarda oʻqir edik. Lekin boshimizda otamiz bor edi. Shunga jasorat qilolmas edik. Sening boshingda nomi ota degan zot bor, lekin otalikdan asar yoʻq. Albatta shunday qilasan-da.

– Oyi-i...

– Oyi poying yoʻq. Men otangmasman. Qoʻlimga tushsang, Allohdan boshqa hech kim qutqara olmaydi.

Fotima ham yaxshigina qaysarlashdi:

– Yoʻgʻ-ye. Aslida eski Fotimadan asar yoʻq.

Yoqub imom titragan ohangda soʻradi:

– Nega unday deysan? Ilgarigi Fotimam qani, qizim?

Fotima javob bermas, bir nuqtaga tikilib qolgan edi.

Gul xonim qizining taʼzirini berib qoʻyish uchun oʻrnidan turgan ham ediki, Yoqub imom uni kuch bilan toʻxtatib qoldi:

– Aslo, aslo qizimni ura koʻrma. Qoʻy, ichidagi dardini aytsin. Bizga aytmasa, kimga aytadi?

– Bu qiz ichidagi dardini aytayotgani yoʻq, aqlingizni yigʻib oling. U bizga isyon qilyapti. Kurslar yomon boʻlganidan bormaganmish. Unda mushtipar onaning kursidan nega ketdi? U yerda hammasi risoladagiday emasmidi? Darslar doim oʻz vaqtida boʻlar, bahs-munozaralar oʻtkazilardi. Talabalar xohlaganini soʻrashar, haftada bir marta dunyoviy jurnal, kitoblar oʻqishga ruxsat berishar, Islom hech qanday uydirmalarsiz oʻrgatilar edi-ku. Oʻqituvchilari ham juda aqlli, zuko edi. U yerda hatto men ham oʻqishni istar edim. Qizingiz boʻlsa, u yerdan ham ketdi.

– Toʻgʻri u kurslar menga yoqardi, lekin darslarni yaxshi bera olishmadi.

– Ketmasdan sabr qilsang nima boʻlar edi? Ha boshida shunaqa boʻlib turadi-da. Sal sabr qilish kerak edi. Sen boʻlsang, oʻqishdan kelib devorlarga manekenlarning suratini ilib, ularga maxliyo boʻlib oʻtirar eding. Xayoling artisu, manikenlarda edi.

Yoqub imom bu gaplardan umuman xabari boʻlmagan edi

– Nimaa? Devorlarga manikenlarni rasmini yopishtirardi? Nega men bilmaganman?

Gul xonim eri tomonga jahl bilan oʻgirilib dedi:

– Siz qizingizdan xabar olib turarmidingiz? Nazaringizda qizingiz farishta edi. Xoʻp mayli. Bu mavzuni bas qilaylik-da, sizlar borib uy qidiringlar. Qara, dadang seni deb, ijaraga uy qidiryapti. Haliyam uning qadrini bilmaysan. Vijdoning bormi, oʻzi?

Yoqub imom ayoliga gʻamgin nazar ila boqdi. “Bechora, qizining qilib yurgan ishlaridan xabar topsa, yuragi toʻxtab qolsa kerak”, – deb oʻyladi. Oʻzining bu ishlarga qanday toqat qilib yurganiga hayron qolar va oʻziga sabr soʻrar edi.

– Aslida, oʻzini ayblay olmaganlar birovlardan ayb qidiradi. Shuncha payt kurslarga qatnadi, siz shuncha yil tarbiya berdingiz. Fotima oshxona tarafga yoʻl olar ekan, – Lekin bir tiyinlik foydasi boʻlgani yoʻq, – deb gapida davom etdi Gul xonim.

Yoqub imom qiziga eshitilarli qilib:

– Yanglishyapsan, xotin. Zarracha iymoni boʻlganlarga olgan bilimlari bir kun kelib albatta asqotadi. Bilim oltinga tengdir. Vaqt oʻtsa ham qiymati tushmaydi, – derdi-yu, lekin ich-ichidan yigʻlar edi. Soʻngra qiziga:

– Boʻlaqol qizim, yur uy qarashga boraylik, – dedi.

– Bugun bora olmayman. Oldin ishdan ruxsat olay, boshqa kuni boramiz. Bugun kech boʻlsa ham borishim kerak, dedi.

Fotima tayyorgarligini koʻrib uydan chiqib ketayotganida Yoqub imom uning ortidan ruhi yongan holda qarab qoldi.

Keyinroq Yoqub imom azon oʻqidi va jamoat boʻlib namoz oʻqishdi. Namozdan soʻng imom jamoasiga yuzlanib:

– Birodarlarim, agar ruxsat bersangiz, bugun sizlar bilan biroz suhbat qursak.

Jamoa aʼzolari bu taklifni eshitib, sevinib ketishdi.

Yoqub imom ichidagi alangalangan olov uning tashidan ham sezilar edi. Odamlar orasida doʻsti Ahmad ham bor edi. Baʼzan koʻzlari toʻqnash kelganda, koʻzlarini olib qochar edi. Bismillo deb soʻz boshladi:

– Muhtaram birodarlar, bugun sizlar bilan bola tarbiyasi haqida gaplashmoqchiman. Bu mavzu kundan kun dolzarb masalaga aylanmoqda. Sal kech qoldik, lekin hech boʻlmagandan koʻra... Mening ham aqlim endi kirdi. Men farzandlarimizni tarbiyalayotganimizda islomiy qonun-qoidalarga asoslanmaganimizga ishonib bormoqdaman. Turli yanglish cheklovlar bilan bolalarimizning dunyolarini ostin-ustun qildik. Toʻp oʻynama, Hazrati Husaynning boshi dedik, qoʻgʻirchoq oʻynama, keyin unga jon ato qilishing kerak boʻladi, deb xar hil uydurma gaplarni gapirdik.

Bolalarimizga islomni sevdirib emas, qoʻrqitib oʻrgatdik. Dinsizlikka nisbatan bolalarimizda nafrat uygʻotmadik. Ular esa nafratlarini ota-onalariga yoki bir-birlariga nisbatan ishlatishdi. Kecha bir yozuvchi doʻstim yangi nashrga tayyorlagan kitobini koʻz yugurtirib chiqishim uchun berdi. Bechora, u meni hamma narsani biladi, deb oʻylaydi. Bu kitobning nashr etilganini eshitishingiz bilan uni olib oʻqinglar. Yozuvchining fikrlariga diqqat qiling, bir boʻlimini oʻqib beraman.

“Sevishning ham nafratlanishning ham oʻz qoidalari bor. Dushmanlarimiz ham bu qoidalarni juda yaxshi biladi va oʻz oʻrnida foydalanishadi.

Yoshlarimizga kino, teatr va shunga oʻxshash yoʻllar bilan taʼsir koʻrsatishyapti. Baʼzida birgina karikatura ham ularning dunyoqarashini oʻzgartirishga yetib ortyapti.

Sabab?

Sababi gʻoyatda aniq. Biz bolalarimizga dushmanlarimiz va ularning hiylalarini umuman oʻrgatmadik. Ularga tahorat, namoz, Qurʼonni oʻrgatish yetmaydi. Biroq biz yetadi, deb oʻyladik.”

Yoqub imom koʻz yoshlarini tuta olmadi:

“Qaysi ota oʻz farzandi bilan sayr qilgani chiqadi? Qaysi ota-ona jigarbandini suyib, erkalab namoz oʻqishni oʻrgatyapti? Qaysi ota-ona farzandlari bilan doʻst tutingan? Bu xislatlar juda kamchiligimizda mavjud. Qop-qora taxtada oq nuqtalar taxtani oqartira olmaydi-ku”.

Koʻzyoshlar imomning yanoqlari-yu, burnidan oqar edi... Boshini koʻtarib jamoaga nazar tashladi.

– Birodarlar, men bu yozilganlarni bajara olmadim. Chiroyli muomala yetadi, deb oʻylar edim, yetmas ekan. Keling hammamiz bir boʻlib bu xatolarimizni toʻgʻrilaylik. Ichingizda birortangiz shu sifatlarga ega boʻlsangiz, ayting, duoingizni olaylik, qoʻlingizni oʻpaylik.

Hech kimdan sado chiqmadi. Kutilmaganda u Diniy qoʻmita tarafidan yuborilgan taftishchiga koʻzi tushdi. Tushunarli... Darhol kursidan tushib, taftishchining oldiga keldi.

– Xush kelibsiz. Hoynahoy meni qidirib kelgan boʻlsangiz kerak.

– Ha, sizni soʻrab keldim.

– Marhamat, eshitaman.

– Ustingizdan shikoyat tushgan. Masjid hovlisini bozorga aylantirib yuboribsiz. Shu toʻgʻrimi?

– Bir aravachada ozgina meva sabzavot sotyapman, lekin bu xizmat vazifamga salbiy taʼsirini koʻrsatgani yoʻq.

– Bu ishni Davlatimiz man qilgan. Protokol tuzishga majburman.

Bunisi endi ortiqcha, Yoqub imomning darmoni qolmagan edi.

– Necha yildirki surgunlikda azob chekdim. Bola chaqam ham men bilan birga qiynalishdi. Agar yana surgunlik haqida farmon kelsa, koʻtara olmayman. Shundoq ham dardim togʻlardan oshib ketgan.

– Kim shikoyat qilibdi? – gapga aralashdi Ahmad.

– Jamoatdagilardan...

Yoqub imom jamoatga bir nazar tashlab olgach dedi:

– Yoʻq, jamoadagilar bunday qilishlari mumkin emas, axir men ularga umrimni sarflaganman. Iltimos protokol (bayonnoma) yozmang, yolvoraman.

– Davlatning ham oʻziga yarasha qonuni bor.

– Unda davlat maoshimizni koʻtarib qoʻysin. Yetmayapti axir. Olgan pulimiz yeb-ichishdan ortmaydi. Ilgari bir shaharda yashasak ham, ota-onamni koʻrgani bora olmas edim. Endi esa kun ora xabar olib kelaman. Sal koʻkragimga shamol tegdi desam, bu xayfsan ishi. Yolvoraman, shundogʻam dardim koʻp.

Taftishchi oʻylanib turar ekan, jamoat oʻrnidan turdi:

– Yoʻq, biz imomimizdan juda mamnunmiz. Oramizdan unday odam chiqishi mumkin emas. Kimligini ayting yoki jamoamizni yomon otliq qilmang. Aks holda, ustozimiz bizdan shubhalanib qoladilar.

– Ayta olmayman.

Soʻngra taftishchi imomni tashqariga imladi.

– Biror holiroq joyda gaplashaylik.

– Marhamat, uyga chiqaylik.

Yoqub imom yana zinalardan zoʻrgʻa koʻtarilar edi. Uyga kirishgach, taftishchi oʻziga koʻrsatilgan kursiga oʻtirdi, imomga boshdan oyoq razm solgach dedi:

– Mayli, protokol tuzmayman. Borib hech qanday shubhali narsaga koʻzim tushmaganini aytaman. Biroq siz ham u ishingizni yigʻishtiring, kelishdikmi?

Yoqub imom qiziga bergan vaʼdasini oʻyladi. Buyogʻiga nima qiladi? Qizini qanday qilib toʻgʻri yoʻlga boshlaydi? Lekin majburan soʻz berdi

Taftishchi ketgach darrov uydan chiqdi. Telbalarcha qadam tashlar, hech nimani oʻylamas edi. Biroz vaqt oʻtgach, Usoma yodiga tushdi. Darrov borib uni topgisi keldi. Qizini oʻylab yana oʻgʻli xayolidan koʻtarilibdi. Usoma oʻrtoqlari bilan oʻynar edi. Avval bir chekkada oʻtirib ularni tomosha qildi. Usoma otasini koʻrgan zahoti yugurib keldi.

– Tinchlikmi dadajon, biror nima boʻldimi?

Yoqub imom majolsiz javob berdi:

– Nima boʻlardi, oʻgʻlim. Shunchaki oldingga keldim.

Usoma hayron boʻlgandi.

– Yaxshi-ku lekin nega keldingiz?

– Ota-oʻgʻil bir aylanib kelaylik, dedim-da. Yur, Lunaparkka boramiz.

Tavba dadasiga nima boʻldi ekan?

– Xoʻp dada, yuring.

Oʻgʻli bilan bir necha soat sayr qildi. Chiroyli suhbatlar qurishdi, Usoma qaysi argʻimchoqqa oʻtirgisi kelsa, oʻshanga mindirdi.
Davomi bor...

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Imomning maniken qizi (5-qism davomi)