date

Bangladesh aeroportida yirik yong‘in chiqdi, reyslar to‘xtatildi

Bangladesh aeroportida yirik yong‘in chiqdi, reyslar to‘xtatildi

Bangladesh poytaxti Dakkadagi Hazrat Shahjalal xalqaro aeroportida 18-oktyabr kuni katta yong‘in kelib chiqdi. Bu haqda Gulf News nashri xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in aeroportning yuklar saqlanadigan qismida soat 14:30 atrofida boshlangan. Hodisa sabab barcha parvozlar vaqtincha to‘xtatilgan va yo‘lovchilar xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilingan. Yong‘inni o‘chirish uchun 36 ta maxsus otryad, jumladan, aeroportning ichki yong‘in xizmati va Bangladesh havo kuchlari jalb etilgan.

Aeroport direktori Masudul Hasan Masud holatni tasdiqlab, favqulodda choralar ko‘rilayotganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha samolyotlar xavfsiz hududga yo‘naltirilgan.

Biman Bangladesh Airlines vakili Kavser Mahmudning ta’kidlashicha, yong‘in butun yukxona hududini qamrab olgan. Hodisa joyiga fuqarolik aviatsiyasi, yong‘in xizmati, dengiz va havo kuchlari hamda chegara qo‘riqlash bo‘linmalari yetib kelgan.

Inter-Services Public Relations tashkiloti ma’lum qilishicha, hozirda yong‘inni to‘liq bartaraf etish ishlari olib borilmoqda. Reyslar vaqtincha bekor qilingan va ayrim parvozlar Chattogrammadagi Shoh Amanat hamda Silhetdagi Osmoni xalqaro aeroportlariga yo‘naltirilgan.

Yuklar joylashgan omborda katta moddiy zarar kuzatilgan. Bangladesh Freight Forwarders Association direktori Nasir Uddinning aytishicha, xalqaro kurer xizmatlarining yuklari saqlanadigan hudud butunlay yonib ketgan. Shuningdek, yaqindagi kimyoviy omborxonalardan birida ham yong‘in ma’lum qilingan.

Hozircha halok bo‘lganlar yoki og‘ir jarohatlanganlar haqida rasmiy ma’lumot berilmagan. Ammo yong‘in sabablari va kelib chiqish manbai bo‘yicha tergov ishlari boshlangan.

Hukumat va aeroport ma’muriyati aholini xotirjamlikka chaqirgan holda, yong‘in nazorat ostiga olinganini bildirgan. Shunga qaramasdan, Dakka aeroportidagi parvozlar faoliyati vaqtincha cheklangan holda qolmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Bangladesh aeroportida yirik yong‘in chiqdi, reyslar to‘xtatildi