date
views 2 889

«Bobur va’dasida turib, Bengaliya mustaqilligini saqlab qolgan» – Bangladesh elchisi bilan suhbat

«Bobur va’dasida turib, Bengaliya mustaqilligini saqlab qolgan» – Bangladesh elchisi bilan suhbat
O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Masud Mannan
14 fevral kuni Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga 537 yil to‘ldi. Bangladeshning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Masud Mannan bilan kechgan suhbatimiz ayni shu mavzudan boshlandi.

— Tasavvuringizda Zahiriddin Muhammad Bobur shoh va shoir sifatida qanday gavdalanadi?
— Savolingiz uchun rahmat. Bu men uchun qiziq mavzulardan biri. Zahiriddin Muhammad Bobur taxtga o‘tirganida ancha yosh bo‘lgan, shu sababli ko‘p imkoniyatlari cheklangan edi. Yurtdoshlariga nimaga qodirligini isbotlash uchun mamlakatini tark etdi.

U Afg‘onistondan tortib Hindistongacha keng sarhadni egallab, o‘z poytaxtini barpo qilgach, imperiyani mustahkamlashni boshladi. Mag‘lubiyati tufayli qaytib bormaslik uchun jang-u jadallarda g‘alaba qozondi. Oilasida ham muammolarga uchragan.

O‘sha paytda Hindiston hududi chegaralari Afg‘onistondan boshlab, Pokiston va Bangladeshdan iborat bo‘lgan.
Bobur hukmronlik yillarida Bangladeshga safar uyushtirmagan. Nabirasi Akbarshoh davrida uning askarlari hozirgi Bangladeshga kelishgan.

Bangladeshda Zahiriddin Muhammad Bobur haqida bizga tarix fanining bir qismi sifatida o‘qitilgan. Uning shoirlik hayoti haqida gapirsam. Yoshligimda uning she’riyati haqida chuqur bilmasdim. O‘zbekistonga kelganimdan keyin, «Boburnoma» va Bobur she’riyatidan to‘la bahramand bo‘ldim. Bobur ijodi va hayotiga nisbatan qiziqishim orta boshladi.

Uning she’riyatida nafaqat romantizm, his-tuyg‘ular yoki tabiatning tasviri, balki ularda hayotidagi past-u balandligi ham tasvirlangan.

U faylasuf ham edi. Ba’zida xalqini, yor-u birodarlarini tark etgani uchun o‘ksingan. Andijon, Samarqand, Farg‘ona shaharlarida bo‘lganimda, jannatmakon mamlakatni tark etib, buyuk imperiya qurish oson emasligini tushunaman. Vatan sog‘inchi, doim g‘olib bo‘lish istagi, yangi sulola tuzish shodligi uning she’riyatida aks etgan.

Dunyoda kamdan-kam inson hayotda shunchalik ko‘p sarguzashtni boshdan kechirish imkoniga ega bo‘lgan, nafaqat shoir, faylasuf, balki adolatli hukmdor va olim sifatida o‘zini namoyon qilgan.

— Boburnomada Bangladesh va bengal xalqi haqida qanday qiziqarli ma’lumotlar uchraydi, qiziqib ko‘rganmisiz?
— Albatta, hamma voqealarni ham eslay olmayman. Andijon shahridagi Bobur muzeyida bo‘lganimda, ajoyib suratga ko‘zim tushdi. Unda Hindistondagi Bobur saroyiga bengaliyaliklar kelgani, Bengaliyani zabt etmaslikni so‘rab sovg‘alar olib kelishgani tasvirlangan.

Suratda bengallar hurparvar xalq bo‘lgani aks ettirilgandi. Ular mustaqilligini yo‘qotishni xohlashmagandi. Bobur haqiqatan ham ularning iltimosini bajargan. Bengaliya uning hukmronligi ostiga o‘tmadi, nabirasi Akbar davriga kelibgina bo‘ysundirildi. Hatto o‘g‘li Humoyun davrida ham Bengaliya mustaqil edi. Bu – alohida ta’kidlab o‘tilishi kerak bo‘lgan jihatlardan biri.

Surat menda katta taassurot qoldirdi, chunki bunda Boburning hashamatli saroyi o‘zgacha ranglarda tasvirlangan. Unda Boburning saxiyligi ham namoyon bo‘lgan. Shuningdek, suratda bengallarning yuz tasviri mahorat bilan tasvirlangan.

Biografik xarakterga ega «Boburnoma»da o‘zi joriy etgan qonunlari orqali mamlakatni qanday boshqarganini o‘qishimiz mumkin. Asarda Bengaliya haqida aytganini hozir aniq eslay olmayman, bundan 18 yil oldin ingliz tilida «Boburnoma»ni o‘qigandim. Lekin bir jihatni aniq bilaman: Bobur Bengaliyani ishg‘ol qilish uchun askarlarini jo‘natmagan. Aksincha, bengallarga quloq tutgan va mustaqilligini saqlab qolgan.

— Bangladesh tili tarixi qanday kechgan, qachondan mustaqil davlat tili sifatida rasman e’lon qilingan?
ؙ— Mustaqillik qo‘lga kiritilganidan keyingina rasmiy davlat tili maqomiga ega bo‘lish mumkin. Pokiston mustamlakasi ostida bo‘lganimizda o‘z tilimizga ega bo‘ldik. 1954 yilda Pokistonning davlat tillaridan biri bo‘lmish bengal tiliga ega bo‘ldik.

Bengal tilining tarixi ming yillikka borib taqaladi, u inglizlar tomonidan bengali deb atalgan. Bengal tili hindlarning eski sanskrit tilidan kelib chiqqan. Bengallar yozuvda sanskrit tilidan foydalangan. Bengal tili esa og‘zaki til hisoblangan.

Tilimiz o‘rta asrlarda ancha rivojlandi. Bu davrda shoir-u yozuvchilar, hatto bengal ayol yozuvchilar ham tilni rivojlantirishga hissa qo‘shishgan. Jarayon chorjapot yozuvi yuzaga kelishidan boshlangan.

Chorjapot – yozuvning bir turi bo‘lib, bengal tili yozma shaklda shundan yozila boshlandi va boyitildi. Chorjapotdan keyin o‘rta asrda o‘sha davrdagi hind diniga va folkloriga asoslanib, (xuddi Gomerning «Iliada va Odisseya» deb nomlangan epik qahramonlik asarlari) xalq dostonchilik asarlari yozildi. Nafaqat musiqa, balki ba’zi xalq dramalari ham rivojlandi.

O‘rta asrlardan keyin badiiy adabiyot rivojlanib hikoyalar bitildi. 1913 yilda bengaliyalik Robindranat Tagor «Gitanjali» asari uchun Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Bizning harakatimiz 1947 yil Hindiston va Pokiston ikkiga bo‘linganidan so‘ng boshlandi. Davlat tiliga ega bo‘lish 1948 yil 11 martdan Dakka universiteti talabalari tomonidan rasmiy ravishda talab qilindi. Undan oldin, Pokiston qaysi tillardan foydalanadi, degan munozara boshlandi. O‘sha paytda rasmiy til urdu va ingliz tillari edi: o‘sha paytda inglizlar boshqaruvi ostida edik, hukmron tabaqaning juda ozchiligi urdu tilida gaplashar edi.

O‘sha vaqtlarda bengaliyaliklar Pokiston aholisining 55 foizini tashkil etar edi. Shuning uchun bengal tili Pokistonning davlat yoki milliy tiliga aylanishini talab qildik. Avvaliga hukmron tabaqa bunga rozi bo‘lmadi.

1948 yil 11 martda Muhammad Ali Jinna xotira maydoni oldida talabalar norozilik namoyishi o‘tkazishdi. 1952 yil 21 fevralda Dakka universitetida talabalar tomonidan namoyishlar uyushtirildi. Sharqiy Bengaliya parlamenti yoki boshqacha aytganda Pokistonning Sharqiy parlamenti Dakka universiteti yaqinida sessiya o‘tkazayotgan edi. Bengaliya parlamenti a’zolaridan bir nechtasi Dakka tibbiyot kolleji, Dakka universitetining yonida namoyish paytida politsiya otgan o‘q natijasida talabalar halok bo‘lganidan xabar topishdi.

Parlament a’zolari ham Pokiston parlamentiga, ham Bengaliya parlamentiga bengal bo‘yicha talab qo‘ydi. Vafot etgan talabalarga hurmat ko‘rsatdi. 1954 yilda bengal tili butun Pokiston milliy tili sifatida qabul qilindi.

Shundan keyin bengal tilini milliy til deb e’lon qilish ancha oson kechdi. Lekin biz har doim 1952 yil 21 fevralni eslashimiz kerak, chunki bu kunda Dakka shahridagi bir qancha talabalar va yoshlar vafot etgan. Har yili 21 fevral bayram sifatida nishonlanadi.

1999 yil 17 noyabrda Bangladesh hukumati taklifiga binoan bu kunni dunyo miqyosida Xalqaro Ona Tili kuni sifatida e’tirof etdi. Ushbu tarixiy kun 1999 yil YUNЕSKOning Parijdagi shtab-kvartirasida bo‘lib o‘tdi.

Bengal tili 1954 yilda Pokistonning davlat tili deb e’lon qilindi. Bangladesh mustaqilligi (1971 yil 16 dekabrda ozodlik urushidan so‘ng) e’lon qilinganidan keyin umumxalq tiliga aylandi. Konstitutsiyamiz imzolangandan keyin (1972 yil 15 dekabrda) bengal tili rasmiy ravishda Bangladeshning milliy tili bo‘ldi.

— Bangladeshliklarda bengal tiliga munosabat qanday va boshqa tillar, xususan, ingliz tili qanday ta’sir qilyapti? O‘z tillarini unutib qo‘yish, ingliz tilida gapirib ketish kabi holatlar uchraydimi?
— Bangladeshliklar maktabdan tortib universitetgacha bengal tilida ta’lim olishadi. Biz uni rivojlantirish uchun mehnat qilamiz. Ona tilimizni saqlab qolish uchun 1952 yilda qanchadan qancha vatandoshlarimizni qurbon qilganimiz, Nobel mukofotiga ega juda boy tilimiz borligini har doim eslaymiz.

Bangladeshda bengal tilida gaplashadigan 180 million aholidan tashqari mamlakat tashqarisida, ya’ni Hindiston va boshqa qo‘shni davlatlarning bir qismida bengal tilini tushunadi va gaplashishadi. Ayniqsa, Hindistonda 120 million, butun dunyo bo‘ylab esa qariyb 300 million kishi bengal tilida gaplashadi. 21 fevralni nafaqat Bangladeshda, balki dunyoning turli mamlakatlaridagi bengaliyaliklar orasida nishonlaymiz.

Nyu-York va Londonda bengal tilidagi telekanallarimiz bor, ularni bangladeshliklar boshqarishadi. Fuqarolar ingliz tilini ikkinchi til sifatida o‘rganadilar. Chet el kompaniyalari, elchixonalarida ishlashni xohlovchilar, chet elda oliy ma’lumot olmoqchi bo‘lganlar yoki migrantlar ehtiyojlariga qarab ingliz tilini o‘rganishadi.
Saudiya Arabistonida 3 million bengal fuqarosi istiqomat qiladi. Ular asosan arab tilini o‘rganishadi.

Ingliz tili – bengal tili rivojida to‘siq emas, balki yordamchi vazifasini o‘taydi, deb hisoblayman. Chunki informatika, dasturlash ilmini egallash uchun ingliz tilini o‘rganishingiz kerak, ammo bu o‘qimishli, universitetga boradigan odamlar uchun ikkinchi til, kundalik foydalanish uchun emas. Kundalik foydalanish, ish va shaxsiy hayot uchun, adabiyot va madaniyat sohalarida bengal tilidan foydalaniladi.

Yurtingizda Yozuvchilar uyushmasi bo‘lgani kabi, Bangladeshda ham Bengal akademiyasi bor. Bu sobiq Bosh vazirning uyi bo‘lib, 1954 yildan bengal tili davlat tilidan biri, deb e’lon qilindi. Uy badiiy akademiyaga aylantirildi.

— Bangladeshda davlat tili rivoji uchun qanday ishlar qilinyapti? Internet olami kengaydi va shunga mos bengal tilini o‘rganish, o‘rgatish va komp’yuter dasturlarini yaratish bo‘yicha qanaqa ishlar qilinyapti?
— Bengal Akademiyasi faoliyati haqida gapirmoqchiman. Bu – nafaqat yozuvchilar uyi, balki adabiyotni, lug‘atni rivojlantirish, munozaralar, seminarlar, xalqaro seminarlar qilinadigan markaz.

Bengal tili va Bangladeshdagi boshqa tillarni xalqaro miqyosda targ‘ib qilish uchun Xalqaro ona tili instituti tashkil qilingan.
Bizda barcha kollej va universitetlarda bengal tili bo‘limlari bor. Ularda, asosan, bengal tilini boyitish, talabalarga o‘rgatish maqsad qilingan.

Siz axborot texnologiyalari sohasini qay darajada rivojlantirayotganimiz haqida qiziqdingiz. 30 yil avval bengal yozuvida dastur ishlab chiqishni boshladik, hattoki she’r yozadigan dastur ham yaratildi. Bu kabi ishlanmalar ko‘p.
Bizda hozirda 150ta universitet bor va deyarli barcha universitetlarda bengal tili majburiy fanlardan biri hisoblanadi.

Muhabbat Mamirova va Yigitali Mahmudov
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Bobur va’dasida turib, Bengaliya mustaqilligini saqlab qolgan» – Bangladesh elchisi bilan suhbat