
Foto: Kevin Frayer / Getty Images
Koronavirus pandemiyasi eng global dunyoviy muammoga aylandi. Unga qarshi turish hamda fuqarolar manfaatlarini, birinchi navbatda, ularning hayoti va sog‘ligini himoya qilish maqsadida qayerdadir karantin, qayerdadir favqulodda holat e’lon qilingan. Bunday sharoitda fuqarolarning salomatligini saqlash, jamoat tartibi va xavfsizlikni ta’minlash har qachongidan dolzarb bo‘lib qoladi. Shu bois davlat tomonidan tezkor choralar qabul qilinishi zarur bo‘ladi.
Karantin paytida davlat tomonidan o‘rnatilgan taqiqlarga nisbatan beparvolik va befarq munosabat qat’iy va amaliy choralar, xususan, jiddiy javobgarlik choralari ko‘rilishini talab qiladi.
Xitoyda o‘lim jazosi
Xorijiy davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, hukumatlar karantin rejimini buzganlik uchun shak-shubhasiz va zudlik bilan jiddiy javobgarlik choralarini ko‘radi. Masalan, virus paydo bo‘lgan Xitoyda o‘zini yakkalash rejimini buzganlik uchun katta miqdordagi jarimalar, qamoq jazosi, o‘ta og‘ir holatlarda esa hatto o‘lim jazosi ham tayinlandi.
AQSHda 10 ming dollargacha jarima
AQSHda 11 apreldan boshlab katta falokat rejimi joriy etildi. Qator shtatlarda mart oyining oxirlaridayoq o‘ta zaruriy holatlarsiz uyni tark etish taqiqlandi. AQSHda karantin choralari ham federal, ham mahalliy hokimiyat organlari vakolatiga kiradi (shtatlar kasallik yuqtirgan odamlarning o‘z hududi bo‘ylab harakatlanishini cheklaydi, federal yurisdiksiya shtat chegaralari hamda davlat chegaralarini kesib o‘tuvchilarga taalluqlidir).
Masalan, Viskonsin shtatida biror bir shaxs o‘zining kasallanganini bilaturib karantin talablariga bo‘ysunishdan bosh tortsa, u 500 dollar jarimaga tortilishi yoki 30 kungacha qamoqqa olinishi mumkin. Vayomingda izolyatsiya rejimini buzganlik uchun 10 ming dollargacha jarima va bir yilgacha qamoq jazosi, Texasda esa olti oygacha qamoq jazosi va 2 ming dollar jarimaga tortish belgilangan.
AQSH federal qonunchiligida karantin buzganlik uchun 250 ming dollardan ko‘p bo‘lmagan jarimaga tortish va (yoki) ikki yil qamoq jazosi ko‘zda tutilgan. Bunda kim bo‘lishidan qat’i nazar hamma javobgarlikka tortiladi. Masalan, Olton (Illinoys shtati) merining rafiqasi Brent Uolkerni karantinni buzgani uchun politsiya tomonidan hibsga olindi va unga nisbatan tegishli choralar qo‘llandi.
Yevropa Ittifoqida 25 ming yevrogacha jarima, 7 yilgacha qamoq

Foto EPA-EFE
Yevropa mamlakatlari virusdan juda jiddiy zarar ko‘rdi. Ispaniya, Italiya, Germaniya va Fransiyaning o‘zida yarim milliondan ortiq odam virus yuqtirgan. Shunga yarasha karantin choralari ham jiddiy. Masalan, Ispaniyada do‘kon va dorixonada xaridni amalga oshirish zaruratidan tashqari, boshqa har qanday holatda ko‘chaga chiqish taqiqlangan. Barselonada esa ko‘chaga chiqishni xohlagan shaxsning yonida yo‘l qog‘ozi bo‘lishi shart (yo‘l qog‘ozi – hukumat tomonidan uydan chiqishga ruxsat berilgan hujjat).
Karantin qoidalarini buzgan shaxs katta miqdorda jarima va ikki yilgacha qamoq jazosiga tortiladi. Masalan, Santa-Krus-de-Tenerife (Kanar orollari) sudida qoidabuzardan biri to‘rt oy qamoq jazosiga hukm qilindi.
Ispaniyadagi o‘xshash qat’iy choralarni Italiya ham o‘rnatdi. Italiya hukumati fuqarolar uchun maxsus ruxsatnomasiz ko‘chaga chiqish va shahardan ketish taqiqlanadi. Mazkur tartibni buzganlik uchun uch oyga ozodlikdan mahrum qilish yoki 200 yevrogacha jarimaga tortish ko‘zda tutilgan.
Fransiyada 17 martdan karantin rejimi e’lon qilingan. Uydan faqat zarur hollarda tegishli hujjatga ega bo‘lgandagina chiqishga ruxsat beriladi. Birinchi marta qoida buzganlik uchun 130 yevro, 15 kun ichida qayta qoida buzganlik uchun 1 500 yevro, 30 kun ichida uchinchi marta karantin qoidasini buzganlik uchun esa 3 700 yevro jarima yoki 6 oy qamoq jazosi belgilandi.
Keyinchalik mamlakatda choralar keskinlashtirildi: sayr qilish kuniga bir soatdan oshmasligi va uydan 1 kilometrgacha masofada bo‘lish sharti joriy etildi. Ikki kishidan ortiq yig‘ilmaslik, ba’zi hududlarda faqat yakka holda harakatlanish belgilandi. Odamlarga bir yarim metr masofagacha yaqinlashish taqiqlandi. Birinchi haftada Fransiyada karantin qoidalarini buzganlik uchun 480 kishi ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Germaniyada 25 ming yevro jarimadan ikki yil qamoq jazosigacha bo‘lgan o‘ta keskin choralar joriy qilindi. Bavariyaning Landshut shahri politsiyasi ijtimoiy munosabatlarning qat’iy taqiqiga qaramasdan, uchinchi marta o‘rtoqlari bilan pivo ichib «tushgan» 27 yoshli fuqaroning ishini sudga oshirdi. Ungacha qoidabuzar bilan bunday holat nafaqat o‘zi, balki boshqalar uchun ham xavf tug‘dirishi mumkinligi haqida bir necha marta tarbiyaviy suhbatlar olib borilgan, uch marta bayonnoma tuzilgan hamda karantin qoidalarini buzganlik uchun undan umumiy hisobda bir necha yuz yevro undirilgan. Biroq hukumatning qonuniy talablarini bajaravermagach, qoidabuzar qamoq jazosiga hukm qilindi.
Kiprda mart oyi oxiridan boshlab, kechki soat 9:00dan ertalabki soat 6:00gacha komendantlik soati joriy qilindi. Mamlakatda qat’iy choralar o‘rnatildi: uydan kuniga faqat bir marta hukumatdan SMS-xabar olgandan keyingina chiqish mumkin. Ushbu SMS-xabarni olmasdan ko‘chaga chiqqanlar qoidabuzar sanaladi va 300 yevro miqdoridagi jarima to‘laydi. Mashinalarda haydovchini ham qo‘shib hisoblaganda maksimum 3 kishi harakatlanishi mumkin.
Isroilda ehtiyotsizlik oqibatida karantinni buzganlik uchun 3 yilgacha, qasddan buzganlik uchun esa 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan. Jumladan, 7 yilgacha qamoq bilan 14 kunga o‘zini yakkalash rejimi talabini buzganlar ham jazolanadi.
Gretsiya aholisi ko‘chada bo‘lgan paytlarida o‘zlarining nima maqsadda ko‘chaga chiqqanliklarini asoslab berishlari kerak. Maqsadsiz sayrlar uchun 150 yevro jarima solinadi, takroran sodir etilgan qonunbuzarlik uchun hibsga olish jazosi ham qo‘llanishi mumkin.
Serbiyada faqat tez tibbiy yordam va Serbiya davlat organlari tomonidan ishlash uchun maxsus ruxsatnomalar berilgan shaxslar ko‘chalarda harakatlanishi mumkin. Karantin tartibini buzganlik uchun qat’iy choralar ko‘rildi, 1 aprelga qadar karantin tartibini buzgani uchun 700dan ortiq kishi ushlangan. Nish shahridagi qariyalar uyida 140 odam infeksiyaga chalingandan keyin qariyalar uyi ish boshqaruvchisi politsiya tomonidan hibsga olingan. Bunga sabab – ish boshqaruvchi o‘zini yakkalash rejimi tartibiga zid ravishda qariyalarning qarindoshlari bilan ko‘rishishlariga va ularning tashqariga chiqishlariga ruxsat berganligidir. Serbiyada ushbu qonunbuzarlik 12 yilgacha bo‘lgan muddatga ozodlikdan mahrum etilishiga olib kelishi mumkin.
Yevropa mamlakatlari hukumatlarining harakatlari shuni ko‘rsatmoqdaki, huquqni himoya qiluvchi organlar tomonidan amalga oshirilayotgan harakatlar avvalo aholi orasida vaqtinchalik joriy qilingan choralarni tushuntirish va qonunbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan bo‘ladi, lekin ularni buzganlik uchun qat’iy choralar ko‘rilishi ta’kidlanib boriladi. Bundan qabul qilingan cheklovlarga insoniy munosabatni shakllantirish va har bir kishining huquqiy ongini yuksaltirish maqsadi ko‘zlanadi.
Osiyoda qonunlar o‘zgardi, karantindagilar «muhrlangan»

Hindistonda politsiyachilar yangicha formada / AFP
Osiyo mamlakatlarida ham qat’iy choralar nazarda tutilgan. Janubiy Koreya shifoxonaga yotqizish va karantin choralarini buzganlik uchun 10 million vongacha (qariyb 8,2 ming dollar) jarima solish yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi ko‘zda tutilgan.
Fevral oyi oxirida Janubiy Koreya koronavirusga qarshi kurashish uchun qonunlarga tuzatishlar kiritishga majbur bo‘ldi. Avval karantinni buzgani uchun bemorlarga 2,4 ming dollar miqdorida jarima solingan, ammo qonunlarga kiritilgan o‘zgartirishlar kuchga kirgach, sanksiyalar kuchaytirildi. Endi qonunbuzar fuqarolarni bir yilgacha qamoqxonaga yuborish mumkin bo‘ladi. Shuningdek, ular qamoq jazosidan tashqari 8,2 ming dollargacha jarima to‘lashga majbur.
BAAda karantin rejimini, xususan, 14 kunlik karantinni buzganlik uchun aybdor shaxs besh yilga ozodlikdan mahrum qilinadi va 13 mingdan 27 ming AQSH dollarigacha jarimaga tortiladi.
Singapurda yuqumli kasalliklar to‘g‘risidagi qonunni buzganlik uchun 10 ming Singapur dollari (taxminan 7 ming AQSH dollari qiymati) miqdorida jarima belgilanadi va shu bilan birga, 6 oylik qamoq jazosi ham ko‘zda tutilgan.
Hindistonda ham qat’iy choralar ko‘rilishi belgilangan. Karantinni buzganlik uchun ikki yillik qamoqqa qo‘shimcha ravishda, birinchi bo‘lib Maharashtra shtatining hokimligi va undan keyin boshqa bir qator shtatlar joriy qilganidek, o‘zini yakkalash rejimida bo‘lishi shart bo‘lgan shaxslarning chap qo‘liga o‘chirilmaydigan muhr qo‘yila boshlandi. Bunday muhrlangan shaxslar ko‘chada va boshqa joylarda paydo bo‘lsa, ular zudlik bilan qamoqqa olinadi.
Lotin Amerikasi mamlakatlarida mart oyi oxiridan boshlab komendantlik soatlari joriy etildi. Jumladan, Panama hukumati tomonidan noma’lum muddatgacha to‘liq karantin e’lon qilingan. Fuqarolar harakati va ommaviy tadbirlar cheklandi. Komendantlik soati kechki soat 17:00dan tonggi 5:00gacha qilib belgilangan. Ushbu talablarni buzish holatlari qamoqqa olinishga sabab bo‘lishi mumkin.
Argentinada karantin rejimining buzilishi 3 yildan 15 yilgacha qamoq jazosiga va 100 ming peso (1,6 ming AQSH dollari) miqdoridagi jarima solinishiga sabab bo‘ladi. «Vakolatli hukumat tomonidan epidemiyaning tarqalishi va yoyilishiga qarshi kurash choralari»ni buzganlar olti oydan ikki yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.
MDH mamlakatlarida ham qat’iy taqiqlar o‘rnatilgan. Rossiya Federatsiyasida karantin rejimini buzganlik uchun jarima 4 ming rubl, takroriy javobgarlikka tortilish asosi bilan – 5 ming rublni tashkil etadi. Masalan, 11 aprel kuni Moskvada ijtimoiy muloqot masofasini (kamida 1,5 metr oralig‘ida) saqlamaganlik uchun 1 358 kishi jarimaga tortildi. Qoidabuzarlar guruh bo‘lib yig‘ilishgan, shuningdek, jiddiy sababsiz (do‘konga, dorixonaga, poliklinikaga borish, it bilan aylanish, chiqindi tashlashdan tashqari) ko‘chalarda bo‘lishgan. O‘z navbatida, hukumatning rasmiy vakillari karantinni buzganlik uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirish maqsadida yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish masalasini muhokama qilmoqda.
Ukrainada agarda shaxs tomonidan karantin hududini tark etganlik aniqlansa yoki uning xatti-harakati kasallik tarqalishiga sabab bo‘lsa, bunday holatlar ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos hisoblanadi. Bunda huquqbuzar 1,7 ming grivna miqdorida jarimaga tortiladi yoki yarim yilgacha qamoqqa olinadi yo kamida besh yil (ko‘pi bilan sakkiz yil) ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Ukrainada qat’iy taqiqlar joriy etilgach ichki ishlar xodimlarining vakolatlarini kengaytirildi. Bu holat esa aholi e’tiroziga ham sabab bo‘ldi.
Biroq bu choralar talab va zarurat natijasida tatbiq etildi. Xuddi shunday, Xarkovdagi inson huquqlari guruhi Ukraina jamiyatining xavfsizlik nuqtayi nazaridan kelib chiqib, karantin cheklovlarini o‘rinli va maqsadga muvofiq deb hisoblaydi.
16 martdan boshlab Qozog‘iston hukumati favqulodda holat e’lon qildi. 19 mart kunidan Olma-Ota va Nur-Sulton shaharlari karantinga yopildi. Bundan tashqari, Nur-Sulton rasmiylari koronavirus bilan kasallanganlar yashaydigan uylarning kirish yo‘laklari, ya’ni pod’ezdlarni karantinga yopish to‘g‘risida qaror qabul qildi. 30 martdan boshlab Qozog‘istonning yana 6ta shahri: Atirau, Abay, Temirtau, Saran, Shaxtinsk va Qarag‘anda karantinga yopildi. Shuningdek, barcha jamoat joylari ham yopilgan.
Aholiga zarurat bo‘lmasa, uydan chiqmaslik tavsiya etildi. Oziq-ovqat yoki dori-darmon sotib olish uchun, shuningdek, tibbiy yordam zarur bo‘lsagina tashqariga chiqishga ruxsat beriladi. Uch kishidan ortiq bo‘lgan guruhlarda yig‘ilmaslik tavsiya etildi, bir oilaning a’zolari bu holatdan mustasno. 65 yoshdan oshgan kishilarga uydan chiqmaslik buyurildi.
Qozog‘istonda huquq-tartibot idoralari xodimlariga o‘z vakolatlari doirasida transport vositalarining marshrutlarini belgilash va karantin cheklovlarining bajarilishini nazorat qilish maqsadida, fuqarolar hujjatlarini tekshirish, ular bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazish huquqi berildi. Bu harakat davlatga karantin qoidalarini buzgan shaxslarni aniqlash va fuqarolarni infeksiya xavfidan himoya qilish uchun yordam hisoblanadi.
Shunday qilib, ko‘p davlatlarda karantin sharoitida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga karantin qoidabuzarliklarini aniqlash va ularning oldini olish uchun vaqtinchalik ixtiyoriy vakolatlar berilganini ko‘rish mumkin. Shu munosabat bilan, bunday tadbirlarning xolisligi va samaradorligi borasida juda ko‘p tortishuvlar yuzaga kelmoqda.
Biroq og‘ir epidemiologik vaziyatni hisobga olgan holda ko‘rilayotgan qat’iy choralar to‘la asosli bo‘lib, bu choralar mamlakat va umuman dunyo aholisining manfaati va sog‘ligini himoya qilishga qaratilgan.
Koronavirus pandemiyasi barcha mamlakatlar, shu jumladan, O‘zbekiston uchun ham jiddiy sinov. Ushbu og‘ir damlarda barchamiz – oddiy fuqarodan tortib davlat vakillarigacha, yagona umumiy maqsad – insonlar hayotini saqlab qolish va davlat tomonidan belgilangan talab hamda cheklovlarga qat’iy rioya qilish uchun birlashishimiz kerak.
Islombek RUSTAMBЕKOV
TDYUU prorektori,
Shohjahon XO‘JAYEV
TDYUU o‘qituvchisi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! TDYUU prorektori,
Shohjahon XO‘JAYEV
TDYUU o‘qituvchisi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar