09:30 / 06.09.2020
1 769

Koronavirus paradoksi: Afrikada o‘lim darajasining pastligi qashshoqlik bilan bog‘liqmi?

Koronavirus paradoksi: Afrikada o‘lim darajasining pastligi qashshoqlik bilan bog‘liqmi?
Foto: AFP
Afrikada koronavirus epidemiyasi sharoitida ajablanarli darajada kam sonli holat va o‘limlar qayd etilmoqda. Qiziq, qashshoqlik va gavjum sharoitda yashash bilan bu holat o‘rtasida bog‘liqlik bo‘lishi mumkinmi?

Ajabtovur gipoteza ilgari surilmoqda
Janubiy Afrikada koronavirusga chalinish bilan bog‘liq holatlar soni tezlik bilan pasaygani va qit’a miqyosida ham ko‘rsatkichlarning past darajasi kuzatilayotgani sababli mutaxassislar ajabtovur gipotezani ilgari sura boshlashdi.

Gavjum shaharlari, yomon gigiyena sharoitlari, ko‘plab oila a’zolarining bir joyda yashashi tufayli ijtimoiy masofa qoidalariga rioya qilishning imkonsizligi…

Mutaxassislar ushbu holat Afrikada koronavirusning tez tarqalishiga sabab bo‘lishi haqida bir necha oydan beri ogohlantirib kelishmoqda.
«Aholining zichligi juda muhim omil. Agar siz ijtimoiy masofani saqlay olmasangiz, virus oson tarqaladi», deydi Janubiy Afrika Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Covid-19 kengashi rahbari, professor Salim Abdul Karim.

Xo‘sh, buning aksi to‘g‘ri bo‘lib chiqsa-chi? Ushbu holat bir necha oydan buyon boshi qotgan mutaxassislarga jumboqning hayratomuz yechimini taklif qilsa-chi? Ya’ni qashshoqlik Covid-19’dan himoya qilsa-chi?

«Bu bir sir»
Epidemiyaning dastlabki bosqichlarida soha bilan bog‘liq barcha mutaxassislar va statistik modellar Afrikaning jiddiy muammolarga duch kelishi mumkinligi masalasida hamfikr edi.

Janubiy Afrikaning eng mashhur virusologi professor Shabir Madhi o‘shanda «Biz falokat jari tomon sudralyapmiz», degandi.
Hatto eng optimistik bashoratlar ham mamlakat shifoxonalari va qit’aning eng ilg‘or sog‘liqni saqlash tizimi tezlik bilan qulashini ifoda etardi.

Holbuki, epidemiyaning birinchi to‘lqinida Janubiy Afrikada Buyuk Britaniyadagi o‘lim ko‘rsatkichidan 7 baravar past ko‘rsatkich qayd etildi.

Bu yerda o‘limni qayd etish bilan bog‘liq muammo bo‘lgan, deb o‘ylagan taqdirimizda ham, Janubiy Afrikada va qit’adagi boshqa mamlakatlarning shifoxonalari bo‘sh qoldi. Bundan tashqari, dunyoning boshqa mamlakatlaridan farqli o‘laroq, koronavirus jadvallarida keskin ko‘tarilish va pasayish holatlari kuzatilmadi.

«Afrikaning aksariyat mamlakatlarida yuqori cho‘qqilarni ko‘rmayapmiz. Buning sababini esa tushuna olmayapman», deydi professor Abdul Karim.
Professor Madhi ham hayratda: «Bu bir sir, bu aql bovar qilmaydigan holat».

GETTY IMAGES
Mutaxassislar bugungi kunga qadar Afrikada epidemiyalarning past ko‘rsatkichi yosh aholi omili bilan bog‘liq deb ta’kidlab kelishardi. Chunki qit’adagi o‘rtacha yosh Yevropa ko‘rsatkichining yarmiga teng.

80 yoshdagi afrikaliklar soni juda ozligi ham virusning salbiy oqibatlaridan ta’sirlanish ehtimolini kamaytirmoqda.
Toni Bler global o‘zgarishlar institutining mintaqaviy vakili Tim Bromfild bu holatni shunday izohladi: «Yosh eng katta xavf omilidir. Afrikaning yosh aholisi bundan himoyalangan».

Biroq epidemiya cho‘zilib borgani sari statistik ma’lumotlar ko‘paymoqda va endilikda mutaxassislar Afrikadagi vaziyatni faqat yosh aholi bilan izohlashdan tiyilishmoqda.

Professor Karimning so‘zlariga ko‘ra, yosh unchalik katta omil emas.

Janubiy Afrika va boshqa ko‘plab mamlakatlarda epidemiyaga qarshi dastlab keskin choralar ko‘rilgani muhim rol o‘ynadi. Niqob va kislorod bilan ta’minlash masalasi jamoatchilikka to‘g‘ri yetkazilgani ham katta ahamiyat kasb etdi.

Ba’zilar aytib o‘tgan yuksaklik va issiq iqlim ta’siri unchalik ko‘zga tashlanmadi.

Ba’zi ekspertlar esa qit’aning kattaligi va transport aloqalarining rivojlanmaganini vaqtni tejaydigan omillar sifatida baholamoqda va kelgusi oylarda epidemiya kuchayishini taxmin qilishmoqda.

«Men Afrika eng yomon davrni ortda qoldirdi, deb ayta olmayman. Ammo bir kun epidemiya bu yerda dahshatli darajada tarqalishiga ham amin emasman», dedi professor Karim.


Qanday ehtimollar ko‘rib chiqilmoqda?
Janubiy Afrikaning Soveto shahridagi kasalxonada vaksina va yuqumli kasalliklarni tahlil qilish bo‘limi tadqiqotchilari qit’adagi pandemik jumboqning grippni keltirib chiqaradigan boshqa koronaviruslar bilan aloqadorligini tekshirmoqdalar.

Buning uchun ular Yoxannesburgda -180 darajada saqlangan besh yillik qon namunalarini tekshirishga qaror qilishdi.

GETTY IMAGES
Ular «Grippni keltirib chiqaradigan koronavirus turlarining aholi orasida tez tarqalishi orqali Covid-19’ga qarshi immunitetga ega bo‘lish mumkinmi?» degan savolga javob izlamoqdalar.

«Bu bir gipoteza. O‘tmishdan meros immunitetning ma’lum darajasi epidemiyaning nima uchun bu yerda keng tarqalmaganiga oydinlik kiritishi mumkin», deydi professor Madhi. U AQSHdagi tadqiqot ma’lumotlari ushbu tezisni qo‘llab-quvvatlayotganini ham bildirdi.

Gripp butun dunyoda keng tarqalgan. Janubiy afrikalik tadqiqotchilar kasalliklarni keltirib chiqaradigan viruslar olomon muhitida yaxshiroq tarqalgani sababli qashshoqlik hukm surgan hududlarda yashovchilar ushbu viruslarga ko‘proq chalinishi va Covid-19’ga qarshi immunitetga ega bo‘lishi mumkinligi bilan bog‘liq ehtimolni ko‘rib chiqishmoqda.

Xuddi shunday holat Hindiston kabi davlatlarda ham kuzatilishi mumkin.

Professor Madhining ta’kidlashicha, Afrikada aholi zichligi yuqori bo‘lgan hududlarda Covid-19’dan himoyalanish darajasi kuchliroq bo‘lishi ehtimoli mavjud. Aksariyat odamlarda hech qanday alomatlar kuzatilmayotgani yoki ular kasallikni yengil kechirayotgani ham shu bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Asimptomatik va yengil holatlarning soni ko‘p
«Bu qadar ko‘p simptomsiz odamlarni boshqacha izohlay olmayman. Raqamlar juda yuqori», deydi Madhi.
Biroq ushbu nazariyaga shubha bilan qaraydiganlar kambag‘allar soni ko‘p bo‘lgan Braziliyada epidemiya bilan bog‘liq qo‘rqinchli raqamlarni ko‘rsatishi mumkin.

Ayni paytda eski qon namunalari tahlil qilinadigan laboratoriyada muammo yuzaga kelgan.

Namunalar bo‘yicha tekshirishlar shuni ko‘rsatadiki, ular saqlanadigan idishlarning harorati vaqt o‘tishi bilan o‘zgarib turadi. Bu esa tadqiqotlarni puxta o‘tkazishni imkonsiz qilmoqda.

«Hafsalamiz pir bo‘ldi. Biz tayyorgarlik ishlarini olib borgandik, ammo bu sodir bo‘ldi», deydi tadqiqotni olib borgan shifokor Gaurav Kvatra.

Jamoa tadqiqotni yangi namunalar ustida davom ettirmoqda. Biroq bu bir necha oy davom etishi mumkin. Bu orada esa Afrikadagi nisbatan yumshoq epidemiyaning jumboqlari ochiqligicha qolishda davom etadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Koronavirus paradoksi: Afrikada o‘lim darajasining pastligi qashshoqlik bilan bog‘liqmi?