Foto: Getty Images
2021 yil adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti «madaniyatlar va qit’alar orasidagi jarlikda mustamlakachilik oqibatlari va qochqinlar taqdirini murosasiz va rahmdillik bilan aks ettirgani uchun» tanzaniyalik yozuvchi Abdurazzoq Gurnaga berildi. 73 yoshli yozuvchi mukofot tariqasida 10 million shved kroni (taxminan 1 million 140 ming AQSH dollari)ni qo‘lga kiritdi.
«Uning romanlarni stereotipik ta’riflardan xoli va ular bizga dunyoning boshqa joylaridagi ko‘plab insonlarga tanish bo‘lmagan Sharqiy Afrikani ochib beradi», deyiladi qo‘mita bayonotida.
Abdurazzoq Gurna kim?
Gurna 1948 yilda Sharqiy Afrika qirg‘og‘idagi Zanzibar shahrida tug‘ilgan. U boshlang‘ich ta’limini ingliz maktablarida oladi. Bolalik paytida Qur’on kursida o‘qiydi va arab tilini o‘rganadi.
Gurnaning ona tili suaxili tili hisoblanadi. U yoshligida Zanzibar qo‘zg‘oloni (1964) va sotsialistik tuzumning shiddatli yillariga guvoh bo‘ladi. 1968 yilda Angliyaga ketadi. Oliy ma’lumotni Kent universitetida oladi. Doktorlik dissertatsiyasida (1982) Sharqiy Afrika, Karib dengizi va Hindiston adabiyotidagi mustamlakachilik mavzusini tahlil qiladi va postkolonial adabiyot bo‘yicha ixtisoslashadi.
U o‘zining birinchi romani «Memory of Departure» («Ketish xotirasi», 1987)da Afrikada o‘tgan yoshlik yillaridan so‘ng mamlakatni tark etgan Hasan obrazining xotirasidan joy olgan Afrika qiyofasini postkolonial davrning shaxsiyat muammolari nuqtayi nazaridan kelib chiqib aks ettiradi.
Ikkinchi romani «Pilgrim’s Way» («Hojilar yo‘li», 1988)da Angliyaga yaxshi hayot umidida kelgan tanzaniyalik Dovud immigrantlarga qarshi munosabatga duch kelgani tufayli paranoyani boshdan kechiradi va u chorani Tanzaniyadagi o‘tmishini butunlay yo‘q qilishdan qidiradi.
Xuddi shunday begonalashuv muammosini «Dottie» (1990) asarida Dotti Badoara Fotima Balfur xarakteri misolida muhokama qiladi. Fotima Balfurning gibrid identifikatori – irqchilik va millatchilik quvg‘in-muhojir qahramonlarga shikast yetkazuvchi ta’sirga ega ekanligining yorqin ramzidir.
«Paradise» («Jannat», 1994)da Gurna Qur’onda keltirilgan Yoqub o‘g‘li Yusuf alayhissalom haqidagi hikoyani 1900-1914 yillar orasidagi Sharqiy Afrika timsoliga moslashtiradi.
Yozuvchi Afrikadagi qullik, tarixni buzish va islomofobiya kabi mustamlakachilik nutqi stereotiplarini muhokama qilar ekan, Yusuf hikoyasi bir tomondan despotizm, ikkinchi tomondan esa mustamlakachilikni tanqid qilish kabi ikki tomonlama vazifani bajaradi.
«By the Sea» («Dengiz sohilida», 2001) asarida esa imperial ta’lim va Afrikaning mahalliy urf-odatlari orasidagi paradokslar qalamga olinadi.
«Admiring Silence» («Sukunat hayrati», 2018) asarining ismsiz hikoyachisi ham o‘z yurtini tashlab ketgan zanzibarlik dissident bo‘lib, u Buyuk Britaniyada turmush qurgach, o‘qituvchilik faoliyati bilan shug‘ullanadi.
Abdurazzoq Gurna romanlardan tashqari, Salmon Rushdiy, Entoni Byordjess, Jozef Konrad, Vidiadhar Surajprasad Naipaul, Zoye Vikomb kabi mualliflar haqida yozilgan bir qancha adabiy-tanqidiy asarlarning ham muallifi sanaladi.
O‘tgan yili nima bo‘lgandi?
Shvetsiya akademiyasi a’zolari 2020 yil amerikalik shoira Luiza Glyukni adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti bilan taqdirlashgandi. Bayonotda Glyuk «o‘zining betimsol go‘zalligi bilan individual shaxsiyatni umumbashar doirasiga olib chiqa olgan mukammal she’riy ovozi» uchun mukofotga loyiq deb topilgani aytiladi.
Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti
Ma’lumot uchun, adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti 1901-2021 yillar davomida jami 114 marta berilgan. 118 kishi loyiq ko‘rilgan mazkur mukofotning to‘rttasi ikki muallif o‘rtasida taqsimlangan. 2006 yilda adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga loyiq ko‘rilgan O‘rxon Pamuq turk dunyosining Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan ilk yozuvchisi sanaladi. “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash alyansiga 82 mamlakat a’zo bo‘ldi
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi
Xatolar va mag‘lubiyatlar... ular kechiriladimi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi