16:02 / 05.01.2022
7 219

Qozog‘iston bo‘yicha so‘nggi ma’lumotlar: Narxlar pasaytirildi, hukumat iste’foga chiqdi

Qozog‘iston bo‘yicha so‘nggi ma’lumotlar: Narxlar pasaytirildi, hukumat iste’foga chiqdi
Pavel Mixeyev / Reuters / Scanpix / LETA
Qozog‘istonni qamrab olgan ommaviy namoyishlar fonida hukumat iste’foga chiqdi. Chorshanba tongida prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev iste’fo haqidagi farmonini imzoladi va energetika vazirligi hamda milliy neftgaz kompaniyalarini «xalqda norozilik kayfiyati uyg‘onishiga yo‘l qo‘yish»da aybladi. Ammo mamlakatda namoyishlar to‘xtamayapti.

«Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasining 70-moddasiga muvofiq qaror qilaman: Qozog‘iston Respublikasi hukumati iste’fosi qabul qilinsin», deyiladi farmonda.

Bosh vazir vazifalarini bajarish vaqtincha iste’foga chiqqan hukumatda bosh vazir birinchi o‘rinbosari bo‘lgan Alixan Smailovga yuklatilgan.

Qozog‘istonda yangi davlat kotibi ham tayinlangan. Bu lavozimda prezidentning sobiq yordamchisi Yerlan Karin ish boshladi, u Krimbek Kusherbayevni almashtirdi. Prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Murat Nurtleu esa Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan.

Chorshanba tongidagi yig‘ilishdan keyin prezident To‘qayev mamlakatda ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan tovarlar, jumladan benzin va dizel narxlarini davlat tomonidan tomonidan tartibga solish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Shuningdek, bosh prokuratura hamda antimonopol qo‘mitaga ehtimoliy narx kelishuvi bo‘yicha holatni tekshirish topshiriq qilindi.

Bundan tashqari, u 180 kun muddatga aholi uchun kommunal xizmatlar tariflarini oshirishga moratoriy joriy etishga buyruq bergan.

Prezidentning reaksiyasi
Seshanba kuni Qozog‘iston prezidenti mamlakatning yirik shahri Olmaota hamda Mang‘istau oblastida favqulodda holat e’lon qilgandi, bu hududlarda yonilg‘i narxi oshishiga qarshi norozilik aksiyalari davom etmoqda.

Favqulodda holat rejimi 19 yanvarga qadar amal qiladi. Prezident farmoni kechki soat 23:00dan ertalabki soat 7:00ga qadar komendantlik soatini joriy etishni, shuningdek, ommaviy tadbirlarni taqiqlash va odamlar hamda transport harakatini cheklashni ham nazarda tutadi.

Avvalroq To‘qayev videomurojaat qilib, namoyishchilarni aql bilan ish ko‘rishga, ichki va tashqi ig‘volarga berilmaslikka, qonunga qarshi harakatlar sodir etmaslikka chaqirgandi.

Prezident matbuot kotibi Berik Vali tomonidan feysbukka joylangan murojaatda To‘qayev «hukumat namoyishlardan qulamasligi, Qozog‘istonga mojaro emas, o‘zaro ishonch va muloqot kerakligi»ni ta’kidladi.

«Aziz vatandoshlar, yana bir bor sizdan aql bilan ish ko‘rishni, ichki va tashqi ig‘volarga berilmaslikni, mitingchilar va o‘zboshimchaliklar eyforiyasiga uchmaslikni so‘rab, murojaat qilyapman.

Davlat muassasalari va harbiy ob’ektlarga hujum qilishga chaqiriqlar mutlaqo noqonuniy hisoblanadi. Bu jazoga tortishga olib kelishi mumkin bo‘lgan jinoyatdir
», degan u.

To‘qayev tvitterdagi sahifasi orqali chorshanba kuni hukumat yig‘ilishi o‘tkazilishini, unda namoyishchilarning talablari muhokama etilishini va’da qilgandi.

Namoyishlar qanday boshlandi?

Ruslan Pryanikov / AFP / Scanpix / LETA
1 yanvar kunidan hukumat suyultirilgan gaz narxini ikki baravarga - 60 tengedan 120 tengega (taxminan 1500 so‘mdan 3000 so‘mga) ko‘targandi.

2 yanvar kuni Qozog‘istonning Mang‘istau oblasti Janao‘zen shahrida avtomobil egalari bundan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqishdi.

3 yanvar kuni hukumat namoyishchilar talablarini bajara olmasligini bildirdi - narxlarni avvalgi holatga qaytarish mumkin emasligi, chunki bu «bozor qonunlari»ga to‘g‘ri kelmasligini aytishdi.

Ko‘p o‘tmay Aqtau oblasti markazida namoyishlar boshlandi, keyingi kunlarda namoyishlar to‘lqini Qozog‘istonning boshqa barcha yirik shaharlariga, jumladan poytaxt Nur-Sulton va avvalgi poytaxt Olmaotaga ham yoyildi. Ko‘p holatlarda tinch namoyishlar politsiya bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketdi.

4 yanvar kuni hukumat komissiyasi mitingchilarga gaz narxini 50 tengega tushirishni va’da qilishdi va ular javobgarlika tortilmasligiga kafolat berishdi. Mamlakat prezidenti ham tvitteri orqali narxlar tushirilishini tasdiqladi. Shunga qaramay, namoyishchilar tarqalishdan bosh tortishdi.

Shu kuni Olmaotada politsiya meriyasi binosini qamal qilgan yuzlab namoyishchilarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz va shovqinli granatalar qo‘lladi.

AFP agentligining Olmaotada faoliyat ko‘rsatuvchi jurnalistlari bir necha namoyishchi va politsiyachini kichik jarohatlar bilan shifoxonaga olib ketishgani, shuningdek tartibsizliklar ishtirokchilaridan bir qanchasi qo‘lga olingani haqida xabar berishgan.

Zakon.kz portali xabariga ko‘ra, seshanba kuni kechqurunga kelib politsiyachilar Respublika maydoniga yig‘ilgan mitingchilarni chekintirishgan, shu bilan birga tartibsizliklar davomida politsiyachilarning bir necha mashinalari yoqib yuborilgan.

Guvohlar va korrespondentlar Olmaotada tunda ham portlashlar ovozi eshitilishi davom etgani haqida xabar qilishgan.

Vladimir Tretyakov / AP / Scanpix / LETA
Internet faoliyatida muammolar
Namoyishlar fonida internet foydalanuvchilari ijtimoiy tarmoqlar faoliyatidagi uzilishlar haqida xabar qilishdi. Olmaotada va Nur-Sultonning ayrim qismlarida internet bloklangan, WhatsApp, Telegram va Signal messenjerlari ishlamay qolgan.

«Bilayn» mobil operatori mobil internet xizmatlari «kompaniyaga bog‘liq bo‘lmagan sabablar» bilan ishlamay qolganini ma’lum qilgan. Kcell mobil operatori muammoni hukumatning xavfsizlikni ta’minlash borasidagi harakatlari bilan izohlagan. Avvalroq ikki nashr — KazTAG va Orda.kz — blokirovka haqida xabar qilib, buni namoyishlar yoritilishi bilan izohlagandi.

Hukumat yon berishiga qaramay namoyishlar to‘xtamayapti

Olmaota markaziga yo‘l olgan namoyishchilar / Reuters
Aqtauda mitingchilar mamlakat prezidenti bilan uchrashuv tashkil etishni talab qilishdi, boshqa shaharlarda hukumat iste’fosi va xalq turmush darajasini oshirish bo‘yicha talablar yangray boshladi. Xususan, mamlakatning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev hokimiyatdan butunlay ketishini talab qilishmoqda.

Janao‘zendagi namoyishchilar hukumatga 5 talab qo‘yishgan:
- Rejim almashishi;
- Har bir oblast va shaharda akim (hokim) saylovlarini o‘tkazish;
- 1993 yilgi Konstitutsiyani qaytarish;
- Huquq faollari ta’qib qilinmasligi kerak;
- Oblastlarda hokimiyatga mavjud tizimga mansub bo‘lmagan odamlar kelishi kerak.

Ijtimoiy tarmoqlarda Qozog‘iston xalq qo‘mitasi talablari aks etgan varaqa nusxasi tarqaldi:

Aqto‘be va Uralsk shaharlari aholisi tunni markaziy maydonlarda o‘tkazishga qaror qilgan. Ko‘plab shaharlarda ma’muriy binolar oldida namoyishchilar gulxan yoqib, chodirlar tikishdi, aholi ularni oziq-ovqat bilan ta’minlamoqda.

5 yanvar kuni Olmaota markazida namoyishchilarning politsiya bilan to‘qnashuvlari davom etdi. Respublika maydoniga 10 mingga yaqin kishi kelgan, ko‘plab namoyishchilar rezina dubinkalar bilan qurollangan va ular hokimiyat binosini qamal qilishgan. «Interfaks» agentligi xabariga ko‘ra, politsiyachilar shovqinli granatalar qo‘llab, himoyalanmoqda.

Olmaota, Taroz va Chimkentda namoyishchilar hokimiyat binolarini qamal qilib egallashga urinmoqda.

Olmaota hokimiyati atrofiga BTR va maxsus texnikalar keltirilgan. Namoyishchilarga rezinali o‘qlar otilmoqda.

Olmaota jamoat sog‘ligini saqlash boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, shahardagi shifoxonalarga 190 kishi tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ulardan 137 nafari politsiyachilar, 53 nafari tinch aholi vakillari.

Qozog‘iston IIV ma’lumotiga ko‘ra, namoyishlar vaqtida 200dan ortiq kishi qo‘lga olingan.

Olmaotada 33ta maxsus texnikaga o‘t qo‘yilgan yoki buzib tashlangan, shundan 16tasi politsiyachilarniki, 7tasi - tez tibbiy yordam mashinalari, 2tasi o‘t o‘chirish mashinasi, 7tasi yuk mashinasi va bittasi benzovoz.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qozog‘iston bo‘yicha so‘nggi ma’lumotlar: Narxlar pasaytirildi, hukumat iste’foga chiqdi