Fotokollaj: Kun.uz
Rossiya-Ukraina urushi boshlanganiga 5 kun bo‘ldi. Bu vaqtda yarim million ukrain o‘z yurtini tark etib, qo‘shni davlatlarga ketishga majbur bo‘ldi. Yana qancha odam mamlakat ichida yashash joyini o‘zgartirgan. Urush jami 18 mln ukrainning hayotiga ta’sir qilishi taxmin qilinyapti.
Ukrainlar chegarani kesib o‘tib, Polsha, Ruminiya, Slovakiya, Vengriya va Moldovaga qarab yo‘nalishmoqda. BMT ma’lumotiga ko‘ra, 28 fevral holati bo‘yicha 500 mingdan oshiq ukrainlar bu mamlakatlarga yetib olgan. Polshaning o‘zi hozirgacha 280 ming ukrainni qabul qildi, kuniga 50 ming ukrain bu davlatga kirib kelyapti.
Yevropa Ittifoqi prognoziga ko‘ra, Rossiya hujumi sabab 4 mln.ga yaqin ukrainalik o‘z mamlakatini tark etishga harakat qiladi.
Polsha ukrainlar uchun xizmat ko‘rsatishi mo‘ljallangan tibbiy poyezdlar tashkil qilyapti. Ular murojaat qilishi uchun 1,2 mingdan ortiq shifoxonalar ro‘yxati ham tuzib chiqildi.
Ukrainlardan qo‘shni davlatlarga kirish uchun alohida hujjat talab qilinayotgani yo‘q. Biroq fuqarolik va xorijga chiqish pasporti, bolalarning tug‘ilganlik guvohnomasi, tibbiy hujjatlar bo‘lishi tavsiya etiladi.
Ular qo‘shni davlatlarda qochqin maqomini olishi uchun yoki Ukraina fuqarosi, yoki mamlakatda qonuniy yashayotgan, yoki bo‘lmasa, xorijlik talaba bo‘lishlari zarur.
Foto: AFP/Getty Images
Chegaralardagi ba’zi punktlarda navbatlar kilometrlarga cho‘zilib ketgan, u yerda odamlar kunlab kutib qolishiga to‘g‘ri kelyapti.
Chegaradan o‘tayotgan ukrainlarga qanday yordam berilyapti?
Polsha va Ukrainaning boshqa chegara davlatlari bu hududlarda biror do‘sti yoki yaqinlari bo‘lmagan qochqinlarga qabul qilish markazlarida qolishlariga ruxsat berdi. Bu yerda ularga oziq-ovqat berilyapti va tibbiy xizmat ko‘rsatilyapti.
Vengriya va Ruminiya esa ukrainalik qochqinlarga kiyim-kechak va oziq-ovqat uchun naqd pul beryapti. Bolalarga mahalliy maktablardan joy ajratilgan.
Chexiya migratsiya to‘lqiniga tayyorgarlik rejasini faollashtirdi. Bu rejaga ko‘ra, ularga mamlakatda qolishlari uchun maxsus vizani osonlashtirilgan tarzda olish imkoni beriladi.
Odatda, mamlakatlar qochqinlarni qabul qilish markazlarida ularning qolishi uchun ma’lum vaqtlik muddat belgilab qo‘yishadi. Biroq ular ukrainlar qancha qolishga ehtiyoji bo‘lsa, shuncha qolishlari mumkinligini bildirishmoqda.
Buyuk Britaniya ukrainaliklarning britan millatiga mansub qarindoshlari bo‘lsa, bu davlatga ham kelishlari mumkinligini bildirgan. Hozir Kiyevdagi protsessing markazi yopilgan, biroq Lvov shahridagi ofis ishlayapti. Bundan tashqari, qo‘shni davlatlardan turib ham Buyuk Britaniyaga ketish uchun murojaat qilish mumkin.
Mamlakat ichida ko‘chishga majbur bo‘luvchilar
BMTning baholashicha, kamida 160 ming odam portlashlar xavfidan qochib, Ukrainaning boshqa joyiga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘lgan. Yevropa Ittifoqi bu raqam 7 mln.gacha chiqishi mumkinligini taxmin qilyapti.
Jami 18 mln ukrainning hayotiga (Ukraina aholisi 41 mln.dan oshiq) bu urush ta’sir o‘tkazadi.
Foto: AFP/Getty Images
“Garchi bu raqamlar juda yirik, baholash esa qo‘pol tuyulayotgan bo‘lsa-da, biz bu favqulodda vaziyatga tayyor turishimiz kerak”, – deydi Gumanitar yordam va inqiroz menejmenti bo‘yicha Yevropa komissari Janez Lenarsik.
Ukrainalik migrantlarga qanday huquqlar beriladi?
BBC’ning YEI va Fransiya rasmiylariga tayanib yozishicha, ayni paytda Yevropa Ittifoqi urush sabab mamlakatini tark etgan ukrainlarga blokka a’zo bo‘lgan 27 ta davlat hududida 3 yilgacha yashash va ishlash huquqini berishga tayyorlanmoqda. Bundan tashqari, ukrainlar ijtimoiy ta’minot, uy-joy, tibbiy xizmat va bolalarining maktabga joylanishi kabi imkoniyatlarga ega bo‘lishadi.
Bu Yevropa Ittifoqining 1990 yillardagi Bolqon urushidan keyin ishlab chiqilgan, ammo hozirgacha foydalanilmagan qochqinlarni vaqtinchalik himoya qilish direktivasiga mos keladi.
Rossiya-Ukraina urushi1, Ukraina1, Ukrainalik qochqinlar1, Qochqin maqomi1, Migrant1 Ukraina va Rossiya urushi “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
Shavkat Mirziyoyev Rossiya bosh prokurori bilan uchrashuv o‘tkazdi