Asal – foydali xususiyatlari sanoq bilmaydigan tabiiy mahsulot. Biroq uni har kuni isteʼmol qilish ayrim holatlarda organizmga zarar yetkazib qo‘yishi ham mumkin. Asal qancha miqdorda va qanday holatlarda isteʼmol qilinsa, siz uchun foydali bo‘ladi? Quyida shu masalaga oydinlik kiritamiz.
Asalning qanday foydali xususiyatlari mavjud?
Asal metabolizmni tezlashtiradi, xolesterin miqdorini kamaytiradi va buning hisobiga ozishga ko‘maklashadi. Biroq, ozish niyatida bo‘lgan insonlar to‘g‘ri ovqatlanish, sog‘lom uyqu va jismoniy faollik meʼyorlarini ham hisobga olishlari lozim. Asal sanab o‘tilgan qoidalarga amal qilingan holatdagina immun tizimini mustahkamlaydi. Yaʼni ozish jarayonida sizga ko‘maklashuvchi asosiy vosita bo‘la olmaydi, biroq ajoyib yordamchiga aylanadi. Asal antioksidantlar hisobiga organizmdagi toksinlarni yo‘q qiladi, natijada terining umumiy holati yaxshilanadi.
Tabiiy asal tarkibi
Asal foliy kislotasi hamda flavonoidlarga boy mahsulot bo‘lib, inson organizmiga infeksiya va viruslarga qarshi kurashishga yordam beradi. Kasalliklardan tuzalish vaqtida vitaminlarni qayta tiklashga ko‘maklashadi. Asal tarkibidagi glyukoza mushaklarni bo‘shashtiradi va ruhiy holatni yaxshilaydi. Ushbu mo‘jizaviy mahsulot asabiylikning oldini oladi, moychechakli choyga qo‘shib isteʼmol qilinganda uyqu davomiyligi va sifatiga ham ijobiy taʼsir ko‘rsatadi.
Asab tarkibidagi askorbin va nikotin kislotasi, kalsiy, V guruhi vitaminlari miya faoliyatini rag‘batlantiradi.
Asal isteʼmolining meʼyori qancha?
Shifokorlar asalni ushbu mahsulotning organizm tomonidan o‘zlashtirilish darajasi va yoshingizdan kelib chiqib isteʼmol qilishni maslahat berishadi. Misol uchun, katta yoshli odamlarga kuniga 2-2.5 oshqoshiq (o‘rtacha 50 gr), bolalarga – 2 oshqoshiq (15 gr), keksalarga – 1-1.5 oshqoshiq (25 gr) asal isteʼmoli tavsiya etiladi.
Asal organizmga salbiy taʼsir ko‘rsatishi ham mumkin
Asal isteʼmolida meʼyorga amal qilish o‘ta muhim, yo‘qsa uning tarkibidagi shakar qondagi glyukoza miqdorini oshirib yuboradi. Bu esa qandli diabetning rivojlanishiga sabab bo‘lishi hech gap emas. Shifokorlar shuningdek, asalni 40°S dan yuqori haroratda qizdirish, uni issiq ichimliklarga qo‘shib isteʼmol qilish mumkin emasligini aytishadi. Boisi, asal yuqori haroratda qizdirilganda oshqozon salomatligiga jiddiy zarar yetkazadi.
Kimlarga asal isteʼmol qilish tavsiya etilmaydi?
Asal tabiiy mahsulot hisoblansa-da uni bir yoshga to‘lmagan bolalarga berish mumkin emas. Sababi, kichik yoshli bolalarda ichaklarning himoya mexanizmi hali to‘liq shakllanmagan bo‘ladi. Asal esa allergen mahsulot bo‘lgani bois bolalar organizmida keskin reaksiyani keltirib chiqarishi mumkin.
Allergiyaga moyilligi bor odamlarga ham har kuni asal isteʼmol qilish mumkin emas. Shifokorlar shuningdek, oshqozon osti bezi, oshqozon yarasi va gastrit kasalliklaridan aziyat chekuvchi bemorlarga ham asal isteʼmol qilmaslikni maslahat berishadi, uning tarkibi vaziyatni yanada jiddiylashtirib yuborishi mumkin.
Har qanday mahsulotni kundalik ratsionga kiritishda oltin o‘rtalikni topa bilish muhim ahamiyatga ega. Asal qarshi ko‘rsatmalar bo‘lmagan holatda va meʼyorida isteʼmol qilinganda organizmga katta foyda keltiradi. Viruslar keng tarqaladigan sovuq kunlarda asal isteʼmol qilish immunitetni oshiradi. Shuning uchun ham ushbu mahsulotni kuz-qish faslida har kuni va meʼyorida isteʼmol qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring