Oksford universiteti olimlarining ma'lumotlariga koʻra, kundalik sut iste'molini oshirish saratonning oldini olishda oddiy va qulay usul boʻlishi mumkin.
Ichak saratoni dunyoda eng koʻp tarqalgan uchta onkologik kasalliklardan biri hisoblanadi. Bu kasallikka chalinish holatlarining yarmidan koʻpini, shunchaki, sogʻlom turmush tarzini yuritish orqali cheklash mumkin. Asosiy xavf omillari qatoriga tamaki chekish, jismoniy faollik etishmasligi, spirtli ichimliklarni me'yoridan ortiq iste'mol qilish, qayta ishlangan goʻsht mahsulotlarini iste'mol qilish va nosogʻlom ovqatlanish kiradi.
Yangi tadqiqot parhez va kasallikning rivojlanish xavfi oʻrtasidagi aloqani oʻrganishda eng yirik izlanishlardan biri boʻldi. U ratsiondagi kichik oʻzgarishlar sezilarli foyda keltirishi mumkinligini koʻrsatdi. Masalan, kunlik bir stakan sut ichishdan tashqari, alkogol va qizil goʻsht iste'molini kamaytirish ham saratonning oldini olishda yordam berishi mumkin.
Mutaxassislarning aniqlashicha, kuniga qoʻshimcha 20 gramm spirtli ichimlik iste'mol qilish ichak saratoni xavfini 15 foizga oshiradi. Har kuni 30 grammdan ortiq qizil va qayta ishlangan goʻsht iste'mol qilish esa xavfni 8 foizga koʻtarishi ma'lum boʻldi.
Olimlar ichak saratoni xavfiga sutning ta'sirini baholash uchun ikki bosqichli yondashuvni qoʻlladi. Avval ular 542 mingdan ortiq ayolning genetik ma'lumotlarini tahlil qildi. Bunda katta yoshda laktozani hazm qilish qobiliyati bilan bogʻliq genetik variantlarga alohida e'tibor qaratildi. Soʻngra tadqiqotchilar ishtirokchilarning kunlik sut iste'moli haqidagi ma'lumotlarni oʻrganib chiqdi.
Natijalar ajoyib: kuniga qoʻshimcha ravishda 244 grammlik bir stakan sut ichish ichak saratoni xavfini 17 foizga pasaytirishi aniqlandi. Bu ta'sir barcha turdagi — yogʻli, yogʻsizlantirilgan va yarim yogʻli sutlar iste'mol qilinganda kuzatildi.
Qizigʻi shundaki, sutning himoya ta'siri boshqa omillarga — turmush tarzi yoki ovqatlanish rejimiga aloqador boʻlmagan.
Bunday ta'sirning aniq sabablari hali toʻliq oʻrganilmagan boʻlsa-da, olimlar bir nechta farazlarni ilgari surmoqda. Birinchidan, sut tarkibida kaltsiy koʻp boʻlib, u ichakdagi potentsial zararli moddalarni oʻziga bogʻlashi va zararli hujayralarning nobud boʻlishiga yordam berishi ma'lum.
Ikkinchidan, koʻpgina sut mahsulotlari hujayra oʻsishini boshqaradigan va saratonga qarshi xususiyatlarga ega boʻlgan D vitaminini oʻz ichiga oladi. Bundan tashqari, sutdagi laktoza yalligʻlanishga va saratonga qarshi ta'sir koʻrsatuvchi modda — butirat ishlab chiqaradigan foydali bakteriyalarning koʻpayishiga yordam beradi.
Shuningdek, sut tarkibida kon'yugirlangan linol kislotasi mavjud boʻlib, 2021 yildagi laboratoriya tadqiqotlarida u saratonga qarshi xususiyatlarga ega boʻlishi mumkinligi aniqlangan.
Biroq sut hammaga ham mos kelmaydi. Laktozani koʻtara olmaslik, sut mahsulotlariga allergiya yoki boshqa parhez cheklovlari boʻlgan kishilar ovqatlanish tartibini oʻzgartirishdan oldin, albatta shifokor bilan maslahatlashishi lozim. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar