date
views 111

Qaynoq suvni rakovinaga to‘kish zararlimi? Mutaxassislardan muhim tavsiyalar

Qaynoq suvni rakovinaga to‘kish zararlimi? Mutaxassislardan muhim tavsiyalar
Kartoshka, tuxum yoki makaron mahsulotlarini pishirib bo‘lgach, ko‘pchilik odamlar qolgan qaynoq suvni rakovinaga to‘kib yuboradi. Biz bu harakatimiz bilan quvurlarni iflosliklardan tozalashga yordam beramiz deb o‘ylaymiz. Biroq, haqiqatda vaziyat umuman boshqacha ekani ma’lum bo‘ldi.

Muammoning asl sababi shundaki, zamonaviy uy-joylarda kanalizatsiya tizimlari asosan plastik polimer materiallardan tayyorlanadi. Masalan, uyimizdagi sifonlar va quvurlarning ko‘pi polivinilxlorid (PVX) dan yasalgan bo‘lib, ushbu materialning maksimal chidamlilik harorati 65°C atrofida. Bu haroratdan yuqori bo‘lgan suvlar materialni yumshatib yuboradi va deformatsiyani keltirib chiqaradi. Ayniqsa, suv harorati keskin o‘zgarsa, rezinali ulagich qismlari germetiklikni yo‘qotib, oqib ketishi mumkin.

Bundan tashqari, quvur va sifonlarni tayyorlashda polipropilen ham ko‘p ishlatiladi. Bu material esa 80°C gacha bo‘lgan issiqlikka chidamli. Albatta, PVX va polipropilen qisqa vaqt ichida 95°C gacha bo‘lgan yuqori haroratga dosh berishi mumkin, ammo bu holat muntazam ravishda takrorlansa, jiddiy zararlarga olib keladi. Ayniqsa, quvurlar diametri kichik bo‘lsa (40–50 mm atrofida) va ularda oziq-ovqat qoldiqlari yig‘ilib qolgan bo‘lsa, ularning qisman torayishi yuqori harorat ta’sirida deformatsiyani kuchaytirib yuboradi.

Mutaxassislar aytishicha, qaynagan suvni to‘g‘ridan to‘g‘ri rakovinaga to‘kish o‘rniga uni kamida 10 daqiqa sovutish yoki suvni sovuq suv bilan aralashtirib to‘kish tavsiya etiladi. Bu usul quvurlarning muddatidan avval ishdan chiqishidan himoya qiladi.

Kanalizatsiya tizimida katta hajmdagi qaynagan suvni tezlik bilan to‘ksangiz, quvurdagi rezinali ulagichlar issiqlik ta’sirida kengayib, o‘zining siqib turish xususiyatini yo‘qotadi. Natijada, quvurlardagi suv sizib chiqib, oshxona mebellariga jiddiy zarar yetkazishi yoki pastki qavatdagi qo‘shnilarni suv bosib qolishi mumkin.

Kanalizatsiya tizimidagi iflosliklarni faqat issiq suv bilan tozalash deyarli imkonsiz. Buning uchun maxsus kimyoviy tozalash vositalari talab etiladi. Aks holda, yuqori harorat bilan tozalash urinishlari faqat quvurlarga zarar yetkazishi mumkin.

Mutaxassislar quvurlarda ifloslanishning oldini olish uchun quyidagi oddiy tavsiyalarga amal qilishni maslahat berishadi:
- Ovqat va yog‘ qoldiqlarini hech qachon rakovinaga tashlamang;
- Soch va boshqa chiqindilarning kanalizatsiyaga tushishiga yo‘l qo‘ymang;

Qurilish chiqindilari va nam salfetkalarni hojatxonaga tashlamang.

Vannadagi rakovina va hojatxonaga issiq suv to‘kish zararlimi?

Hojatxona va vannada ishlatiladigan santexnika buyumlari asosan fayans, chinni, keramogranit yoki zanglamaydigan po‘latdan tayyorlanadi. Ushbu materiallar yuqori haroratga nisbatan ancha chidamli hisoblanadi. Lekin mutaxassislar ularga ham muntazam ravishda qaynoq suv to‘kishni tavsiya qilmaydi, chunki keramik mahsulotlar keskin harorat o‘zgarishiga sezgir bo‘lib, ularda ko‘rinmaydigan kichik yoriqlar paydo bo‘lishi mumkin.

Xulosa qilib aytganda, har qanday kanalizatsiya va santexnika tizimini uzoq muddat ishlatish uchun yuqorida keltirilgan oddiy, biroq muhim tavsiyalarga amal qilish maqsadga muvofiqdir. Bu orqali siz uyingizdagi jihozlarning muddatidan oldin buzilib qolishi va qo‘shimcha xarajatlardan qochishingiz mumkin bo‘ladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Foydali » Qaynoq suvni rakovinaga to‘kish zararlimi? Mutaxassislardan muhim tavsiyalar