18:47 / 12.06.2017
13 989

Kelinining fosh bo‘lgan sirini oila tinchligi uchun qaynonasi o‘zi bilan qabrga olib ketishga tayyor!

Kelinining fosh bo‘lgan sirini oila tinchligi uchun qaynonasi o‘zi bilan qabrga olib ketishga tayyor!
Ertalab supurganimga qaramay daraxtlardan to‘kilib tushayotgan oq, nim pushti gullar hovliyu ko‘chalarni nafis gilam misoli egallabdi. Hech erinmay hovlini tozalab chiqdim-da, ko‘cha eshigi tomon odimladim. Shu payt xayolimga egnimdagi kiyimlarimni almashtirish fikri kelgani uchun ostonadan ortimga qaytdim. Shkafdagi kiyimlarning barchasi ham chiroyli. Qizil, yashil, sariq kabi yorqin ko‘ylaklar qalashib yotar, onam bechora o‘ziyam to‘ydan avval butun bozorni ko‘chirib kelib, ko‘ylak tiktirishga undagandi. Bekorga emas ekan, mana, hozir yal-yal yonishimdan hammaning ko‘zi quvnaydi. Kiyimlarim orasidan nim pushti ranglisini tanladim. Pardozimni ham bir qur yangiladimu, ko‘chaga shoshildim. Shirintoy bolalar mahallamizda qiy-chuv ko‘targancha yugurishar, men hali tanishga ulgurmagan ayollar salomimga alik olib, burchak-burchakda o‘zaro pichirlashardi. Mahalladagi eng obro‘li, badavlat xonadonga kelin bo‘lib tushganim uchunmi yoki erim mahallaning oldi yigitlaridan bo‘lgani boismi, xullas, faxrlanardim.

Shu payt yonginamda erimning mashinasi to‘xtadi-yu, cho‘chib tushdim. Ish qilayotganday ko‘rinsam ham, o‘zimni podiumda yurgan modellardek his etar, faxr hissi ustunlik qilib erimning mashinasini ham payqamagandim.
— Namuncha?! — dedi erim qoshlarini chimirib, menga yaqinlasharkan. — Bir kunda o‘n mahal ko‘chaga chiqmasang, ertalab supurganding-ku.
— Avvalo, assalomu alaykum, — atrofdagi notanish ayollarga maqtangandek quvonib kuldim. — Bu yog‘i yangi kelinchilik…
— Hadeb kulaverma, hamma bizga qarayapti! Uyga kir, tezroq.
Erimning «bizga» degan so‘zidan, aslida, «senga» demoqchiligini angladim. Uning bilinar-bilinmas rashki kayfiyatimni ikki barobar ko‘targandi.

Hammasi yaxshi-yu, faqat qaynonamni negadir jinim suymas, uning gaplari ensamni qotirardi. Garchi menga nisbatan hech qanday yomonlik qilmasa-da, bu ayolga hech hushim bo‘lmadi. Lekin turmush o‘rtog‘imga shunchalar mehrim tushishi etti uxlab tushimga kirmagan edi. Darhaqiqat, onam aytganday nikohning yuzi issiq ekan. Lekin ahyon-ahyon yuragimni tushunarsiz qo‘rquv egallaydi, vahimaga tushaman. Ayniqsa, erimning ba’zi gaplaridan keyin.

— Anavilarni qara, — dedi erim kechki sayrdan qaytayotganimizda qarshimizdagi sevishganlarga ishora qilib. — Kechasi qo‘l ushlashib yurishini ko‘rmaysanmi?!
— Sevgi-da…
— Nima?! — dedi erim menga ham boyagi nafratli ko‘zlarini qadab.
Indamay qo‘ya qoldim. Lekin erim birdan menga qattiq tikilib qoldi-da, qat’iy savol berdi.
— Senda bunday narsalar bo‘lmagan, a?!
Titrab ketdim. Ko‘z oldimda gavdalangan xotiralarim go‘yo erimga ham ko‘rinayotganday tilim aylanmasdi. Garchi Komron bilan bog‘lar kezib boyagi sevishganlarday yurmagan esak-da, har holda, yonimdagi bu inson uchun «Sevganim bor edi», degan gapimning o‘zi qanchalar fojia.
— Shubha yomon narsa, — dedim birozdan so‘ng.

Tilimdan chiqqan yagona jumla shu bo‘ldi. Erim menga keyin bu savolni bermadi. Men uchun esa allaqachon suyukli insonimga aylangan erimni yo‘qotishdan katta musibat yo‘q. Uncha-munchaga «Xo‘p» deyishni bilmaydigan menday jiblajibon qiz shu so‘zni kuniga yuz marta aytib, erining oldiga tushib ketyapti-ya. Uyga kirgach, darvozani yopish oldidan zumga fikrim bo‘lindi. To‘g‘ridagi qo‘shnilarimiz uyida qandaydir janjal chiqqanmi, baqir-chaqir ovozi tobora balandlab borardi.

Tong sahar. Hali hech kim turishga ulgurmagan. Noz uyqumdan bazo‘r kechib, o‘zimga oro berdim, yal-yal yongan kiyimlarga takror burkandim.

— Obbo, yana ko‘cha supurishgami? — dedi erim o‘rnidan chala yarim turib.
Shu payt «Chiqmasam, oyingizga siz javob berasizmi?» degim keldi-yu, onamning «Hamma gapni gap deb gapiraverma, hatto eringga ham», degan so‘zlari yodimga tushib:
— Odamlar yangi kelin bor xonadon fayzini his etishi, qolaversa, ozodalik va baraka yuzasidan shunday qilish shart! — dedim.
Kayfiyatim a’lo, chaqqon harakat bilan ko‘chaga odimladim.

Oila qurishdan avval hech bir uy yumushini yoqtirmay, endi har qanday vazifani og‘rinmay bajarayotganim qiziq edi. Shirin xayollarga berilib, ko‘cha supurayotgandim. Birdan qarshimizdagi uy darvozasi sharaqlab ochilgani sabab cho‘chib tushdim. Oldin ayol kishining haqoratli yig‘i ovozi, keyin mashinaning o‘t olgani eshitildi. Qo‘shnilarni xijolatga qo‘ymaslik uchun ishimni tezlatdim va uyga kirib ketdim. Eshikni yopayotganimda esa o‘sha janjalli uy oldidagi allaqanday erkak menga qarab turganini sezdim. Qo‘shni uyning chiroqlari yoqilmagani bois menga tikilib qolgan odamning yuzini ko‘rish imkonsiz edi.
Erim qaynona va qaynotam uchun dam olish maskaniga yo‘llanma olib kelgandi. Shuning uchun ular tushlikka yaqin yo‘lga tushishga kirishishdi.

— Qizim, hech uyalmay hamma joyni o‘z qo‘lingizga olavering, endi bu sizning ham uyingiz! — dedi qaynonam xayrlashish oldidan tez-tez gapirarkan.
— Xo‘p, oyijon!
— Hadeb uyda o‘tiravermay, biror joyga borib, o‘ynab kelinglar. Ishni ham qiling, dam olishni ham biling!
Tashqaridan erimning «Oyi, dada, ketdik», degan ovozi eshitildi.
— Xo‘p, xavotir olmang!
— Ha, aytganday, ertalab qo‘shni ayolning kelini ketib qolibdi, yaramas, — dedi qaynonam ko‘cha tomon yurarkan, qarshidagi xonadonga ishora qilib, so‘ng elkamdan quchdi. — Shu bechora ayoldan ham xabar olib turing, o‘zi saraton degan dardga yo‘liqqan. Bir o‘g‘li chet elda uylanib olgan, eri qamoqda, yaqinda uylagan o‘g‘lining xotini ham nobop chiqdi…
— Tavba! — qaynonamning gapini shart kesgan qaynotamning ovozidan men ham cho‘chib tushdim. — Indamasam, butun hayotini gapirib berasan, a?! Qani, tezroq xayrlashib, o‘tirsang-chi mashinaga. Bo‘pti, kelin, Xudoga omonat.

Ko‘p ham gapiravermaydigan qaynotam mashinaga o‘tirdi-yu, qaynonam ham «Rahmim keladi-da, bechoragina», deb ming‘irlagancha men bilan yana xayrlashdi. Hoynahoy suhbatning davomini yo‘l bo‘yi o‘g‘li va eriga boshqatdan so‘zlab beradi.
Nim tabassum bilan uyga kirayotgandim hamki, hozirgina qaynonam aytib turgan qo‘shni xonadon eshigi ochildi. Qoramag‘izdan kelgan, biroz to‘laroq, rangpar ayol tashqariga chiqdi va shu on muvozanatni yo‘qotib devorga suyandi. Azbaroyi qo‘rqib ketganim sabab, turgan erimdan jon holatda «Ehtiyot bo‘ling!» deya baqirib, ayol tomon yugurdim.
Qo‘llaridan tutganimda, ma’yus ko‘zlari menga qadaldi va yurakni ezib yuborguvchi unsiz ko‘z yoshlari dog‘li yuzi bo‘ylab oqdi. Seskanib ketdim.

Ayol to hovlisiga olib kirgunimga qadar oyoqda bazo‘r yurdi. Uning so‘lg‘in yuzi, chakkasidan oqayotgan ter tomchilari, hansirab tez-tez nafas olishi abgor ahvolidan darak berar, bechora ayol o‘zini o‘nglolmasdi.

— S-suv… — dedi u ohista.
Begona hovlida hech narsa tanish bo‘lmagani sabab nigohim oshxonani qidirdi va topdi ham. Yigirma qadam naridagi oshxona tomon yugurdim. Shkafdan piyola olayotganimda, hovlidan erkak kishining «Ona!» degan hayqiriqli ovozi eshitildi. Qizig‘i, bu ovoz qulog‘imga shunchalar tanish ediki! Lekin hozir ayolga suv olib chiqish ko‘proq muhim va ortiqcha xayollar o‘rinsiz. Idishdagi suvni to‘kib yubormaslik uchun ko‘zimni qo‘llarimdan uzmay, qo‘shni ayol huzuriga oshiqdim. Ammo shu onda qarshimdagi yigit men tomon o‘girildi-yu, piyola va uning ichidagi suv er bilan bitta bo‘ldi. Titrab ketdim! Ikkimiz ham bir zumga qotib qolgandik. Lekin men sir boy bermaslikka urinib, tezda hushimni yig‘dim. Qanday qilib, bilmayman, oshxonaga qayta borib, suv olib keldim.

— Ona, yaxshimisiz?!
— Ha, o‘g‘lim, ancha yaxshiman…
— Nega yana o‘rningizdan turdingiz, axir hozircha yurish mumkin emas, deb aytdim-ku!
— Yotaverib yuragim siqildi, keyin ko‘chaga mo‘ralay dedim va nogoh ko‘nglim behuzur bo‘ldi, — dedi qo‘shni ayol. So‘ng menga o‘sha mungli ko‘zlarini qadadi. — Baxtimga, shu qiz bor ekan.

Men jilmaygancha bosh egdim. Ichimda esa tug‘yon bosh ko‘targan, savollar miyamda g‘ujg‘on o‘ynardi. «Demak, u shu erda yashar ekan-da, aynan mening qarshimdagi xonadonda-ya?! Ey, Xudo, bu ne ko‘rgulik, ne savdo? Endi uni har kuni ko‘ramanmi? Buni atay uyushtirgan deb o‘ylayotgan bo‘lsa-ya?!»

— Siz kimning qizisiz? Mahallamizga yaqinda ko‘chib keldingizmi?
Gapirishga og‘iz juftlaganimda, Komron o‘rnimga javob berdi:
— Oyi, bu qo‘shnimizning kelini!
Har ne bo‘lmasin, bu xonadonni hoziroq tark etishim shart edi.
— Shundaymi? — dedi ayol chuqur xo‘rsinib, menga ma’noli qararkan.
— Oyi! — dedi Komron. Uning asabdan ko‘zlari tez-tez pirpiraganini sezdim. — Endi dam olishingiz kerak.

Nozik ishorani darhol tushundim. Chiqib ketarkanman, hayajonning zo‘ridan oyoqlarim bir-biriga chuvalashar, ortimdan ularning har ikkisi qarab qolishganini sezganim uchun ham qaddimni g‘oz tutgandim. Uyimga, ha o‘sha yaqindagina kelin bo‘lgan yangi uyimga kirdim-u, yig‘lab yubordim. Tasodifiy bu vaziyat ich-etimni kemirishi tabiiy hol, ammo aynan qaysi sabab tufayli kuyinayotganimga tushunolmasdim.

Shu dam eshikning qattiq taqillagan ovozidan xayolim tarqadi, o‘rnimdan sapchib turdim.

Oradan ikki hafta o‘tdiki, ko‘chaga chiqishga hamon yuragim betlamaydi. Ko‘cha supurayotganimda Komron kuzatayotganini bilganimdan beri ostona hatlagim kelmay qolgandi.

— Senga nima bo‘ldi? Hatto ko‘cha supurishga ham chiqmay qo‘yding.
Erimning gapida zarracha shubha bo‘lmasa-da, yuragim taka-puka urib ketdi. Xato ish ustida qo‘lga tushgan yosh boladay qizarib, tomog‘im qurib, takror va takror yutinardim.
— Mazam yo‘qroq.
— Ie, ikki haftadan beri kasalmiding hali? — dedi erim hazilkashlik bilan va javobimni kutmay men tomonga jiddiy o‘girildi. — Qarshimizda turadigan qo‘shnilar bilan tanishib oldingmi?
Yozning saratonida kimdir ustimdan qaynoq suv ag‘darganday etim junjikib ketdi. Bu savolning javobi oilamni buzib yuboradigan kuchga o‘xshardi go‘yo.
— M-men… Shunchaki… U ayolga yordam…
— Ha, qo‘shni ayolga, haqiqatan ham, yordam kerak! Kelinida zarracha uyat yo‘q ekan, hayronman, shundaylarni er qanday qilib ko‘tarib turibdi.
Gapning uchi qo‘shni ayolga borib taqalgani eshitib, ko‘ksimni bosgan og‘ir tosh quladi, erkin nafas ola boshladim.
— Nima emish, ortiq yashamas emish! — erim gapini kuchli g‘azab bilan davom ettirardi. — Mana shuning uchun to‘ydan avval o‘ldim, kuydim deb yig‘lab yuradigan qizlarni ko‘rishga ko‘zim yo‘q. Ana, hozir o‘sha oshig‘i bilan topishib olibdi. Sharmanda!
Erimning har bir so‘zidan alam, ijirg‘anishga o‘xshash zaharxandalik tomar, asabdan quloqlari qimirlab ketardi. Men esa o‘zimdan o‘tayotganini faqat o‘zim bilardim. «U menga ishora qilyaptimi? Yoki hammasini bilib, endi burchakka olyaptimikin? Nahotki gulday turmushim barbod bo‘ldi?!»
Shu on erimni shundoqqina tepamda ko‘rdim.

— Xullas, bechora ayoldan xabar olib tur. O‘g‘lining ismi Komron, onasining yonida kun bo‘yi o‘tirolmaydi, ularga hozir yordam kerak.
Erimning qistovi bilan o‘sha uyga yana qadam bosdim. Supada uxlayotgan ayol yoniga bazo‘r qadam tashlarkanman, ichimda «Komron uyda bo‘lmasin-da», degan iltijo aylanardi.
— Oyim uxlayapti.
Qo‘limdagi idish tushib ketishiga sal qoldi. Labimni tishlab ortimga o‘girilsam, Komron qovoqlarini uygancha menga qarab turibdi.
— Mana buni eb olsinlar, — dedim-da, taomni nariroqdagi stolga qo‘yib, u erdan ketishga shaylandim.
— Baxtsizligimni ko‘rib, rosa xursanddirsan? «Menga uylanmay, xor bo‘libsan», degan xayollaring bordir?!
Sukut saqlab ketmoqchi edim-u, uning achchiq gapiga chidolmadim va ilkis ortga qaradim.
— Birga bo‘lolmaganimiz yaxshilikka ekan, — dedim Komronning ko‘zlariga tik boqib. — Lekin sizga yomonlik tilamaganman!
To o‘sha kundan buyon ularning uyiga qadam bosmay qo‘ydim. O‘z-o‘zimga endi hammasini boshidan boshlashim kerakligiyu, ortiq yomon xayollarga bormasligim haqida qayta-qayta tushuntirdim.

«Oilam hech qachon buzilmaydi. O‘tmishdagi munosabatlar o‘tmishda qolib ketgan»…
Qaynonam sayohatdan qaytgach, ta’bim yana biroz xira tortdi. Homilador ekanim sababmi, uni har ko‘rganimda asabim yana-da ko‘proq buzilar, gaplashishni istamasdim. Sayr bahonasida ko‘chaga chiqib, ko‘proq qolib ketibman, uyga kelsam qaynonam Komronning onasi bilan dardlashib o‘tiribdi

— Bu gaplarni men bildim, hech kim bilmasin. Kelinim homilador, barchasidan xabardor ekanimni eshitsa, siqilib yuradi, — dedi qaynonam qo‘shni ayolga yumshoqlik bilan.
— Ko‘nglingiz xotirjam bo‘lsin, — dedi qo‘shni ayol ko‘z yoshlarini to‘xtata olmay.
O‘sha kuni ularning suhbatini eshitib qolganimda yuragim zivirlab ketdi.
— Komron va kelinimning o‘rtasidagi munosabat yoshlikdagi havasdan boshqa narsa emasligi aniq. Ammo oila tinchligi, munosabatlarga darz ketmasligi uchun bu sirni qabrga olib ketishimiz kerak.

Daf’atan quloqlarimga chalingan bu gapdan tovonimning uchigacha muzlab ketdim. Lekin qandaydir ko‘ngil xotirjamligi va asosiysi, qaynonamga, yo‘q, onajonimga chuqur mehrni his etardim. Ko‘zimdan oqqan quvonch yoshlari esa yuzimni yuvardi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Kelinining fosh bo‘lgan sirini oila tinchligi uchun qaynonasi o‘zi bilan qabrga olib ketishga tayyor!