22:48 / 21.09.2017
7 086

Omonat g‘or siri (14-qism)

Omonat g‘or siri (14-qism)
Bobur Nargizaning yonida turgan qizga tikilib qoldi. Ko‘ziga bu qiz juda-juda issiq ko‘rindi. “Kim ekan? Buncha chiroyli, Nargizaga o‘xshab ketarkan. Ko‘zlari shahlo, kipriklari uzun, sochlari tim qora, qaddi-qomati kelishgan. Uni avval ko‘rganman, lekin… qayerda ko‘rganman?..” Xayolan o‘zi taniydigan qizlarni esladi, biroq ularning hech biriga o‘xshatolmadi.

— Siz… kimsiz? — nihoyat jur’at qilib so‘radi notanish qizdan. Uning ovozi siniq, zaif chiqdi. Qizlar sergaklanishdi, ammo bemorning nima deganini ilg‘ashmadi. Nargiza o‘rnidan turib, shirin tabassum bilan ukasining yoniga keldi.

— Boburjon, biron nima dedingmi? — so‘radi mehribonlik bilan.

— Anavi qiz kim? — dedi Bobur quruqshab qolgan lablarini tili bilan yalab qo‘yar ekan.

Nargiza Lolaga “yalt” etib bir qarab qo‘ydi-da:

— Mening dugonam, — dedi jilmayib, — ismi Lola, u bilan kecha tanishib qoldim. Judayam shirin, ajoyib qiz.

— Ko‘zimga tanish ko‘rinayapti.

Boburning gapidan Lola beixtiyor o‘rnidan turib ketdi va uning yoniga kelib:

— Siyz maniy ko‘rgonmiy? — dedi ko‘zi porlab.

Boburning xayoliga lop etib bozor, lo‘li qizning sadaqa so‘ragani-yu, qizning rangi oqarib pulni qaytarib Boburga otgani, so‘ngra yig‘lagani keldi…

— Lo‘li qiz!.. — deb yubordi bemor arang yutinib.

Nargiza dong qotdi, bir Lolaga, bir ukasiga qaradi-da:

— Sizlar tanishmisizlar? — dedi hayratini yashirolmay.

— Siyz… — dedi Lola ham ko‘zlariga ishonmay.

— Meni… Meni… — Bobur zo‘riqib gapirardi. — Qarg‘aganmidingiz?

— Yo‘-o‘-o‘-q, — dedi titrab ketgan Lola, — qarg‘amadiym. Qarg‘olmadiym…

Qizning ko‘zi jiqqa yoshga to‘ldi, lablari bilinar-bilinmas titradi.

— Lola! — dedi nima gapligini anglayolmagan Nargiza, — qanaqa qarg‘ish, ukam nima deyapti?

— Hoziyr, hoziyr, — deb Lola qaddini rostladi va uzun kipriklari pirpirab chuqur nafas olarkan, — haliy, siyzga aytganiym shu bola bo‘ladiy, lekin man qarg‘amagandiym, — dedi xijolatomuz.

— Bu qizda ayb yo‘q, — dedi Bobur. Uning hayajonlangani ko‘kragining tez-tez ko‘tarilib-tushishidan bilinib turardi.

— Iloyim, sog‘ayib ketsiyn, — eshik tomondan kelgan bu ovozni eshitib, ikki dugona ortlariga o‘girilishdi. Bo‘sag‘ada ust-boshi kir-chir, basharasi qop-qora, qo‘lida bola ko‘targan lo‘li ayol turardi. Lola uni darrov tanidi: Mag‘firat edi bu ayolning ismi. Xosiyat bibining yugurdaklaridan. Doim bozorda, lo‘liboshining yonida yurardi. — Bolalariniyng baxtiyga omon bo‘siyn, sadaqa qiylsangiyz, kuniy uzun bo‘ladiy kasalniy.

— Bor, yo‘qol! — baqirdi Nargiza jahl bilan. — Sen yetmay turuvding.

— Maniy xudoniy o‘ziy yubordiy, unday demang, singliym, bemor odam, sadaqa bersangiyz tuzaladiy. Omonatgina joniy o‘ziyga qoladiy.

— Bir kasalxona qoluvdi senlar kirmagan. Shu yerniyam bulg‘adinglar! — Nargiza sumkachasini olib, ichini kavlashtirdi. Bu paytda Lola bilan lo‘li ayolning ko‘zlari to‘qnashdi, qiz ko‘zini olib qochguncha bo‘lmay, lo‘li xotin uni tanidi, ichida quvonib ketgandi. Axir, bunday omad har kimga ham nasib etavermaydi. Baron yaxshigina suyunchi beradi buning uchun!

— Siyz ham beriyng, chiroyliy qiyz, baxtiyngiyz ochiladiy, — dedi lo‘li ayol Nargiza uzatgan pulni olgach, yuzi pushtirangga aylangan Lolaga bezrayib qarab. Qiz nima deyarini bilmay qoldi. To‘rt-besh so‘m berib, tezroq qutulay desa, na sumkasi bor va na puli. Bir-ikki “chaqib” haydab solay desa, o‘zini butunlay oshkor qilib qo‘yadi. U ikki o‘t orasida qolib, sarosimalanib turganida, Nargiza joniga oro kirdi:

— Berganim ikkovimizniki, endi tezroq bu yerdan qorangni o‘chir, bo‘lmasa hozir do‘xtirni chaqiraman, senga yaxshilab sadaqa berib qo‘yadi, — deya Nargiza tarsillatib eshikni yopib qo‘ydi.

Nargizaning lo‘li ayolni haqoratlagani Lolaga og‘ir botdi. Axir, u ham o‘zini lo‘li hisoblar, tilanchilar avlodidan ekanini bilardi. Ammo ko‘ngli cho‘kkanini sezdirmadi.

— Nargiyz, bopladiyng, man o‘rningga bo‘lganimda, yaxshilayb uraydim.

Unga o‘qrayib qarab qo‘ygan Nargiza:

— Qarg‘ish masalasiga qaytaylik, — dedi o‘zini xotirjam tutishga urinib.

Lolaning boshi qotdi: “Nima qilsam, nima desam gaplarimga ishonadi?” deya xayolidan o‘tkazdi.

— Nargiyz, man qarg‘amagan. Chin so‘ziym, bittayam aldaganiym yo‘q…

Uning gapi og‘zida qoldi. Eshikni kimdir ohista chertdi, keyin kuydirilgan kalladay Fathullaning basharasi ko‘rindi.

— Xonimlarga eng iliq, eng go‘zal, eng buyuk salomlarim bo‘lsin! — dedi u tantanavor ohangda.

Qizlar bir-biriga qarab olishdi. Lola bilinar-bilinmas labini burdi. Nargiza esa, zo‘rma-zo‘raki jilmayib eshitilar-eshitilmas salom berdi.

— Nega buncha shashtingiz past? Inson, ayniqsa, go‘zal inson hamisha xushchaqchaq yurishi lozim, o‘shanda o‘zidagi nafosatni uzoq vaqt saqlashi mumkin, — dedi ovozini baralla qo‘yib do‘xtir. So‘ngra Nargizaning yoniga borib: — Ruxsat eting, — deya qizning iltifotini ham kutmay nozik, uzun, oppoq barmoqlarini ushladi-da, enkayib labiga bosdi, ko‘zini yumib bir zum lazzat oldi. Uning qilig‘idan ikkala qiz ham hayron edi. Nargizaning yuzi qizardi. Qo‘lini siltab tortib olmoqchi bo‘ldi-yu, labini barmoqlariga tekkizib turgan kimsaning ukasini davolayotgan do‘xtirligi yodiga tushib, Fathullaga imkoniyat berdi.

Do‘xtir o‘zining qilig‘idan xursand edi. Hayajonlanib, bu odatini Nargizaning yonida turgan sanamga ham qo‘llamoqchi bo‘ldi-yu, lekin uning ko‘zidagi qahrni ko‘rib shashtidan tushdi. Erkak kishiga yarashmagan qiypanglash bilan Boburning karavoti yoniga borib, bemorning peshonasiga kaftini qo‘ydi.

— To‘g‘risi, Boburjon, sizga havasim keladi, opalaringizday suluvlarni bu dunyoda topish mahol.

Do‘xtirning gapidan bemorning ensasi qotdi. Agar sog‘ bo‘lganida, Fathullani yer bilan bitta qilib tashlardi-yu, hozir ilojsiz tishini-tishiga bosdi, so‘kib yuborishdan o‘zini zo‘rg‘a tiydi. Uning jim yotganini ko‘rib Fathulla ruhlandi.

— Siz, mening qadrdonim, yaqin kunlarda oyoqqa turib ketasiz, hatto kutilganidanam tez sog‘ayasiz. Buni men, professional vrach aytayapman. Sizday irodasi mustahkam yigitlarni juda yaxshi bilaman…

— Ularning ham menga o‘xshagan chiroyli opalari bormi?! — orqada turgan Nargiza kinoya bilan uning nutqini bo‘ldi.

Fathulla iljayib qaddini rostladi va ortiga o‘girilib:

— Siz, Nargizaxon, tanhosiz, betakrorsiz, — dedi, ko‘zi esa lo‘li qiz tomon yugurdi. “Vah, — dedi u ichida, — sening ham go‘zalligingga gap yo‘q. Qani edi imkoniyatim bo‘lsa-yu, ikkovingniyam o‘zimniki qilib olsam!..”

Shu mahal deraza tiqillaganday bo‘ldi, buni hamma eshitdi. Xonadagilar derazaga qarashdi. Hatto Bobur ham o‘girilib qaramoqchi bo‘ldi-yu, og‘riqdan yuzi burishib ketdi.

— Shamol, — dedi Fathulla, boshqalarning ko‘nglini xotirjam qilish uchun. Xayolida bir paytlar “betakror joziba sohibi” deb o‘zi ko‘kka ko‘tarib maqtab, maqsadiga yetgach jozibaning “kemtik” joylarini ko‘rib qolib, ko‘ngli qolgan hamshira Odinaxon poylayotganday tuyildi. Bir oz sarosimalandi. Odinaning navbatchiligi aynan bugunga to‘g‘ri kelganidan taqdiridan nolindi. Shu zumda: “Qorong‘ida unga tashqarida balo bormi?” degan o‘yga ham bordi. Tuyqusdan deraza ortidan tirjaygan qop-qora bashara ko‘rindi-yu, qizlar qo‘rqqanidan baravariga dodlab yuborishdi.

Nuriddin ISMOILOV


(Keyingi qismlarni yaqin soatlarda o‘qiysiz)

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Omonat g‘or siri (14-qism)