Tong saharda ayol kishining faryodi butun mahallaning tinchini buzib yubordi. Eng yomoni, bu ovoz kuni kecha to‘y bo‘lib o‘tgan xonadan tomonidan kelayotgan edi. Ana shu narsa ko‘pchilikni sarosimaga solib qo‘ydi. Harqalay, qandaydir fojia yuz bergani aniq edi.
...Zarif akaning endigina 17 yoshga kirgan ko‘hlikkina qiziga og‘iz solganlar ko‘p bo‘ldi. Xotinining vafotidan so‘ng yetti bolaning tashvishi otaning yelkasiga tushdi. U baholi-qudrat barcha farzandlarini uyli-joyli qildi. Faqat kenja qizini sal yig‘inib, so‘ng nasib qilsa kuyovga uzatarman, degan o‘yda edi. Biroq sovchilar eshikning zulfini buzib yuborgudek bo‘lishdi...
Otaning boshida ming bir xayol aylanardi: qizim baxtli bo‘larmikan?! Tengini toparmikan?! O‘shanda kimsan, Sharifboyning o‘g‘lidan bir emas uch marta sovchi kelganligi do‘stlarini quvontirib, dushmanlarining hasadini qo‘zg‘adi.
Sharifboy bilan quda bo‘lishni uncha-muncha odam orzu ham qilolmasdi. Chunki boy-badavlat, tagi-taxtli bu xonadonning dovrug‘i uzoq-uzoqlarga ketgandi. Shu sababdan bo‘lsa kerak, bo‘lg‘usi quda bir tomonda qolib, Zarif akaning aka-ukalari-yu, qarindosh-urug‘lari uning uyiga serqatnov bo‘lib qolishdi.
-Sharifboy akaning sovchilari uch marta qulchilikka kelishibdi,- qayta-qayta takrorlardi ular, - boshingga baxt qushi qo‘ngani shu emasmi?! O‘zing bir beva-bechora bo‘lsang, nimangga kerilasan?! Xudo berib, qudalashib qolsang bormi, yeganing oldingda, yemaganing ortingda bo‘ladi. Shu bahona bizning kukragimizga ham shamol tegardi. Shuni tushunasanmi, o‘zi?!
Biroq ota oyoq tirab turib oldi. Shundan so‘ng o‘rtaga kazo-kazo odamlar tushdi, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, -Aka, endi shunday odamning sazasini o‘ldirmang,- deya yalinishdi. Mahalla oqsoqoli ham uning uyida kunda-shunda bo‘lib qoldi. Biroq, hadeganda Zarif akaning fikri o‘zgarmadi.
Shundan so‘ng uning otasi Safar buva oraga tushdi.
-Qani o‘g‘lim menga aytchi, sovchilarni nega qaytaryapsan? –dedi u soqol-mo‘ylovini silab. – Bilasan, qiz bolaning ishi qiyin, bir o‘tirsa-o‘tirib qoladi. Boshingga yostiq bo‘larmidi, harna qutilganing qoladi. Yoki Sharifboyday odamni nazaring ilmayaptimi?
Otasining yuziga hech qachon tik qaramagan Zarif akaning bu gal zardasi qaynagandan-qaynadi-yu, biroq o‘zini bosib, gapira boshladi.
-Ko‘rpangga qarab oyoq uzat degan gap bor ota,-dedi u yerga tikilib. –Sharifboy aka tadbirkorlik qilib, halollik bilan boyigan odam, uni yomon deyolmayman. Lekin biz uchun uning oxuri balandlik qiladi. Qizim xo‘rlanmasin deyman-da, ota.
-Gapni cho‘zma, chaynalmasdan gapir, biror boshqa sababi bormi? Bu gaplarinig rad qilishga sariq chaqachalik ham vaj-karson bo‘lolmaydi, - keskin gapirdi otasi.
-Mayli, sizga yuragimni yoraman, bo‘lmasa,-dedi Zarif aka eshik tomonga xavotirlanib qarab qo‘yarkan.- Surishtirdim, o‘g‘li giyohvandlikka chalingan ekan...
-E, hali dushmanlarning gapiga laqillab yuribman, degin,-tutoqib ketdi Safar buva. – Ko‘rolmaydigan odamlar kam deysanmi? Birov eshitmasin bu gapni, shunday odamning yakkayu-yagona o‘g‘li yomon bo‘larmidi, qo‘ysangchi?
-Yo‘q, ota men ham bekor yurganim yo‘q, hammasini so‘rab surishtirdim, - dedi Zarif aka keskin ohangda. – Bizga kuyov bo‘ladigan yigit bir oshnamning o‘g‘li bilan institutda birga o‘qigan ekan. O‘sha vaqtdayoq u shu “dard”ga mubtalo bo‘lgan ekan.
-Hey, lattachaynar,- deya otasi shahd bilan o‘rnidan turdi. – Yoshlikda nimalar bo‘lmaydi-a? O‘zimiz ham yoshlikda farishta emasdik. Ichardik, chekardik, ha endi... keyinchalik, mana qolib ketdi-ku?! Obro‘sini bilmagan ahmoq. O‘zi sening miyang aynib qolibdi. Xotining o‘lgandan keyin uylanmaganingni kasri mana shu-da...
- Meni kechirasiz-u, ota, - Zarif akaning endi chinakamiga jahli chiqib,- meni emas, sizlarning miyalarining aynab qolganga o‘xshaydi. Sharifboyning puli ko‘p deb, qizimni o‘tga tashlashim kerakmi?! Siz bilan biz boy bo‘lmasak ham xudoga shukur, kunimiz o‘tyapti. Hali qizim o‘tirib qolgani yo‘q-ku, ota.
-Endi gap bunday,- ketishga taraddudlanib, eshik oldiga borib qolgan Safar buva, -agar sen aytganday kuyov giyohvand bo‘lsa, Sharfboy Toshkentga borib, uch kunda davolatib, binoyidek odam qilib oladi. Eshitganman, shunaqa zo‘r do‘xtirlar bor ekan. Ota rozi – xudo rozi. Meni desang, qizingni o‘sha xonadonga berasan, gap tamom – vassalom!
Davralarning to‘rini bermay karillab yurgan Sharifboy aka ham bir emas, uch marta qo‘ygan sovchilari “quruq” qaytgach, o‘ylanib qoldi: “O‘zi nimalar bo‘lyapti, jon-jon deb quda bo‘ladi desam, Zarif aka nega unamayapti. Bu yerda bir gap borga o‘xshayapti...” Oxiri u o‘zini ba’zan xavotirga soladigan ayrim narsalarni tekshirib ko‘rmoqchi bo‘ldi. O‘g‘lining mashinasiga yashirib qo‘yilgan shpritslar-u, allaqanday dorilarni topib olgach, u adoi-tamom bo‘ldi. Boyoqish qon bosimi oshib ketib, ikki-uch kun yotib ham oldi. Dardini hatto xotinidan ham yashirdi. Biror chora ko‘rish uchun kech bo‘lgan, to‘y kuni allaqachon belgilab qo‘yilgandi. To‘y o‘tguncha, yopig‘liq qozon yopiq qoladigan bo‘ldi. “Undan keyin bir chorasi topilar” degan qarorga keldi u.
Nikoh to‘yi kutilganidek, dabdaba bilan o‘tdi. Kuyov chimildiqqa kirgach, yangalarning noroziligiga qaramay, ularga javob berib yubordi. Kelinchak uning aft-angori o‘zgarib ketganligini ko‘rib, zo‘rg‘a tanidi. Negadir yigitning ko‘zlari qizarib, yuzi ko‘karib ketgan, butun a’zoi-badani dag‘-dag‘ qaltirayotganday edi.
-Ha, oxiri yetishdim-a sizga, - dedi kuyovbola beo‘xshov tirjayib, - tillo uzuk muborak bo‘lsin, jonim. Ammo dunyodagi eng baxtli kelinchak bo‘lasiz, bunga garantiya. Sizga hozir bir sirni ochaman. Bilganingiz ma’qul, axir endi mening xotinimsiz. Lekin siz qo‘rqmang...xo‘pmi?..
Shundan so‘ng u cho‘ntagidan shprits va allaqanday dorilarni chiqardi. Buni ko‘rgan kelinchak qo‘rqqanidan yuzini berkitib oldi.
-Endi qarayversangiz ham bo‘ladi,- dedi kuyovbola tirsagigacha yalang‘och qo‘lini bukib ushlagancha.
Oradan biroz vaqt o‘tgach, kuyov allaqanday oq kukunni zo‘r berib hidlashga tushdi.
-Endi biroz dam olaman, keyin esa murod-maqsadimizga yetamiz,- deya u tirjayib, o‘zini o‘rindiqqa tashladi. Nimalar bo‘layotganiga hech tushunolmayotgan kelinchak ancha vaqt unga tikilib turdi. Shu orada Zebuzarning ko‘zi ilinganday bo‘ldi. Biroq tezda cho‘chib uyg‘ondi. Nimagadir kuyovning xurrak otishi tingan, kelinning nazarida u nafas ham olmayotganga o‘xshardi. Shundan u xavotirga tushib, ming bir istihola bilan yuzi dokadek oqarib ketgan kuyov bolani uyg‘otmoqchi bo‘ldi. Lekin u “miq” etgan tovush chiqarmasdi. Noiloj, kulin uning yuziga qo‘lini qo‘ydi-yu, muzni ushlaganday sapchib tushdi. Kelinning tamog‘iga tiqilgan narsa faryod bo‘lib otilib chiqdi...
Bu voqeadan xabar topgan Zarif aka zudlik bilan qudasinikiga yetib kelganda qizi hovli o‘rtasida turib, dod solardi. U otasining bo‘yniga osilib oldi.
- Meni kechir qizim,- dedi Zarif aka bug‘iq ovozda, - Otang o‘lsin bolam, seni shu kuyga solgan otang o‘lsin ... Meni kechir, ona-qizim...
Yerdan tobut ko‘tarilganda, keng hovlining narigi chetida gilamdagi chala o‘chirilgan “To‘yimizga marhamat” degan hashamdor yozuv bir necha soatlar ilgarigi ma’nosini mutlaqo yo‘qotgan, u ayni chog‘da ayanchli istehzoga o‘xshardi ...
Rustam XUDOYQUL
Manba: Dia.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
BAAda isroillik ravvin o‘ldirib ketildi
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
Rossiya yuzlab yamanliklarni Ukrainaga qarshi urushga yolladi
Xitoy Yaponiya va sakkizta davlat fuqarolariga vizasiz rejimni joriy etadi
Abdusalom Azizovning DXX raisligidan haydalgani tasdiqlandi
O‘zbekistonda kelasi hafta boshida qanday ob-havo bo‘lishi ma’lum qilindi
Rossiya tug‘ilish kam bo‘lgan hududlarning gubernatorlarini iste’foga chiqarishni boshlaydi