Umriniso sharros quyayotgan yomg‘irni pisand qilmay, katta yo‘lga chiqdi va mashinalardan biriga qo‘l ko‘tardi. Haydovchining «Qayerga borasiz?» degan savoliga «Talabalar shaharchasiga!» dedi-yu, beholgina o‘rindiqqa cho‘kib, mashina oynalariga ayovsiz urilayotgan yomg‘ir tomchilarini barmoqlari bilan siladi. Haydovchining oynadan tikilishi xotiralarini jonlantirib yubordi. O‘shanda ham yomg‘ir yog‘ardi, o‘shanda ana shunday o‘tkir nigohlar qarshisida ojiz qolgandi u…
* * *
Bekatda zil-zambildek yuki bilan avtobus kutayotgan Umriniso yomg‘irda shalabbo bo‘lganidan junjikib qaltirardi. Avtobus kelavermagach, noiloj ro‘paradan kelayotgan mashinaga qo‘l ko‘tardi.
— Qayerga borasiz, yaxshi qiz? — dedi haydovchi yigit oynadan egilib qararkan.
— Talabalar shaharchasiga! — dedi qiz iymanibgina.
— Talabaman deng. O‘tiring.
Yigit yuklarni mashinaga joylayotganida qiz:
— Puli qancha bo‘ladi? — deb so‘radi qimmat aytmasin-da, degan xavotirda.
Yigit ham qizning ko‘nglidagini bilgandek:
— Talaba ekansiz, ko‘ngildan chiqarib beravering, — dedi va hamon ikkilanib turgan qizga «O‘tiravering, kelishamiz-da», — deya qo‘shib qo‘ydi.
Umriniso ko‘nglining bir chetida g‘imirlayotgan shubha va ikkilanish iskanjasida bir muddat nima qilarini bilmay turdi. Qizning holatini sezgan yigit esa uning shubhalarini tarqatib yubordi.
— Hayron bo‘lmang, yomg‘irda qiynalib o‘tirganingizni ko‘rib, yordam bergim keldi. Axir mening ham siz tengi singlim bor. Shuning uchun yomon xayolga bormang.
Yigitning samimiy so‘zlari Umrinisoning xavotirini aritdi.
— Ismim Jasur, — dedi yigit oynadan qizga tikilib.
Yigit qizning telefon raqamini so‘raganida shu paytgacha telefon raqamini hech kimga bermagan Umriniso Jasurga yo‘q deya olmadi. Yigit qiz aytgan raqamlarni terib, qo‘ng‘iroq qildi-da, qizning telefonga qaraganini ko‘rib, jilmaydi.
— Shu mening raqamim. Mabodo yordamim kerak bo‘lsa, tortinmasdan qo‘ng‘iroq qilavering.
Manzilga yetib kelgach, qiz minnatdorchilik bildirib, yotoqxonaga kirib ketdi.
* * *
— Bugun nima qilamiz? — dedi Zilola kitobga mukkasidan ketgan Umrinisoga. — Yakshanbani juda yomon ko‘raman-da! Biram zerikaman-ki…
Umriniso kitobni bir chetga qo‘yib, zo‘riqqan ko‘zlarini ohista ishqaladi.
— Kun ham peshinga yaqinlashib qolgandir?!
Zilola dugonasining gapini tasdiqlab, soatiga qaradi-yu, baqirib yubordi.
— Voy, esim qursin. Uyimdagilar pul jo‘natishgandi. Haydovchi kutib o‘tirgan bo‘lsa kerak. Tez turaqol, ketdik.
Umriniso kitobini chetga qo‘yib, shoshilgancha tashqariga yo‘nalgan dugonasining ortidan ergashdi.
Bekatda uzoq turib qolishdi. Shu mahal Umrinisoning xayoliga Jasur keldi, qo‘ng‘iroq qilmoqchi bo‘ldi-yu, andishasi yo‘l qo‘ymadi. Lekin dugonasining yuzidagi tashvish ko‘lankasi qizni bunga undadi.
— Allo, Umriniso, yaxshimisiz? — degan quvnoq ovoz eshitildi narigi tarafdan.
— Rahmat, o‘zingizchi?
— Yuribman.
— Kechirasiz, vaqtingiz bormi? Bir iltimos bilan…
— Bajonidil, tinchlikmi?
Umriniso vaziyatni tushuntirgach, Jasur «Hozir boraman», deb telefonni o‘chirdi.
— Uff, shoshib turganda mashinalar nega to‘xtamaydi? — dedi Zilola asabiylashib.
Qiz Umrinisoning kimnidir chaqirganiga e’tibor qilmagandi.
— Hozir keladi, — dedi qiz yigitning ismini tilga olishga iymanib.
— Kim?
— Taksi chaqirdim…
— Qarindoshingmi? — deb so‘radi hayron bo‘lgan Zilola yer chizib turgan dugonasidan.
Umriniso Ziloladan haqiqatni yashirdi.
— Taksichini aytyapsanmi? Uzoqroq qarindoshim.
Ular suhbatini tugatib ulgurmasdanoq Jasur yetib keldi.
* * *
Sharofat opa deraza pardalarini chetga surib, mashinasi, dang‘illama hovlisiga nazar soldi. Shu tobda o‘rta hol umr kechirgan bo‘lsa-da, baxtiyor yashagan ota-onasini esladi. Ota-onasi ikki qizni tarbiyalab, voyaga yetkazishdi. Ammo katta qizlari Umidaning umri qisqa ekan: eri bilan avtofalokatga uchradi. Fojiada faqat chaqaloq tirik qoldi. Qizchaga Noila deb ism qo‘yishgandi, ammo ota-onasi o‘tgach, ularning umrini qo‘shib bersin, degan niyatda uni Umriniso deb chaqiradigan bo‘lishdi. Bobo va momosining tarbiyasida Noila ismi unutildi. Ammo ko‘p o‘tmay keksalar ham bu dunyoni tark etishdi. Momo Umrinisoni tarbiyalashni endi turmush qurgan qizi Sharofatga vasiyat qildi. Onasining so‘zini yerda qoldirmagan Sharofat jiyanidan mehrini ayamadi. Qiz go‘zal chehra, odob va latofat bobida onasining o‘zginasi edi. Keyinchalik Umriniso oliy ta’lim dargohida o‘qiy boshladi…
* * *
Umriniso endi ko‘chaga otlanayotganida Sharofat opa uni yo‘qladi.
— Assalomu alaykum, — dedi Umriniso telefonga javob bergancha yotoqxona ostonasida to‘xtab. — Oyijon, yaxshimisiz?
— Yaxshiman, qizim, bugun uyga kelsang. Seni juda sog‘indim.
Umriniso onasining ovozida dardning yukini qis qilib, «Tinchlimikin?!» deya xavotirlandi va kutubxonaga emas, uyi tomon shoshildi. Sharofat opa Umrinisoni ko‘rib, ko‘ngli ravshan tortdi.
— Keldingmi bolam, yo‘qlay ham demaysan, a!
— O‘qishdan hech qayerga chiqolmayapman, — dedi qizgina nima uchun kela olmayotganini izohlab.
— Qani, ichkariga kir. Senga aytadigan gaplarim ko‘p.
Aslida, Umriniso bu ayol xolasi ekanligini, ota-onasi esa fojiali halok bo‘lganini eshitganidan beri bu uyga imkon qadar kamroq kelishga harakat qilardi. Sharofat opa dastlab haqiqatni aytganidan o‘kindi, ammo o‘sha tobda boshqa iloji ham yo‘q edi. O‘shanda Umrinisoning sochini tararkan, beixtiyor «Onangga juda o‘xshaysan», deb yubordi-yu, tilini tishladi. Qiz esa taajjubga tushdi. Shu paytda Sharofat opa qizining yoniga o‘tirdi-da, yuzini qizning chehrasiga solishtirib, «Gapim rostmi?» degach, Umrinisoning yuzidagi taajjub ifodasi chekindi. Lekin keyingi voqea… Ayanchli xotiralar iztirobi yuzaga qalqib chiqdi.
Umriniso darsdan ertaroq qaytib, ostona hatlarkan, xolasining past ovozda pichirlayotganini sezdi. Xalal bermaslik uchun sekin ichkariga mo‘raladi. Sharofat opa xuddi o‘ziga o‘xshaydigan ayolning suratiga tikilib, allanimalarni so‘zlardi. Qiz xolasining so‘zlarini eshitgach, ostonada o‘tirib qoldi — Sharofat opa opasi Umidaning suratiga qarab, qizidan xavotir olmasligini, ruhi tinch bo‘lishini tinimsiz takrorlardi. Qizning ko‘nglidagi «Balki, boshqadir?!» degan ikkilanish Sharofat opaning «Umriniso ona mehriga zor bo‘lmaydi, u o‘z qizlarimdan ham ortiq», degan so‘zlaridan so‘ng madorini yo‘qotdi, holsiz qo‘llari majolsizlandi.
Sharofat opa cho‘chib ortiga o‘girildi. Nigohi Umrinisoning yuzidagi ayanchli hayrat ifodasi bilan to‘qnashdi. Qo‘rqib yurgan hodisasi sodir bo‘lganini fahmladi. Xayriyatki, bu qismatga Umriniso bardosh bera oldi. Lekin endi bu uy begonadek tuyula boshlagan, shu bois so‘nggi vaqtlarda oyog‘i tortmasdi. Sharofat opa qizidagi bu o‘zgarishning sababini bilgani uchun indamadi. Biroq bugun Umrinisoni juda sog‘ingandi.
Ular ayvonga o‘tishgach, Sharofat opa yig‘ilganiga ko‘p bo‘lmagan dasturxonni qayta ochdi.
— Sovchi keldi, — dedi choy quyayotib. — Shalolaga.
Oxirgi so‘zini aytganida Sharofat opaning yuzini qayg‘u egalladi.
— Har kimning peshonasiga o‘z jufti bitilgan. Faqat kimdir oldinroq uchratadi, kimdir esa keyin. Ko‘p qayg‘uravermang.
— O‘zing qachon turmushga chiqasan? — dedi Sharofat opa Umrinisoga.
Qiz javob o‘rniga kulimsiradi. Sharofat opa bu borada boshqa savol bermadi.
Sharofat opa Umriniso kelganidan so‘ng ancha yozildi. Suhbatga berilib, kech tushganini ham payqamagan Umriniso ketishga chog‘landi. Umriniso onasi bilan xayrlashib, ko‘chaga chiqdi. Avtobusni kutmasdan, yigitga qo‘ng‘iroq qildi. Oradan sanoqli fursat ham o‘tmay yigit uning oldida paydo bo‘ldi.
— Bezovta qilmadimmi?
— Yo‘q! — dedi Jasur hozirgina qiz chiqqan uyga nazar solib. — Xolangning uyi hashamatli ekan. Nega buncha hayallab qolding?
— Xolam bilan ko‘rishmaganimizga ancha bo‘lgandi. Shunga…
— Bunaqa kech yurishing yaxshimas.
Umriniso xolasi haqida gapira ketdi.
— Bechora xolam, ikki farzandini yolg‘iz katta qildi. Pochcham rahmatlining qoniga infeksiya tushgan ekan, davolab bo‘lmadi. Xolam esa qayta tumush qurmadi. Bolani otasiz tarbiyalash qiyin, ammo odamzod har narsaga chidarkan. Qizlari katta bo‘lib qolganidan keyin ko‘rgan qiyinchiliklari unutildi. Biroq kichik qiziga sovchi kelganidan sal xafa…
— Nega?
— Katta qizi hali turmushga chiqmagan. Eshikni taqillatgan sovchilar esa nuqul Shalolaga og‘iz soladi. Xolam katta qizi, ya’ni Shohidaning taqdiridan xavotirda. Shohida taqdirga tan beribdi, shekilli, «Singlimni uzataveringlar», deganmish. Bunday vaziyatlarda odam bir og‘iz shirin so‘zga muhtoj bo‘larkan. Meni chaqirganining sababi ham shu.
Jasur xayol surib, yo‘lga tikilib ketardi. Umriniso yigitning uzoq sukutidan ajablandi.
— Nimalarni o‘ylayapsiz?
— O‘zim, shunchaki.
Jasur boshqa lom-mim demadi. So‘ngra telefoni o‘chib qolganini aytib, qizning telefonini so‘radi, uni biroz titkilab, allanimalarni o‘qidi-yu, qaytarib berdi.
* * *
Ertasi kuni Jasurning g‘amginligini ko‘rgan Umriniso buning sababini so‘radi.
— Bilasanmi, seni juda yaxshi ko‘rardim…
Umriniso yigitning «Yaxshi ko‘rardim» deganidan ajablandi.
— Bilaman, nima, shunga xafamisiz?
Jasur kalovlandi, sarosimada qolgandek atrofga alanglagancha qizdan ko‘zini olib qochdi.
— Yo‘g‘-e, aniqrog‘i, seni uchratganim… Meni uchratganingdan pushaymon bo‘lmasang, deb qo‘rqaman.
— Biror gap bo‘ldimi, gapirsangiz-chi?
— Onam meni uylantirmoqchi. Ammamning qizini ko‘z ostiga olib qo‘ygan ekan.
Yigitning gapi Umrinisoga «Oyim menga o‘yinchoq olib bermoqchi» qabilidagi yosh bolaning gapidek tuyulib, g‘ashi keldi.
— Bu nima deganingiz, Jasur aka? — dedi Umriniso yigitning qo‘lidan tutib. — Axir qanaqasiga?
— Bilmadim. Kecha dadam bilan maslahatlashib, shunday qarorga kelishibdi.
— Indamay rozi bo‘laverasizmi, sevgimiz-chi?
— Kechir! Ota-onamga qarshi bora olmayman.
Umriniso, meni tushun. Sevgi o‘tkinchi hissiyot, aldamchi tuyg‘u ekan. Sizni sevmaganimni, bu shunchaki qiziqish ekanini Kamolani ko‘rgach fahmladim.
Yigitning «siz»lashi o‘rtalaridagi munosabat nihoya topganini bildirardi. Umriniso yigitdan uzoqlasharkan, Jasurning ortidan chaqirishini, «Hazillashdim-ku, jinnivoy!» deya erkalashini kutdi. Biroq Jasur uni to‘xtatishga urinmadi.
* * *
Kechga yaqin Umrinisoga onasi qo‘ng‘iroq qildi.
— Bugun uyga kel, — dedi Sharofat opa quvonch bilan.
Umriniso uning ovozida xush ohangni sezdi.
— Bayram bo‘lyaptimi deyman?
— Albatta, Shohidaga sovchi keldi. O‘ziyam tagli-tugli odamlar ekan. Shuni nishonlaymiz.
Onasining sevinchi Umrinisoning ko‘ngliga iliqlik olib kirib, bu iliqlik uni onasining shodligiga sherik bo‘lishga undadi.
Qorong‘u tusha boshlaganda uyga kirib borgan qiz haqiqatan ham, bayramona muhitga duch keldi. Hamma xursand, ayniqsa, Shohida behad quvongan, qiz buni yashirishga urinsa-da, kulgi arimayotgan yuzi uni fosh etib qo‘yardi.
— E, opajon, keling, — deya ostonada turib qolgan Umrinisoga peshvoz chiqdi Shalola, — ichkariga marhamat.
Umriniso endi ostonadan hatlagandi, Sharofat opaning qorasi ko‘rindi.
— Kel, qizim, — dedi u shodlanib.
Umriniso ichkariga kirib, Shohidani bag‘riga bosdi.
— Tabriklayman, singiljon. Baxting ochilgani rost bo‘lsin.
Umriniso Shohidaning quvonchini ko‘rib, havasi keldi. Singlisining bilagidan ohista tutdi.
— Kuyov bola bilan qanday tanishganingni aytib ber.
Shohida uyalinqirab javob berdi.
— Ikki kun oldin telefon qildi. Meni oldin ko‘rganini, raqamimni zo‘rg‘a topganini aytdi. Dastlab xushomadi yoqmagach, telefonni o‘chirmoqchi bo‘ldim. Ammo ichimda nimadir u bilan uchrashishga undadi. Uchrashganimizda u menga sovchi yuborishini aytdi.
— Kuyov bolaning suratini ko‘rsat-chi, baxtli shahzoda kimligini bir ko‘rib qo‘yay? — dedi Umriniso singlisi gapini tugatgach.
Shohida yostiqning ostiga yashirgan rasmni avaylab chiqardi-da, opasiga uzatdi. Umriniso suratga tikildi-yu, nazarida yer teskari bo‘lib qolgandek tuyuldi, atrofidagi hamma narsa aylana boshladi.
— Mazang qochdimi? — deya vahima aralash uning yuziga suv sepdi Sharofat opa.
— Xavotir olmang, biroz boshim aylandi.
— Yotoqxonada yaxshi ovqatlanmaganingdan keyin shu-da, — deya Sharofat opa tanbeh bergan bo‘ldi.
Umriniso onasining gaplarini tinglaydigan ahvolda emasdi. Ayni damda uning xayoli suratdagi jilmayib turgan Jasurda edi. «Telefonda tanishdim dedimi?!» deya singlisining so‘zlarini eslashga urindi. Shunda uni olib ketgani kelgan Jasurning undan telefon so‘ragani yodiga tushdi. «Nega Shohidani tanladi?!» degan o‘y tinchini buzdi. Javob ham tezda anglashildi. Umriniso Jasurning so‘zlarini xotirladi: «Xolangning uyi hashamatli ekan!». Umriniso o‘shanda bu gapga parvo qilmagandi. «Demak, Jasur o‘sha kundan keyin reja tuzgan ekan. Shohidaga sovchi qo‘ysam, albatta, rozi bo‘ladi, onasining boyligi esa menga meros qoladi, deb o‘ylagan ekan-da!» deya yigitdan nafratlandi Umriniso. Jasur haqidagi bor haqiqatni Shohidaga aytmoqchi bo‘ldi-yu, qizning quvonchiga rahna solgisi kelmadi. Jasurni uchratgan, xolasi haqida yigitga aytib bergan kuniga la’natlar o‘qidi. Uydan ketmasa, sir fosh bo‘lishi mumkinligidan xavotirlanib, ketishga otlandi.
— Qayerga ketyapsan? — dedi Sharofat opa ketishga taraddudlanayotgan Umrinisoga.
— Ertaga imtihonim borligi yodimdan ko‘tarilibdi, tayyorlanishim kerak.
— Shunaqa yomg‘irda qayerga borasan? Ertaga ketarsan, imtihoning ham bir gap bo‘lar.
— Tushuning, — dedi qiz ko‘ksidagi alam isyonini zo‘rg‘a bosib, — eng muhim imtihon bu!
Umriniso Sharofat opaning qarshiligiga qaramay, g‘am-g‘ussalari makon tutgan uyni tark etdi. Shivalab yog‘ayotgan yomg‘ir borgan sari kuchayardi. Qizning ko‘z yoshlari esa yomg‘ir bilan uning yuzini yuvishga bahs boylagandi go‘yo. Umriniso ko‘ksidagi alamlarga erk berdi…
AFSONA
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash alyansiga 82 mamlakat a’zo bo‘ldi
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin