17:27 / 05.10.2018
5 438

Kelin nadomati: “Qachongacha uy qamogʻida oʻtiraman?..”

Келин надомати: "Қачонгача уй қамоғида ўтираман?.."
— Turmush oʻrtogʻim bilan bir mahallada yashaganmiz. U meni bolalikdan sevgan ekan, men esa eʼtibor bermaganman. Oʻqishga kirganimdan soʻng ostonamizdan sovchilar arimay qoldi. U kishidan ham odamlar kelishgan. Dadam nimagadir rad javobini berib yuborgan. Keyin yaxshi oila deb, boshqa bir yigitga rozilik berishdi. Bizda rozilik alomati sifatida oqlik yuboriladi. Oʻsha yigit bilan uchrashib koʻrdim, toʻgʻrisi, menga maʼqul kelmadi. Bu orada boʻlajak turmush oʻrtogʻim oʻsha yigit bilan gaplashib oqlikni qaytarishga koʻndiribdi. Bir kuni oilamizga har tomonlama munosib yigitdan sovchi keldi. Ikki tomon rozi-rizochilik bilan toʻy harkati boshlandi. Biz yana oqlik yubordik. Lekin mahallamizda yashaydigan menga koʻngil qoʻygan yigit toʻyni toʻxtatdi. U unashtirilgan insonimni olib qochib ketib, ota-onasiga poʻpisa qilgan ekan. Ota-onam bu gaplardan xabar topishgach katta janjal boʻldi. Oxir oqibat otamning mahalladoshimizga uzatishdan oʻzga chorasi qolmadi. Bu voqealarga ham oʻn yil boʻlibdi. Hozir uch qizimiz bor. Erimdan nolimayman. Roʻzgʻorim but. Biroq toʻrt devor ichida qolib ketdim. Hatto, bolalarni bogʻchaga ham eri olib boradi. Soʻnggi oylarda-ku, umuman haddidan oshib ketdi. Ustimdan qulflab qoʻyadigan odat chiqargan. Avvaliga rashk qilayapti derdim, biroq endi bu qiligʻi oshib tushdi. Toʻrt oydan buyon uy qamogʻidaman. Sababini soʻrasam “Ayol kishining jilovini boʻsh qoʻysang, nimalar qilmaydi” deydi. Yoshman, tengdoshlarim bilan muloqot qilgim, oʻynab-kulgim keladi. Biror joyga borish kerak boʻlsa ham doim oʻzi olib boradi. Toʻgʻrisi, bilmayapman, muammo undami yoki menda? Nahot, yoshligim shunday oʻtib ketsa?..
Mavjuda, 30 yosh, Fargʻona viloyati

TOʻTI AYADAN IBRATLI VOQЕA

— Bir onaxon cholidan shikoyat qilib qoldi. Otaxon 82 yoshda boʻlib, 73 yoshli onaxonimiz bilan 56 yildan buyon birga yashashar, 9 farzandning ota-onasi, 17 nabira, 11 evaraning bobo-buvisi ekan. Ajoyib-a! Sizlarga oʻxshab yuraylik, onaxon, desam “Hecham bizga oʻxshamang, bolam, butun umrim uy qamogʻida oʻtdi. Bu choldan bezor boʻlib ketdim. Arazlab ikki oy poytaxtdagi qizimnikiga ketsam, “Men uylanayapman, toʻyga marhamat” deb oʻgʻlimdan taklifnoma berdirib yuboribdilar. Men qonuniy xotiniman, huquqimni himoya qilinglar, jazosini beringlar bu cholni” desalar, hangu mang qolibmiz. Qarang-ki, otaxon oshpazlik qilarkan, onaxon esa doim yonlarida yordamchi boʻlib ishlab kelgan. Bolalarni ham chiroyli tarbiyalashgan. Rashk oʻti shunday baland ekanki, shoʻrlik onaxon shu yoshga kirib ham na qizinikida, na oʻgʻlinikida qololarkan. Otaxonning bu hazili onaxonning rashkini chunonan alanglatganidan, maqsadga oʻtib, “Qizim bir yoʻlini qilib, meni otangiz bilan yarashtiring, erini birovga berib qoʻyadigan ahmoq xotin emasman”, dedilar. Xulosa shuki, qoʻsha qarishning siri sadoqatda. Bir-birini sevish esa rashk olovini alangalatib turadi. Siz ham biroz sabr qilib, eringizning munosabatiga bosiqlik bilan javob qaytarsangiz, hammasi iziga tushadi.

MIRABBOS OTADAN 4 TAVSIYA

- Nazarimda, bunday muhabbat “turi” bilan yashash oson emas. Yoki men erkak kishi boʻlganim uchun shunday tuyulayotgandir. Ayollarimiz esa har qanday vaziyatda sabrli boʻla olishadi. Ularning yutugʻi va baxti ham shunda.Ammo eringizning oʻzi ham bu holatdan bir kun charchaydi. Shunda siz, uni “Asablaringizni tinchlantirish kerak” deya mutaxassining huzuriga olib borishga harakat qiling.
- Agar vaziyatni oʻzgartirishning imkoni boʻlmasa, unga nisbatan munosabatni oʻzgartirishga harakat qiling. Asablaringizni jilovlang, yuqorida aytganimdek, ayniqsa oʻzbek ayollariga xos sabrni ustun qoʻying.
- Turmush oʻrtogʻingizning rashki sizda salbiy reaksiyani qoʻzgʻatayotganini sezdirmang. Vaziyatni qoʻyib yuboring, shunda “muammo” osonlashadi.
- Ana shunda u ham asta-sekinlik bilan tinchlana boshlaydi.

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Kelin nadomati: “Qachongacha uy qamogʻida oʻtiraman?..”