23:21 / 22.10.2018
2 783

Rejadagi ish amalga oshishi uchun sir saqlashning ahamiyati

Rejadagi ish amalga oshishi uchun sir saqlashning ahamiyati
Kishi oʻzi uchun foydali va ahamiyatli boʻlgan biror ishga qoʻl urmoqchi boʻlsa, to maqsadi hosil boʻlmaguncha odamlarga oshkor qilmay turishi koʻp jihatdan maʼquldir. Ayniqsa, mazkur ish hammaga ham nasib boʻlavermaydigan neʼmatlardan boʻlsa, masalan, obroʻli bir joyga oʻqishga kirish, koʻpchilik orzu qiladigan qaysidir mamlakatga safar qilish yoxud birorta-bir katta tijoratni yulga kuyish, uy sotib olish va hokazolar kabi odamlar havas yoxud hasad qiladigan ishlardan boʻlsa, to mazkur ish amalga oshmaguncha uni sir saqlash foydadan xoli emas. Zero, hadisi shariflarda kelganidek, har bir neʼmat sohibi hasadga nishondir.

Kishi har qancha yaxshi boʻlmasin, hamma bilan birdek xush muomalada boʻlmasin, baribir, uni besabab yomon koʻradigan, undagi neʼmat zavol topib, kulfatga yuz tutishini ich-ichidan xohlaydigan razil insonlar qurshovidan omondaman deb aytolmaydi.

Baʼzan begona emas eng yaqin odamingiz, hatto tugʻishgan jigaringiz sizga begona va dushmaningiz keltirmagan moddiy va maʼnaviy zarar keltiradi. Baʼzilar boʻladiki, biror neʼmatga erishish arafasida turganingizni bilib qolsa, birdan oyogʻingizdan chalib yo tuhmatlar qilib, oʻsha yaxshilikka erishishingizga toʻgʻanoq boʻlgisi keladi. Shunday boʻlmasligi uchun kelajakda amalga oshirish rejalashtirilgan yaxshi maqsadlarni hammaga ham gapirib yurmaslik maqsadga muvofiqdir.

Muoz ibn Jabal, Ali ibn Abu Tolib, Abdulloh ibn Abbos, Abu Hurayra va Abu Burda (roziyallohu anhum)lardan rivoyat qilingan hadisi sharifda shunday deyiladi (maʼnosi): “hojatlaringizni muvaffaqiyatli amalga oshirishda sir saqlashdan foydalaning, zero, har bir neʼmat sohibi hasadga nishondir“. Hadisni Tabaroniy, Bayhaqiy, Abu Nuaym (“hilya“), Ibn Adiy, Uqayliy va boshqalar rivoyat qilganlar. Toʻgʻri, mazkur hadisning sanadi borasida turli gap-soʻzlar mavjud. Uni baʼzilar zaif desalar, boshqalar sahih sanaganlar.

Nima boʻlganda ham hadisning maʼnosi toʻgʻri. Shunga kura, amalga oshirish rejalashtirilgan yaxshi ishlarni to amalga oshmaguncha yoki aniq boʻlmaguncha oshkor qilmaslik maqsadga muvofiqdir.

Mashhur mufassir Imoduddin ibn Kasir rohimahulloh Yusuf surasining tafsirida Yaʼqub alayhissalomning oʻz oʻgʻli Yusuf alayhissalomga xitoban (mazmuni): “tushingni akalaringga aytib qoʻymagin, tagʻin, senga bir yomon makr qilib qoʻyishmasin!“, degan soʻzini ochiqlar ekan: “ushbu oyati karimadan, neʼmat to paydo boʻlib, zohir boʻlmaguncha uni yashirish kerakligi kelib chiqadi“, deydi va bunga qoʻshimcha dalil sifatida yuqorida zikr qilingan hadisi sharifni ham keltiradi.

Rejadagi kattaroq ishlarni, hasadga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan narsalarni vaqtincha yashirib turishning yana bir foydasi shundan iboratki, mabodo oʻsha ish amalga oshmay qolsa ham odam hech kimdan uyalib, ich-etini yeb yurmaydi. Bu yashirish va sabr qilishning ruhiy foydasi boʻladi.

Shuni aytish ham kerakki, hadisi sharif oʻz ichiga olgan maʼno Zuho surasidagi “Rabbingning neʼmatini esa har qancha gapirsang ham mayli!“, degan mazmundagi oyati karimaga zid kelmaydi. Chunki, oyati karimada allaqachon hosil boʻlgan mavjud neʼmat iroda qilingan. Hadisi sharifda esa hali amalga oshmagan yaxshilik nazarda tutilgan.

Boz ustiga, oyati karimaning turli tafsirlarda kelgan maʼnosidan anglashiladigan narsa shuki, Allohning neʼmatini gapirish deganda oʻzgalarga maqtanish va riyo uchun emas balki, Allohning neʼmatini izhor qilish orqali odamlarga Uning naqadar buyuk fazl va marhamat sohibi ekanligini eslatish, va bunga til shukrini bajo qilish, undan soʻng esa ehtiyoj sohiblariga yordam qoʻlini choʻzish, ularni oʻzi tomonga yoʻnaltirish va shu tariqa neʼmat valiysi boʻlmish Parvardigorga amaliy shukrona qilish iroda qilinishi lozim.
Alisher Sultonxoʻjayev

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Rejadagi ish amalga oshishi uchun sir saqlashning ahamiyati