Barzangi meni qanday, qay yo‘l bilan yana butlab oyoqqa turg‘azganini idrok eta olmadim. Hushimni yig‘ib aslida mavhum ko‘zlarim atrofni qaytadan ko‘ra boshlagachgina, uning qarshisida hozir bo‘lganimni payqadim.
— Sen maraz eding, marazligingcha qolding, — dedi barzangi olov iskanjasidagi ota-onam tarafga qarab olib. — Seni yorug‘ dunyoga keltirgan o‘shalar edi. Sen bo‘lsang, kunlarning birida moldek ichib, mast holda kelgansan-u, ularga qo‘l ko‘targansan. Otangni bir yoqqa, onangni esa ikkinchi yoqqa uloqtirgansan. Aslida ularning aybi yo‘q edi. Seni tinchlantirishni, uxlatib qo‘yishni, dam olib o‘zingga kelishingni xohlashgandi. Sen esa ularni do‘pposlading o‘shanda… Yo‘q, ota-onang seni qarg‘ashmadi. Ko‘ngillari og‘ridi xolos. Shu ahvolda ham senga xudodan inson, tavfiq tilashdi. Afsuski, bizning makonda bu taxlit gunohlar hech qachon kechirilmaydi. Ota-onangni shuning uchun ham to sen kelguningcha xudoyimning o‘zi jazoga mubtalo qildi. Qonun-qoidalarimiz shunday. Mana, endi nihoyat sen kelding. Endi ular ko‘z o‘ngingda do‘zax azobidan xalos etiladi. Xo‘sh, ularga aytadigan gaping bormi?..
Barzangining savolidan keyin ham ko‘nglimda achinish, afsus-nadomat his etmadim. Tosh kabi qimir etmasdan, atrofga hissiz tikilgancha turaverdim. Bu orada ota-onamni zabtiga olgan olov izsiz g‘oyib bo‘ldi. Asta-sekinlik bilan ota-onamning badanidagi peslar ham yo‘qolganiga guvoh bo‘ldim. Shunda ham baribir o‘zgarmadim. Sukut saqlashda davom etdim.
— U holda otangning senga aytar gapi bor, — oradagi jimlikni buzdi barzangi. — Eshit! Qandayligingni uning bir og‘iz gapidan so‘ng anglab yetarsan balki? Eshit!..
U so‘zini tugatgani hamono otam bir qadam oldinga tashladi. O‘rtamizda changalni eslatuvchi qalin to‘siq bor edi. Otam shu to‘siqqa yaqin keldi-da, menga sovuq boqdi. Agar boshqa bo‘lsa, darrov padarining qarshisida tiz cho‘kib uzr so‘rardi, tavba qilardi. Men unday qilmadim. Qandaydir noma’lum kuch meni yurishga ham, so‘zlashga ham qo‘ymasdi. Xuddi tirikligimdagi kabi hiyla kerilgan, iyagimni ko‘targan ko‘yi unga savol nazari bilan qarab turardim xolos.
— Sen o‘layotib ham tavba qilmading-a? — so‘z qotdi otam zaharxandalik bilan. — Qanday kofirsan o‘zing? Kimlarga tortgansan-a?
— Menga ayb qo‘yavermang o‘zingizcha, — dedim beixtiyor jahlim chiqib. — Sizlar dunyoga keltirgansiz. Bolaligimda erkalatgansiz, aytganimni muhayyo qilgansiz. To‘g‘ri tarbiya berish kerak edi.
— Astag‘firillo, — oh tortib ikki qo‘lini yuqoriga ko‘tardi otam. — Tag‘in bizga ayb qo‘yasan-a, noinsof! Mayli, xudo jazongni bersin! Ammo bir gapni aytaman. Shundan keyin bizni qidirib ham ovora bo‘lma! Onang ikkovimiz seni ko‘rishga ko‘zimiz yo‘q.
— Xo‘sh, ja nima gap aytmoqchisiz o‘zi? — sir boy bermay tahdid aralash so‘z qotdim men. — Aytib qoling, dardingiz ichingizda qolmasin! Nima qipman yana? Arpangizni xom o‘ribmanmi? Yo tirikligimda kam pul beribmanmi sizlarga? Gapiring, boboy!..
— Sen-chi, hatto Azroilga joningni topshirayotib ham tavba qilmading, — dedi otam. — O‘shandayam sening o‘rningga ammang sho‘rlik Xosiyat kalima keltirdi. Shu amalniyam ado qilmading! Mana shu sening xudoyimga shirk keltirganing bo‘ladi. Hushingdayding, biz onang ikkimiz sarosima, tashvishda dag‘-dag‘ titrab kalima keltirishingni, hech qursa o‘layotib xudoni tan olishingni kutdik. Yo‘q, miq etmading. Yaxshiyam ammang borakan, darrov sen yaramasning o‘rniga kalima keltirdi. Shundan keyin jon berishing osonlashdi. Tushunyapsanmi?
Shundagina tafakkurim, xotiralar picha oydin tortgandek bo‘ldi. O‘lim bilan olishayotganimda jikkakdan kelgan ammam Xosiyatning meni qon yig‘lab kalima keltirishga undayotgani esimga tushdi. Mendan sado bo‘lmagach, uning o‘zi zor yig‘lab, dodlab kalima keltirdi. Shundan so‘ng rostdanam bir necha soniya ichida rixlat qildim. Bungacha Azroil meni ming azobga solar, azbaroyi jonim og‘riganidan goh baqirib yuborar, goh yo‘tal tutib o‘qchirdim…
Ammo men otamga baribir sir boy berishni xohlamadim. Ochig‘i, boyagina aytgan haqoratli gaplari juda alam qilayotgandi. Shu sababli qiyofamni ham, gap ohangimni ham o‘zgartirmasdan tilga kirdim.
— Bo‘ldimi? Alamdan chiqdingizmi? O‘ch olib bo‘ldingizmi mendan?
— Sendan xudo o‘ch oladi, — dedi otam beixtiyor ortga tislanib. — Senga faqat xudoyim bas kela oladi. Bu kuningdan battar bo‘lgin!..
— Yo‘qo-ol! — baqirib yubordim o‘zim sezmagan holda. — Yo‘qollaring! Daf bo‘llaring!
— Senday bolamiz yo‘q! — endi otam va onam baravar qichqirishdi. — Oq qildik sen xudosizni! Balolarga yo‘liqqin iloyim, dinsiz, iymonsiz!..
Ular ko‘z ochib yumganchalik fursat ichida g‘oyib bo‘lishdi. Ko‘zdan yo‘qolganlari hamono ota-onam turgan maskan ham zulmat qo‘yniga kirdi. Vujudimdagi alam, nafrat, dimog‘dorlik, manmanlik, jazava hissi ham meni tark etgandi. Tag‘in bechorahol, ojiz bir banda tusiga kirib barzangining qarshisida qayta tiz cho‘kib yalinishga tushdim.
— Menga qara, akammisan, og‘ammisan, jo‘rammisan, mayli, kim bo‘lsang ham! Faqat meni qabrga olib bor! Qabristongacha olib borsang bas, uyog‘ini o‘zim topvolardim. Shafqat bormi o‘zi senda? Nega jimsan? Nimaga miq etmaysan? Tirikmisan, o‘likmisan?..
— Ha-ya, — to‘satdan men tomon yuzlanib so‘z qotdi barzangi. — Qabristonni sog‘ingansan-a sen? Mayli, so‘roq-savol berishingga yana bir hafta bor. Shuning uchun senga bir kun dam beraman. Undan keyin yana mening yetagimda bo‘lasan. Faqat ehtiyot bo‘l, sening qabristoning nasroniylar qabristoni bilan yonma-yon joylashgan. U yerdayam yovlaring bo‘lsa, seni abgor qilib qo‘yishmasin tag‘in?
— Be, nasroniylaridan qo‘rqmayman, — dedim bo‘sh kelmay. — Sen olib borib qo‘yishingni bil!
— Hali mana shunaqangi buyruqsifat gaplaring uchun ham jazo topasan. Yur, oldinga bos!..
Baxtga qarshi qadam tashlashim bilan yana oyoqlarim ostida, tanamda o‘sha yoqimsiz yelimlarni his etdim. Ular tanamni qisib azob bersa, oyoqlarim ostidagilari erkin harakatlanishimga jiddiy to‘sqinlik qilardi. Baqirdim, hayqirdim, foydasi bo‘lmadi. Barzangi pinagini buzmadi. Shu ahvolda asta-sekinlik bilan ming azobda o‘rnimdan qo‘zg‘alaverdim.
* * *
Ne azobda, chirana-chirana nihoyat qabristonga kirib keldim. Bu lahzalarni qanchadan beri kutardim, axir! Kirib kela boshlaganim zahoti birdan yengil tortgandek bo‘ldim. Yelimlar ham meni tark etib, nafas olishim, qadam tashlashlarim yengillashdi. Barzangi ham bir siltanib ko‘zdan g‘oyib bo‘lgandi. Sal chehram ochilib qabristonni ko‘zdan kechira boshladim. Qorong‘i tushgani bois osmon qoramtir tusga kirgandi. Ammo qabriston yorug‘, meni hayron qoldirib atrofda kezayotgan har bir murda o‘zidan nur taratardi. Kimdandir yorqinroq, yana kimdandir xiraroq nurlar taralib ko‘zni qamashtirardi. Men ham o‘zimni shosha-pisha tekshirgan bo‘ldim. Afsus, mendan negadir nur taralmasdi. Xuddi osmon kabi qop-qora edim.
— Ha-a, bular so‘roq-savollardan qutulib, arshi a’loga parvoz qilishni kutayotganlar-ku, — dedim o‘zimni yupatib. — Men bo‘lsam, yaqindagina keldim. Shuning uchun nur taratmayotgandirman!?. To‘xta, anavi kim? Negadir tanishdek…
Haqiqatan, hov narida menga orqa o‘girgancha juda tanish bir qiyofa egasi turar, undan taralayotgan o‘ta yorqin nur qabristonning yarmini yoritardi. Qiziqishim ortib asta unga yaqin bordim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, bu o‘sha muallim edi. Yaqindagina zulmat qa’rida uchratganim, mening maktabdagi muallimim edi. U qo‘llarida nimanidir mahkam ushlagancha nuqul kavshanardi. Shu asnoda tevarakka o‘g‘rincha qarab olishni-da unutmasdi. Yaxshilab razm soldim. Muallimning qo‘lidagi bir go‘shtga, bir kolbasaga o‘xshab ketardi. Buni ko‘rib beixtiyor ishtaham qo‘zg‘aldi. Og‘zimdan bilinar-bilinmas so‘lak oqib tushdi.
— Hoy muallim, — deya qichqirdim. — Sizam shu yerdamisiz? Ketmadingizmi u dunyoga hali? Yo olib ketishmadimi?
Muallim ovozimni eshitdi-yu, qo‘lidagini orqasiga berkitib oldi.
— Senga nima? — dedi do‘q aralash. — Xudoyim xohlagan kuni farmon beradi. Olib ketishadi. Sen o‘zingni bil!
— Nima yeyapsiz yashirib? — so‘radim uning gapiga e’tibor qilmay. — Go‘shtmi yeyotganingiz? Murdalar ham go‘sht yerkanmi?
— Bunga sendaqalarning fahm-farosati yetmaydi, — javob qildi muallim. — Yo‘lingdan qolma!
— Keling, mengayam bir bo‘lagini bering! Qarang, og‘zimdan so‘laklarim oqaverib hammayog‘imni ho‘l qildi. Beraqoling endi!
— Kerak bo‘lsa, o‘zing so‘rab ol yaqinlaringdan! Bu meniki!
— Go‘shtmi?
— Qanaqa go‘sht? Bu marhumlarning sevimli taomi. Esla, bir paytlar qamalib chiqqanding adashmasam. To‘g‘rimi?
— Xo‘sh, nima bo‘pti?
— O‘shanda senga «peredachka» olib borishganmi qarindoshlaring?
— Ha, olib borishgan. Nimaydi?
— Bu o‘sha «peredachka»ga o‘xshagan bir narsa. Lekin buni har kimgayam yuborishavermaydi. Insof-diyonatli, tirikligida savob ishlarni ko‘p qilgan, birovning dilini og‘ritmaganlarga yuborishadi. Qani, ko‘kka boqib bir so‘ra-chi, yuborisharmikan?
— Oti nima buning?
— Buni duoi-fotiha deydilar. Bandalar o‘lgach, yaqinlari duoi-fotiha qilishadi. Xuddi o‘sha sen tirikligingda suygan taoming ko‘rinishida qo‘lingga kelib tushadi.
Men muallimning bu gapidan keyin tosh qotdim. Bir og‘iz qarshi so‘z aytishga o‘zimda jur’at, kuch topa olmadim. Negaki, men tamom bo‘lgan banda, murda, arvoh edim. Yaqinlarim duoi-fotiha o‘qish tugul, bu haqda o‘ylab qo‘ymasliklarini ham bilardim. Ota-onam ham meni oq qildi. Balki oq qilishmasa, o‘shalar arshi a’lodan manavining qo‘lidagiga o‘xshash duolarni yo‘llab qornimni to‘ydirisharmidi. Yo‘q, yo‘q, men muallimning qarshisida mulzam tortishni, past ketishni xohlamayman. Nima bo‘lgandayam, bizning oramizdagi farq juda katta. Bunaqalar mendek Daminboyga teng bo‘la olishmaydi. Teng bo‘lmasligi ham kerak. Yaxshisi, nasroniylar qabristoniga o‘taman. Balki o‘sha yerdan qornimni to‘ydirgudek, nafsimni qondirgudek biror imkon toparman…
Men qo‘lidagini tamshana-tamshana yeya boshlagan muallimga nafrat va viqor bilan qarab qo‘ydim-da, nasroniylar qabristoniga yo‘l oldim.
(davomi bor)
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”