Xotinim soch turmagini o‘zgartiribdi. Yuz-ko‘zlariga keragicha bo‘yoq chaplabdi. Uning yonida esa Sarvinoz qizim bosh egib o‘tirar, onasi unga nimalarnidir uqtirardi.
Ochig‘i, televizorning varanglagan tovushi menga yaqinlarimning suhbatini eshitish uchun imkon bermayotgandi. Tezroq televizorni o‘chirib qo‘yishlarini tilab ularni bir necha marotaba aylanib o‘tdim. Ammo xotinim ham, qizim ham qimir etmadi. Demak, ular men kelganimni payqashmadi. Xo‘sh, nima qilsam bo‘ladi? Ular suhbatga shu qadar berilib ketishganki, hatto televizordagi yallachining ashulasi ham quloqlariga kirmayotgandek. Unda nega televizorni varanglatib olishdi? O‘chirib keyin gaplashishsa bo‘ladi-ku! Yo‘q, nimadir qilish kerak. Sarvinozning yaqindagina qilib qo‘ygan ishi hanuz ko‘z o‘ngimdan ketmayapti. Agar bilsa, undan juda xafaman. Kelib-kelib mening yugurdagim, zotining tayini yo‘q qo‘riqchim bilan don olishishi meni juda ranjitgandi o‘sha kuni…
Nima bo‘larkin deb bir necha marta yo‘talib ko‘rdim. Foydasi bo‘lmadi. Suhbat davom etaverdi, yallachi ashula aytishni bas qilmadi.
Azbaroyi alamim kelganidan bor ovozda baqirdim. Yana naf bermadi. Ochlik esa meni battar zabtiga olib, holim qurib borayotganini aniq-tiniq his eta boshlagandim. O‘ylay-o‘ylay, oxiri topdim. Adashmasam, qaysidir kinodami, ko‘rsatuvdami, ko‘zim tushgan. Arvoh kechasi xuddi men kabi uyiga kirib kelgan-u, manavinga o‘xshab varanglayotgan televizorni bir ishora bilan o‘chirib qo‘ygan. Ketidan uy chirog‘ini, gazni o‘chirgan. Demak, arvohlar bu ishni uddalay olishadi. Ammo qanday? Televizor pultini qo‘limda tuta olmayman, buni bilaman. Yaqin borib tugmachasiga qo‘l yuborishim ham foyda bermaydi. Chunki men hozirgi holatimda odam emas, odamning arvohiman xolos. Arvohlar esa qo‘li bilan nimanidir tutish, ko‘tarishdan mosuvo bo‘lishadi. Undan chiqdi, ishorani ishga solib ko‘raman…
Men titroqlar tobora kuchaya borayotganiga e’tibor qaratmaslikka urinib o‘ng qo‘limni oldinga uzatib bir siltadim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, televizor o‘chdi, ha, o‘chdi!..
Quvonchdan sakrab ketdim. Go‘yo telba kabi xotinim va qizimni aylanib raqs tusha ketdim. Ochlikni ham unutdim. Lekin bu vaqtincha edi. Ochlik baribir mendan ustun edi. Raqs tushishdan to‘xtab yaqinlarimning holatiga razm soldim.
— Voy, Sarvinoz, nega televizor o‘chib qoldi? — so‘radi xotinim ehtiyotkorlik bilan o‘rnidan turarkan. — Chiroqlar o‘chmagan-ku! Yo sen o‘chirdingmi?
— Qiziqchimisiz? — dedi Sarvinoz yelka qisib. — Pult hov ana, xontaxtaning tagida yotibdi.
— Yoq unda! Zo‘r ashula bo‘layotgandi-ya!
Sarvinoz ko‘ngli nimanidir seza boshladimi, ehtiyotkorlik bilan o‘rnidan qo‘zg‘aldi-yu, xontaxta ustidagi pultni qo‘liga olib televizorni yoqdi. Biroq men darhol yana qo‘l ishorasi bilan televizorni o‘chirib qo‘ydim.
— Oyi, bu televizorning tomi ketib qolgan shekilli, — dedi Sarvinoz pult tugmachasiga qaytadan qo‘l yuborib. — Qarang, mana, yoqdim-a? Endi qarab turing, hozir o‘chib qoladi…
Sarvinoz haq edi. Men televizor yonishi bilan o‘chirib qo‘yaverdim.
— Mayli, qo‘yaver, oti o‘chsin, — qo‘l siltadi xotinim. — Ertaga Nozimjonga aytarsan, tuzatib beradi.
Nozimjon kimligini bilaman. O‘sha iflos mening qo‘riqchim edi. Xuddi o‘sha Nozim Sarvinoz qizimni yo‘ldan urib qo‘yniga kirgandi. Demak, buni xotinim ham bilarkan-da! O‘zi uyushtirgan ekan-da! Eh, dunyo shunchalar bevafo bo‘ladimi, axir? Bir umr shu non yemaslarni deb yelib yugurdim, kerak bo‘lsa, o‘g‘irlik qildim, narkotik sotdim, odam o‘ldirdim. Nimaiki qilgan bo‘lsam, shular kamlik ko‘rmasin, oila oiladay bo‘lsin, dasturxondan noz-ne’mat arimasin, yaxshi yeyishsin, kiyishsin, qimmat mashinalarda yurishsin deb jon fido qildim…
Ha-a, mana shu yaramas xotinim nuqul menga muhabbat izhor qilib charchamasdi. Ilonday qo‘ynimga eshilib kirib, yana shunday chiqib ketardi. Hammasi yolg‘on ekan. Mana, ochlikdan sillam qurib uyimga kelgandim. Birontasi kelganimni sezsa, bezovtaligimni, azobda qolganimni payqasa, duoi-fotiha qilarmikan, meni xotirjam torttirarmikan, hech bo‘lmasa narigi dunyoda baxtli yashashimda ko‘maklasharmikan, degan niyatda edim. Bir pul ekan o‘ylaganlarim, umidlarim. Sezish tugul eslab ham qo‘ymayotgan ekan bu tekinxo‘rlar…
— Nega bu qandni yeding? — baqirdim kutilmaganda uy pardalarini uyoqdan-buyoqqa siltab. — Men keldim, eshityapsanmi, ifloslar, men! Menga qaralaring! Nega buzuqlik qilyapsanlar? Senlarni shu niyatda boqqanmidim?..
Baxtga qarshi ular meni umuman eshitishmasdi. Aksiga olgandek qancha siltamay, uy pardasi nomigagina qimirlab qo‘yar, bir parcha mato ham meni mensimayotgani, bo‘ysunmayotgani alam qilardi.
Shu tobda ro‘paramda to‘satdan iblis paydo bo‘ldi. Uning ko‘zlari chaqnar, og‘zi qulog‘ida edi.
— Qayg‘urma-a, — dedi u meni asta ortga yetaklab. — Nega jahl qilasan? Joningda qasding bormi, nodon? Bunday yo‘l tutmaydilar aqlli odamlar.
— Qanday yo‘l tutadilar? — alam va zarda aralash so‘radim iblisdan. — Sen qayerdan paydo bo‘la qolding? Pishirib qo‘yibdimi mening uyimda?
— Iye, axir, sening chin do‘sting menman-ku hozir! Og‘ir kuningda yordam bermasam, nima qilib yuribman?
— Xo‘sh, qanday yordam bermoqchisan?
— Birinchidan, — dedi iblis. — Qabristondagi qorin to‘ydirayotganlarga bekor havas qilding. Ularning yemishi omonat. Sen och yurishga, shunda ham kuchdan qolmaslikka ko‘nikishing kerak. Ana shunda hech bir arvoh ishtahangni qo‘zg‘ata olmaydi. Bu yemishlar omonat, ha, bugun bor-u, ertaga yo‘q. Ishon, menga quloq tutsang, kam bo‘lmaysan. Esla, ilgariyam bu gapni aytgandim senga. Tirik ekaningda qop-qop pul topding. O‘shandayam men yoningda bo‘ldim, senga xiyonat qilmadim. Hatto pullaringni yarim kechalari sanab chiqqaningdayam erinmasdan, og‘rinmasdan ro‘parangda o‘tirganman. Unutdingmi? Tovushsiz, miyangga kirvolib yo‘l-yo‘riq ko‘rsatganlarim esingdan chiqdimi? Buyam mayli. Qamalishingga bir bahya qolgandi. Agar men bo‘lmasam, hozir o‘lmasdan, qamoq jazosini tortib o‘tirgan bo‘larding. Baribir manavi uyingdagilar uchun hech kimga aylanarding. Bular hatto qamoqxonaga ovqat ham olib borishmasdi. Unutishardi, senga dalda bo‘lish o‘rniga pullaringni bo‘lishishga tushishardi. Mana, bo‘lishdiyam. Yarimdan ko‘p boyligingni qizing o‘ynashiga xatlab qo‘ygan. Bundan xabaring yo‘q. Hamma boyliklaringni talon-taroj qilib bo‘lishdi. Sen bo‘lsang, bulardan qayoqdagi duolarni tilab o‘tiribsan. Bunday duolar senikiga o‘xshaganlarda bo‘lmaydi. Ularga qashshoqlar, bir burda nonni ertadan kechgacha ahmoqdek ter to‘kib ishlab topadiganlar egalik qilishadi. O‘yla, kallani ishlat, duoga hayotda qorin to‘ymaydi. Shuning uchun unut uni! Manavilarga qanday jazo berish yo‘lini o‘yla!
— Men qanday jazo bera olardim, — dedim iblisning gaplaridan so‘ng bo‘shashgancha uy burchagiga cho‘karkanman. — Ojizman men, ojiz! Gapimni eshitishmasa, baqirsam ham bir tuki seskanmasa…
— Sen ojiz emassan! — dedi yanada jonlanib iblis. — Aksincha, kuchlisan. Sen o‘ta yovuz va dahshatli arvohsan. Bu qudratdan mening maslahatimga quloq tutsanggina to‘g‘ri foydalana olasan.
— Xo‘sh, nima qilishim kerak?
— Anavi xotinchangni bo‘g‘asan uyqusi orasida. Shunday bo‘g‘asanki, nafasi ichiga tushsin! Shundagina alamdan chiqasan, maqsadga yetasan. Baqirib, qichqirib o‘zingni abgor etma! Hali sen menga ko‘-o‘p kerak bo‘lasan, nodon!..
— To‘g‘ri aytasan, — dedim iblisning taklifi ma’qul kelgandek. — Bu tekintomoqlarning ko‘zini shu yo‘l bilangina ochish mumkin! Aqlingga balli! Mayli, men yovuz arvoh bo‘lsam, yovuzligimcha qolay. Lekin o‘limimdan keyin bularning ablahlik qilishlariga, meni oyoqosti qilishlariga yo‘l qo‘ymayman! Meni bir soniya bo‘lsin eslashga, xotirlashga yarashmadimi, menam tek turmayman. O‘ch olaman! Intiqom yaqin! Men zulmat qo‘ynida, yelimlar, musht-u tahqirlashlar changalida yursam-u, bular menga ko‘mak berishni xohlashmasa, javobim boshqacha bo‘ladi. Tug‘ilganiga pushaymon qilaman. Bildim, qizim ham, xotinim ham, qarindosh-urug‘im ham menga do‘stlik qilmaskan. Men ham do‘stlik qilmayman ularga. Xo‘sh, nimadan boshlaymiz, oshna, hujumni?..
Iblis bu gapimdan so‘ng hiring-hiring kulgancha tashqariga ishora qildi.
— Hozir qizingning yotog‘iga kirasan, — dedi u. — Qo‘riqching boyagina keldi. Ikkovlari ayshni boshlab yuborishgan. Boshlanishiga karavotni siltab tashlaysan! Yo‘q, siltashga hojat yo‘q. Adashmasam, ular allaqachon uyquga yotishgan. Bo‘g‘asan qizingni! Shunday bo‘g‘asanki, tun bo‘yi o‘tirib, yurib, qon yig‘lab chiqsin! Sendek otani oyoqosti qilgan qizning jazosi shu.
— Shunda meni eslaydimi? — so‘radim iblisga umidvor boqib. — Kelganimni sezadimi?
— Qayerdan ham sezardi? Yaqinlaring ham o‘zimizdan, oshna! Hammasi birday xudosizlar! Mening aka-ukalarimdan qaysilaridir boshqaryapti ularni. Ammo men aka-ukalarimga so‘zimni o‘tkaza olmayman. Shunday ekan, qo‘rqma, o‘ylanma, ikkilanma! Ko‘mganda sezishadi seni! Hozir o‘ch olish payida bo‘l. Tinchlanasan, yengil tortasan.
Iblisning gaplari menga qayta jon bag‘ishlagan kabi sergak tortdim. Oldin xotinim yotgan xonaga mo‘raladim-u, undan keyinroq alamimni olishga ahd qilib Sarvinozning xonasiga yo‘l oldim.
Iblis haq edi. O‘tgan galdagidek qo‘riqchim ikkalasi quchoqlashgancha uxlashardi. Xona chirog‘i o‘chirilgan bo‘lsa-da, men ularni xuddi kunduzdagidek aniq-tiniq ko‘rib turardim.
— Xo‘sh, qanday bo‘g‘aman? — so‘radim iblisdan. — Qo‘llarim tiriklarni tuta olmaydi, buni bilaman. Nima qilsam bo‘g‘a olaman?
— Qo‘l tekkizishingga sira hojat yo‘q, — dedi iblis hanuz hiringlab. — Chap qo‘lingni uzat-da, xayolan qizingning chap qo‘lini tomoqlariga o‘ra, chirmashtir! Mahkamroq, kuchliroq chirmashsin qo‘li! Natijasini o‘zing ko‘rasan.
— O‘lib qolmaydimi qizim?
— Jinnimisan? Senikilar tegirmonga tushsa, tirik chiqadi. O‘lib qolmaydimi emish. Ular o‘zlarini ja yaxshi ko‘rishadi. O‘lib bo‘pti!..
Men iblis tayinlagandek chap qo‘limni qizim tarafga uzatdim-da, xayolan uning nozik qo‘lini tomog‘iga chirmashtira boshladim. Oh, mana buni qudrat desa bo‘ladi. Men o‘lganimdan beri bu qadar qudratga ega ekanimni bilmagan ekanman. Qattiqroq chirmashtirganim sayin qizim avvaliga chuqur harsilladi. Keyin esa xirillab jonholatda siltana boshladi…
(davomi bor)
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”