11:30 / 21.03.2019
5 833

Oqibat rishtasini uzgan tikuvchi

Oqibat rishtasini uzgan tikuvchi
Yosh yigit qoʻli gul tikuvchi edi. Bisotida bir tikish mashinasi va bir kichkina doʻkonidan boshqa narsa yoʻq. Erta tongdan yarim tunga qadar, baʼzan tunni tonga ulab ishlasa-da, juda oz pul topardi. Bir izgʻirin qish kechasi, doʻkonni yopib, ijara uyiga qaytayotib, elektr pechkani oʻchirishni unutib qoldirdi. Bu faromushlik oqibatida, kichik doʻkoni va tikuv mashinasi kuyib kul boʻldi. Endi na ishi, na puli bor. Endi ish izlar, hammollik qilar, bozorda arava haydardi. Ammo topgan puli turgan joyining ijara haqiga ham yetmasdi. Oxir-oqibat uy egasining ham sabri toshib, kichik chamadoni bilan yigitni koʻchaga chiqarib qoʻydi. Qishning qor-qirovli, koʻzdagi yosh qotib muzlab qoladigan kunlarida, yigitning xiyobondan boshqa boradigan yeri yoʻq edi. Bir kuni ertalabdan kechgacha ish qidiraverib oyoqlarida darmon qolmadi. Ochlik va sovuqdan holdan toyib, yoʻl chetida oʻtirgan edi, oldiga soʻngi rusumdagi avtomobil kelib toʻxtadi. Yigit, tezda mashinasidan tushib, orqa eshikni ochmoqchi boʻlgan haydovchini toʻxtatishga urindi va yolvora boshladi:

-­- Qoʻyavering, oʻz holimga qoʻying meni. Bir amallab xiyobonga yetib olsam boʻldi, hech kimga zarar yetkazmayman. Men oʻgʻri emasman, qoʻyvoringlar meni...

Koʻrinishidan badavlat, tadbirkorligi koʻrinib turgan keksa odam, bir necha odim yurib tikuvchi yigitning titrab-qaqshayotganini sezdi. Tikuvchi yigit esa shu ahvolida ham tadbirkorning ustidagi paltosiga diqqat bilan qaradi. Koʻngli buzilib, tikuvchiga rahmi kelgan tadbirkor kishi “essiz, shunday yigit-a, bunga qanday yordam bersam ekan, paltomni yechib bersammikan? Isinishni xohlayapti shekilli?” deya oʻyladi. Ammo tikuvchi yigit paltoning issiqligini emas, qalin va sifatli moʻyna boʻlsa-da, kishining qomatiga mos, yarashiqli qilib tikilmaganini oʻylayotgan edi.

Keksa tadbirkor tikuvchi yigitning yoniga yaqinlashdi va:

– Bu ayozli kunda xiyobonda nima qilyapsan, oʻgʻlim? Istasang paltomni senga beraman, dedi.

– Yoʻq, rahmat, dedi tikuvchi yigit unga javoban. – Men shunchaki paltoingiz sizga yarashmaganini, matosi juda qalin va sizni semiz koʻrsatayotganini oʻylagandim.

Keksa tadbirkor, bu javobdan taajjubga tushdi. Chunki u egnidagi paltoni juda qimmat narxda tiktirgan edi, garchand tikuvchisi palto unga yarashib turganini aytgan boʻlsa-da, bu paltoda oʻzini noqulay his etardi.

– Oʻzing sovuqdan titrab turibsan-ku, bunday narsalarga eʼtibor berishingni qaraya? – hayrat bilan soʻradi tadbirkor!

– Men tikuvchiman, dedi yigit.

– Qani boʻl, mashinaga chiq, kimligingni, hayotingni yoʻlda gapirib berarsan, deya tikuvchi yigitga mashinaga chiqishiga yordam berdi ishbilarmon odam.

Bu uchrashuv tikuvchi yigitning hayotida ulkan burilish yasadi. Kasb-korli, hunari bilan odamlarga nafi tegadigan yigitning uysiz, ishsiz yurganini eshitib rahmi kelgan savobtalab ishbilarmon odam yigitga doʻkon ochishi va ilgarigidek hunarini ishga solishini uchun xolisan yetarli sharoit qilib berdi. Tikuvchi yigit ishbilarmon odamga boshdan oyoq kiyim tikib berdi va natijada tadbirkor, badavlat kishilar orasida nomi chiqdi. Buyurtmalar ustma ust kelaverdi. Tikuvchi ishini sogʻingan edi, buning ustiga shuhrati kundan kun ortib borayotgani gʻayratini oshirib bor vujudi bilan ishga shoʻngʻib ketdi. Keksa tadbirkorning moddiy-maʼnaviy koʻmagi bilan ochilgan kichkinagina tikuvchilik doʻkoni hashamatli modalar uyiga aylandi. Endi tikuvchi yigit mashhur ishbilarmon kishiga aylandi va modalar uyiga tajribali tikuvchilarni ishga jalb etdi. Endi u oʻziga xos nomda liboslar ishlab chiqarish harakatida edi.

Bir kuni tikuvchi yigitning shu darajaga erishishiga yordam bergan keksa tadbirkor uning oldiga keldi. Bu paytda ishbilarmon tikuvchi foydali hamkorlik yuzasidan xorijga ketayotgan edi, samolyotga chiqishiga juda oz fursat bor edi. Ular biroz suhbat qurganlaridan soʻng, birdan keksa tadbirkorning ahvoli ogʻirlashdi. Yurak xuruji tutib oʻzidan ketib qoldi. Shu zahoti “Tez yordam” mashinasi chaqirib, keksa ishbilarmonni kasalxonaga joʻnatgan tadbirkor tikuvchi esa foydali ishni qoʻldan chiqarmaslik uchun aeroportga qarab joʻnadi.

Keksa ishbilarmon yurak xurujini yengib, oʻziga keldi, uzoq vaqt kasalxonada yotishiga toʻgʻri keldi. U kasalxonada shiftga termulib yotar ekan, tikuvchi yigitning yoʻqlab kelishini hech boʻlmasa telefon orqali hol-ahvol soʻrashini kutardi. Ammo juda koʻp pul topish maqsadida u yoqdan bu yoqqa chopayotgan va ishga shoʻngʻib ketgan tikuvchi, bir paytlari xiyobonda sovuq va ochlikdan oʻlib ketishi mumkin boʻlgan paytda Alloh joʻnatgan najotkor ishbilarmon odam xayoliga ham kelmasdi.

Yana kutilmaganda, tikuvchining ishlari orqaga keta boshladi. Fabrikalarini yopishga majbur boʻldi. Juda katta qarzga botdi. Tirikchiligiga yarab turgan tikuvchilik doʻkonini zoʻrgʻa oʻzida saqlab qoldi.

Uyat va xijolatda qiynalib keksa ishbilarmonning huzuriga bordi va undan qayerda xato qilganini soʻrashga jazm etdi. Tikuvchining koʻrnamakligidan qattiq dili ogʻrigan keksa ishbilarmon uni qabul qildi va savoliga javob olgach, shunday dedi:

– Bir zamonlar kambagʻal bir oʻtinchi boʻlgan ekan. U oʻrmondagi bir kulbada yashar va oʻtin kesib sotib, shu bilan tirkchiligini oʻtkazar edi. Bir kuni oʻtinchining kulbasidan yongʻin chiqdi va olov butun oʻrmonning kulini koʻkka sovurdi.

Endi u tomonlarda biror kishi unga ishonib ish bermasligini bilgan oʻtinchi, xalta-xoʻrjinini yigʻishtirib, eshagini minadi-da, yoʻlga tushadi. Bir payt yogʻochlarning orasidan yurib oʻtarkan, kimningdir oʻziga gapirayotganini eshitadi. Boshini koʻtarib qarasa, gapirayotgan bulbul ekan. Bulbul unga: “Ahvolingga juda achindim, senga bir yaxshilik qilsam qilibman. Eshaging hangrash oʻrniga, juda goʻzal qoʻshiqlar aytadi. Sen esa uni kuylatib qoʻyib juda koʻp pul topasan, boyib ketasan” debdi.

Haqiqatan ham eshak bir-biridan chiroyli qoʻshiqlar ayta boshlabdi. Oʻtinchi shaharma shahar, qishloqma qishloq kezib eshagiga qoʻshiq kuylatar, ularning ovozasini eshitgan kishi borki, dovrugʻini yana-da doston qilarmish. Oʻtinchi va uning qoʻshiqchi eshagi butun oʻlkaga mashhur boʻlibdi. Bir kuni odamlarga eshagining qoʻshigʻini eshittirib pul ishlashga ketayotgan oʻtinchi, bulbulning yordam soʻragan ovozini eshitibdi. Bir mushuk bulbulni yeb qoʻyish uchun tutib olgan ekan. Uni qutqarmoqchi boʻlibdiyu, birdan esiga odamlar eshagining tomoshasini kutayotgani tushibdi. Bir bulbulni deb shuncha puldan quruq qolishni istamay, eshagiga qamchi bosib odamlar toʻplangan yerga chopibdi. Tomosha boshlangach, oʻtinchining eshagi har galgidek qoʻshiq kuylash oʻrniga oddiy eshakka xos ovoz chiqarib hangrabdi. Oʻzlarini aldaganlikda ayblab, oʻtinchini boplab kaltaklashni tomoshabinlar qoʻlidan arang qochib qutulibdi. Oʻtinchining kir bosgan aqli oʻsha onda tiniqlashib, bulbul oʻlgan zahoti sehr kuchi ham yoʻqolganini anglabdi...

Men ham sening bulbuling edim, deya davom etibdi keksa ishbilarmon. – Sen meni oʻldirding va shuning uchun ham sehr kuchi yoʻqoldi. Yaʼni menga oqibatsizlik qilding, koʻrnamaklikning javobi esa oʻsha neʼmatlarga muhtoj boʻlishdir. Ha, afsuski, sen goʻzal kiyimlar tikding-u, doʻstlik, mehr-oqibat va yaxshilikka munosiblik rishtalarini uzding...

Tikuvchi yigʻlab yubordi. Uning ortiq bir soʻz deyishga-da holi qolmagan edi...
Turk tilidan Umida Adizova tarjimasi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Oqibat rishtasini uzgan tikuvchi