Barcha hamdlar Allohga xosdir. Alloh barchamizning qilayotgan xayrli amallarimizni qabul qilsin, maxfiy va oshkora qilayotgan amallarimizni riyodan holi bo‘lishida o‘zi madad bersin.
Musulmon kishiga muborak Ramazon oyida quyidagi amallarni qilish tavsiya etiladi:
Ramazon oyida musulmon bandaning kuni saharlikdan boshlanadi. Saharlikni iloji boricha tunning oxirgi qismiga surgan afzal.
Saharlikdan so‘ng mo‘min inson bamdod namoziga tayyorgarlik ko‘ra boshlaydi, chiroyli tahorat qilib, azon aytilishidan avval masjid tomon yo‘l oladi. Masjidga kirgandan so‘ng ikki rakaat tahiyyatul masjid namozini o‘qiydi va duo, zikr yoki Qur’on tilovati bilan mashg‘ul bo‘ladi. Azonni eshitganida muazzinning so‘zlarini qaytaradi, azon so‘nggida esa sunnatga muvofiq duo qiladi. So‘ngra turib bamdod namozining ikki rakaat sunnatini o‘qiydi va iqoma aytilgunga qadar yana duo va zikrlar bilan mashg‘ul bo‘ladi. Shu holatda namozni kutib o‘tirgan inson xuddi namozda turgandek hisoblanadi.
Jamoat bilan bamdod namozini ado qilgandan keyin Kitob va Sunnatda kelgan zikrlarni qilib, Allohga duo qiladi. So‘ngra agar istasa masjidda qolib to quyosh chiqqunga qadar Qur’on tilovati yoki zikr bilan mashg‘ul bo‘ladi. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam ko‘pincha shunday qilar edilar. Quyosh chiqib biroz ko‘tarilganidan so‘ng (taxminan chorak soatdan so‘ng) Zuho (choshgoh) namozini o‘qishi ham mumkin. Istasa bu namozni kechroq, quyosh baland ko‘tarilib, kun qiziganda o‘qishi mumkin va bu afzalroqdir.
Agar ishga boradigan bo‘lsa namozdan so‘ng biroz uxlab dam olishi ham joiz. Uxlashdan avval ko‘proq kuch yig‘ib, xayrli amallarni ko‘paytirishga niyat qilib yotilsa bandaning bu amali uchun ham ulug‘ ajrlar beriladi, inshaalloh. Shuningdek uxlashda ham sunnatga muvofiq ish tutilsa, nur ustiga a’lo nurdir.
Uyqudan turib ishga boriladi va Peshin namoziga qadar o‘z ishlari bilan mashg‘ul bo‘ladi. Peshin kirishidan biroz avvalroq masjidga borib, oldingi saflardan joy olishga harakat qilish lozim. Azon aytilganidan so‘ng to‘rt rakat sunnat namozi o‘qiladi va iqoma aytilgunga qadar zikr bilan mashg‘ul bo‘linadi. Peshinning farzini jamoat bilan ado etilganidan so‘ng, yana ikki rakaat sunnat o‘qib, ishga qaytadi.
Agar Asr namoziga qadar ishlarini tugatsa, Asr vaqti kirguncha biroz dam olishi mumkin. Bo‘lmasa xuddi yuqorida aytilgani kabi Asr namoziga chiqib keliniladi. Asrdan so‘ng iftorga tayyorgarlik ko‘riladi. Imkoni bo‘lsa uyga ertaroq qaytib, o‘z ahli bilan foydali va xayrli amallar bilan mashg‘ul bo‘ladi. Albatta bunday amallarning eng afzali boshqalarga iftor qilib berishga tayyorgarlik ko‘rishdir.
Iftor qilib og‘iz ochganidan so‘ng masjidga chiqib jamoat bilan Shom namozini o‘qiydi. So‘ngra ikki rakaat nafl (sunnat) o‘qib uyga qaytadi va bemalol ahli oilasi bilan ovqatlanadi. Bunda juda ko‘p ovqat yeb yuborishdan tiyilish lozim.
Ovqatdan so‘ng o‘zi va ahli oilasi uchun foydali bo‘lgan amallar bilan mashg‘ul bo‘lish shart. Bunday payt qilinishi mumkin bo‘lgan amallarning eng yomoni televizor orqali namoyish etiladigan bema’ni va befoyda ko‘rsatuvlar, kino va seriallarni ko‘rish. Kishi qiyomat kuni nafaqat o‘zi uchun, balki o‘z oilasi uchun ham javobgar ekan, ularni bunday harom narsalardan qaytarish ham uning zimmasidadir.
Mana hufton namozi vaqti ham yaqinlashib qoldi. Mo‘min inson namozga tayyorgarlik ko‘radi va masjidga biroz ertaroq borib zikr qilib azonni kutadi. Jamoat bilan hufton namozini ado qilganidan so‘ng ikki rakaat sunnat o‘qib taroveh namoziga turadi. Taroveh namozida fikrini bir joyga jamlab, imomning qiroatiga quloq tutadi. Shuni eslatib o‘tamizki, imomdan avval namozni tark etish yaxshi emas.
Taroveh namozidan so‘ng o‘zi istagan ishlar bilan mashg‘ul bo‘lishi mumkin, lekin bunda quyidagi narsalarga e’tibor qaratishi lozim:
Harom va shubhali ishlardan yiroq bo‘lish. Oila a’zolarining holidan xabar olib, ularning ham vaqti foydali va shu bilan birga qiziqarli o‘tishini ta’minlab berish.
Zarur ishlar bilan mashg‘ul bo‘lish va bekorchi ishlarni tark etish.
So‘ngra ertaroq uxlashga harakat qilish kerak. Agar yotishdan oldin biroz Qur’on tilovat qilaman, desa bu ham yaxshi. Agar kishi o‘zi uchun kundalik qiroat qilinadigan oyatlar yoki sahifalar sonini belgilab olgan bo‘lsa, belgilangan miqdoricha qiroat qilib so‘ngra uxlagani afzal.
Saharlikdan biroz avval uyg‘onib duo qilish ham yaxshi amallardan. Sababi kechaning oxirgi qismida Alloh taolo birinchi osmonga tushib bandalarining duolariga quloq soladigan va ularga javob beradigan paytidir. Mana shu paytda qilingan tavbalar ham qabul bo‘lishi ehtimoli juda katta. Shunday ekan bunday imkoniyatni qo‘ldan boy bermaslik lozim.
Zokir Karimqulovning Facebook sahifasidan
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi