00:05 / 14.05.2019
4 319

Eng oddiy erkinlik zarurati

Eng oddiy erkinlik zarurati
Mening fikrimcha, musulmonlardagi fikriy falajlikning dastlabki sabablaridan biri siyosiy istibdod-diktaturadir. Chunki inson doimiy nazoratda ekanini, zulm kaltagi boshi uzra aylanib, hayotiga nuqta qo‘yilishi mumkinligini va gardaniga musht tushib, hurmati poymol qilinishini, hamda qo‘liga kishan solinib, ahli va farzandidan xabar kelmaydigan qamoqlarga tashlanishini bilib, qo‘rqib yashashi va yana o‘z yo‘lida davom etishi oson ish emas.

Insonning ruhiy xotirjamlikka ehtiyoji taomga bo‘lgan ehtiyoji kabidir.

Makkani insho etishdan biroz oldin Ibrohim alayhissalom insonning ham moddiy va ham ma’naviy huquqlarini barobar qiymatlab, shunday duo qildilar:
"Ibrohimning: «Robbim, buni omonlik yurti qilgin va ahlidan Allohga va qiyomat kuniga iymon keltirganlarini mevalar ila rizqlantirgin», deganini esla" ("Baqara" surasi, 126-oyat).

Odamlarni kaltaklashga buyurilgan askar, poyafzali ostida dunyodagi eng katta miya ezg‘ilanayotganiga parvo qilmaydi. Chunki u miya bilan miyaning farqiga bormaydi. Faqat buyruqni bajarishnigina biladi. Qisqasi, jabbor-zolimning qo‘lidagi bashariy asbobdir.

Qur’oni karim fir’avnlar siyosatini (ya’ni, istibdodni) tavsiflagan paytda buyuruvchi va bajaruvchilarni bir yo‘lda deya ta’riflaydi:
"Albatta, Fir’avn, Homon va ikkovlarining askarlari xatokorlardan bo‘lgan edilar", ("Qosos" surasi, 8-oyat).
Shayx Muhammad G‘azzoliy, "Islomiy hayot yo‘lidagi muammolar" kitobidan


Darhaqiqat, fikriy erkinlik insonga berilgan eng katta va oliy ne’mat. U tufayli insoniyat taraqqiy etadi, Allohning yerdagi haqiqiy xalifasiga aylana oladi. Keyingi asrlardagi fikrlash inqirozi va turg‘unlikning hamda natijada musulmonlar tobe’ va yetovda bo‘lib qolishining tashxisini shayx Muhammad G‘azzoliy juda to‘g‘ri qo‘yganlar. Chunki biz musulmonlarning har jabhada ortda qolayotganimizning sababi uzoq yillar, balki asrlardan beri islom olami hokimlari tomonidan istibdod iskanjasida qolayotganidir. E’tiqodi, fikri va so‘zi tufayli ta’qib ostida bo‘layotganidir.

Agar istibdod zanjirlari yechilsa, fikriy-e’tiqodiy ta’qiqlar olinsa, musulmon ongida ham hurriyat epkinlari essa, o‘z so‘zi va fikrini erkin ifodalay olsa, fikriy turg‘unlik to‘xtaydi. Endi avvallari bo‘lganidek, musulmon millatlar insoniyat karvonining oldiga chiqadilar va ilohiy risolat sohiblari bo‘lgani uchun karvonni to‘g‘ri yo‘lga elta oladilar. Bu peshqadamlikdan esa olam faqat yutadi, faqat manfaatlar oladi. Hozirgi vaylot va muammolaridan qutuladi.

Buning uchun oddiy narsa - fikriy erkinlik zarur xolos.
Mubashshir Ahmad

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Eng oddiy erkinlik zarurati