20:00 / 18.06.2019
3 355

Nega ba’zi kasalliklarda muolajalar naf bermaydi?

Nega ba’zi kasalliklarda muolajalar naf bermaydi?
Ba’zan xastaliklarni davolash uchun turli an’anaviy va noan’anaviy usullarni qo‘llash, eng qimmat va noyob dori-darmonlarni sinab ko‘rish ham naf bermaydi. Misol uchun, oddiygina semirishdan aziyat chekib, ozish uchun o‘zini o‘tga-cho‘g‘ga uradiganlar, turli xildagi parhez-u sport mashqlarini qo‘llab ko‘radigan, ammo hech qanday ijobiy natijaga erisholmayotganidan noliydiganlar ko‘p uchraydi. Shunga qaramay, tibbiyotda gohida davolanmas deya e’tirof etilgan saratonni ham yengib o‘tganlar haqidagi gaplar quloqqa chalinadi.

Tibbiyotning eng qadimiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan psixosomatika buni insonning ruhiy holati bilan bog‘laydi. Psixosomatika (yunoncha «psixo» ─ ruh, «soma» ─ tana so‘zlaridan tarkib topgan) kasalliklarning paydo bo‘lishi va rivojlanishida ruhiy omillarning ta’sirini o‘rganuvchi fan hisoblanadi.

Mazkur nazariyaga ko‘ra, organizmda xastalik vujudga kelishiga jismoniy o‘zgarishlar bilan bir qatorda ruhiy buzilishlar ham sabab bo‘ladi. Agar xastalik dori va boshqa muolajalar natijasida ham barham topmasa, demak, muammoning yechimini ruhiyatdan qidirish lozim.

Dilrabo Muhammadjonova, oliy toifali shifokor, tibbiy psixolog:

─ Muayyan xastalikni dorilar orqali muolaja qilish uni vaqtinchalik to‘xtatishi, simptomlarni yo‘qotishi mumkin, ammo kasallik negiziga ta’sir ko‘rsatmaydi. Natijada sal vaqt o‘tgach, xastalik yana takrorlanishi, surunkali ko‘rinishga o‘tib ketishi, achinarlisi, boshqa jiddiy kasalliklarni ham ergashtirib kelishi mumkin.

Misol uchun, holsizlikka hech kim jiddiy e’tibor qaratmaydi. Bir uxlab tursam, o‘zimga kelaman, deb o‘ylaydi. Vaholanki, holsizlik to‘yib uxlash, vitaminlar qabul qilish bilan ham barham topmasligi mumkin. Agar u davolanmay qolaversa, immunitetning tushishiga sabab bo‘ladi, bu esa infeksion xastaliklarni yuqtirib olish xavfini paydo qiladi. Shu bois xastalik tibbiy muolajalar orqali shifo topmayaptimi, demak, ruhiyatni davolashga kirishish lozim.

Lekin, albatta, birinchi navbatda organizmdagi o‘zgarishlar (shamollash), ovqatlanish va dam olish tartibi kabilarga ham e’tibor qaratish kerak. Isitma qirqqa chiqib turganda ruhiyatning sog‘ayishini kutib turish yaramaydi, tibbiy muolajaga murojaat qilinadi. Ruhiy davoni birinchi va asosiy planga olib chiqish emas, undan qo‘shimcha samara vositasi sifatida foydalanish lozim.

Biroq psixolog huzuriga borish, ruhiyatni sog‘lomlashtirish kabi masalalarga hali jamiyatda jiddiy yondashuv shakllanmagan. Odamlar o‘z dardiga shifokordan davo topmasa, mulla-yu, azayimxonlardan najot istaydi...

Psixologlarning ta’kidlashicha, qo‘rquv, alamzadalik, nafrat, g‘azab, xafalik kabi ruhiy kechinmalardan o‘z vaqtida xalos bo‘linmasa, bu salbiy hissiyotlar yig‘ilib borib, kasallik uchun qulay sharoit hozirlaydi. Quyida eng ko‘p uchraydigan surunkali xastaliklarning qanday ruhiy-hissiy buzilishlar negizida shakllanishi haqida ma’lumot beramiz:

saraton ─ unutilmagan ginalar, o‘tmishdagi xafagarchiliklarni unuta olmaslik;

allergiya ─ hayotidagi qaysidir insonni (yoki o‘zini) qabul qila olmaslik, ularning borligidan g‘ijinish;

qalqonsimon bez xastaliklari ─ o‘z turmushidan, hayot tarzidan qoniqmaslik;

alkogolga ruju qo‘yish ─ kimningdir yoki o‘zining oldida aybdorlik hissini tuyish, o‘z shaxsiyatidan tonish, o‘zini foydasiz deb hisoblash;

ayollarda oy ko‘rish bilan bog‘liq muammolar ─ o‘zini ayol sifatida qabul qila olmaslik, ayollik rolini yaxshi ijro etolmayapman degan fikrdan qutula olmaslik;

xotiraning pasayishi ─ o‘z hayoti uchun javobgarlik mas’uliyatidan qochish, doimiy qo‘rquv ta’qibida yashash;

tomoq sohasidagi muammolar (tonzillit, angina, laringit) ─ o‘ylayotgan gaplarini til uchiga chiqara olmay, yuragida saqlab yurish natijasi;

kamqonlik (anemiya) ─ hayotda quvonchli lahzalarning yetishmasligi, o‘zini doimiy tushkunlikda his qilish;

bavosil (gemorroy) ─ eski xafagarchiliklar va ginalardan qutula olmaslik;

ko‘richak (appenditsit) ─ yangiliklarni qabul qilishdan qo‘rquv hissi;

ishtahaning yo‘qolishi ─ atrofdagilarga nisbatan muttasil ishonchsizlik hissi;

ishtahaning me’yoridan ortiq faolligi (ko‘p yeyish) ─ o‘zini himoyasiz sezish, yaqinlarining qo‘llab-quvvatlashiga shubha bilan qarash;

qon tomirlari kasalliklari ─ hayotidagi mavjud narsalardan zavqlana olmaslik, quvonch hissining yetarli emasligi;

diqqinafas (astma) ─ o‘zini himoyasiz sezish, negativ hissiyotlardan qutula olmaslik;

ateroskleroz (qon tomirlarining mo‘rtlashuvi) ─ oqimga qarshi suzish hissining kuchliligi, hayotdagi tabiiy jarayonlarni qabul qila olmaslik;

bepushtlik ─ ichki «men» ning me’yoridan ortiq kuchliligi, mas’uliyatdan qochish;

uyqusizlik ─ kimningdir oldida aybdorlik hissini tuyish, qo‘rquv;

Parkinson (mushaklarning qaltirashi) ─ hamma narsani doimiy nazoratda ushlab turishga intilish va buning uddasidan chiqa olmayotganidan achchiqlanish;

meteorizm (ichaklarda gaz to‘planishi) ─ o‘zini to‘laligicha namoyish etishdan qo‘rqish, amalga oshmagan orzular;

nafas yo‘li kasalliklari (gaymorit, bronxit) ─ oiladagi muhitning nomaqbulligi, doimiy janjallar;

varikoz (oyoq qon tomirlarining kengayishi) ─ o‘ziga ma’qul bo‘lmagan muhitda yashash, ishga haddan tashqari ko‘milib olish;

infeksion xastaliklar ─ hayotdan zavqlana olmaslik, doimiy tushkunlik kayfiyati;

vitiligo (pes) ─ o‘zi uchun begona muhitda yashash, dunyo meni borimcha qabul qilmayapti, degan qo‘rquv hissining ta’qib etishi;

surunkali shamollash kasalliklari ─ atrofingizdagi muhit sizning jahlingizni chiqaradi, ko‘p narsani o‘zgartirishni istaysiz, lekin uddasidan chiqa olmayapsiz;

homila tushishi ─ kelajak oldidagi qo‘rquv;

oshqozon kasalliklari ─ o‘z hayoti bilan bog‘liq muhim masalalarda bir qarorga kela olmaslik, qat’iyatsizlik, yangilikni qabul qila olmaslik;

jigar kasalliklari (xususan, gepatit) ─ hayotdagi o‘zgarishlarga qarshilik hissi, qo‘rquv, jahl, nafrat hissining to‘planib qolishi;

gerpes (uchuq) ─ qoliplarni, qoidalarni buzish istagi, bir xillikdan zerikish;

ko‘z kasalliklari ─ o‘zini qurshab turgan muhitdan norozilik hissi, o‘zini va yaqinlarini boricha qabul qila olmaslik;

ko‘rish qobiliyatining pasayib ketishi ─ kelajakdan qo‘rquv hissi;

eshitish qobiliyatining pasayishi ─ me’yoridan ortiq qaysarlik, tanqidni qabul qila olmaslik, atrofdan o‘zini izolyatsiya qilib olish;

bosh aylanishi─ keraksiz fikrlarga ortiqcha ahamiyat qaratish, mayda-chuydalarni ham ko‘ngilga yaqin olish;

bosh og‘rig‘i ─ o‘zidan qoniqmaslik hissi, doimiy ravishda o‘zini taftish qilish, kamchiliklaridan uyalish;

zamburug‘li kasalliklar ─ o‘tmishdagi noxush xotiralardan qutula olmaslik;

gripp ─ tashqi olamga qarshi isyon hissining paydo bo‘lishi, norozilik kayfiyati;

ayollardagi ko‘krak xastaliklari ─ o‘ziga yetarli darajada e’tibor qaratmaslik, o‘z istaklarini oxirgi o‘ringa qo‘yish;

churra (grija) ─ o‘z qobiliyatlarini yetarlicha namoyon qila olmaslik kayfiyati;

milk kasalliklari ─ hayotga nisbatan qat’iy munosabatning yo‘qligi, qat’iyatsizlik;

depressiya (surunkali stress) ─ himoyasizlik, o‘z tuyg‘ularini cheklash;

qandli diabet ─ zavqlanish uchun sabab topa olmaslik, chuqur tushkunlik kayfiyati;

o‘t qopidagi muammolar ─ kek saqlash, kibrlilik;

duduqlik ─ tuyg‘ularini to‘laligicha namoyish eta olmaslik;

shishlar ─ o‘zi uchun qadrli bo‘lgan narsalarni yo‘qotishdan qattiq qo‘rqish;

og‘izdan yoqimsiz hid kelishi ─ kimdandir qasos olish istagi, hasadgo‘ylik;

tanadan yoqimsiz hid kelishi ─ boshqalar bilan muloqotga krishishdan qo‘rquv hissi;

qabziyat (ich qotishi) ─ eski o‘y-xayollar, armonlardan voz kecha olmaslik, o‘tmishga bog‘lanib qolish, bugungi kun bilan yashay olmaslik;

jig‘ildon qaynashi (izjoga) ─ qo‘rquv;

semizlik ─ hissiyotlarni tan olishni istamaslik, o‘z shaxsiyatini inkor etish;

suyak kasalliklari ─ isyonkorlik hissi, boshqalarga bo‘ysunishni istamaslik;

gipertoniya (qon bosimining yuqoriligi) ─ hal qilinmagan hissiy muammolar;

gipotoniya (qon bosimining pastligi) ─ mehr va muhabbatga muhtojlik hissi;

enurez (peshob tutolmaslik) ─ kattalardan, asosan, otadan kuchli qo‘rquv hissi;

tutqanoq ─ doimiy ta’qib hissining bo‘lishi, o‘zini hech bir narsaga munosib ko‘rmaslik;

xurrak otish ─ stereotiplardan voz kecha olmaslik, yangiliklarni qabul qilishni istamaslik;

doimiy charchoq ─ o‘zi yoqtirmagan ish bilan shug‘ullanish natijasidagi tushkunlik oqibati;

ko‘ngil aynishi ─ qo‘rquv, o‘z qobiliyatini namoyish qila olmaslik;

yurak kasalliklari ─ surunkali stresslar, eski ginalarni unuta olmaslik, quvonchli onlarning kamligi;

sochlarning erta oqarishi ─ stress, hayotini nazorat qila olmaslikdan qo‘rquv hissi.

Ruhiy buzilishlarning konkret xastaliklarni keltirib chiqarishi, ularning yuqoridagi kabi bog‘liqligini chuqur tadqiq qilgan amerikalik psixolog Luiza Xeyning ta’kidlashicha, inson doimo hissiyotlar qurshovida yashaydi va har bir his jismda ham, ruhda ham o‘z izini qoldiradi. «Quvonch yoshartiradi, qo‘rquv qaritadi» , ─ deydi u.

Psixolog vaziyatni o‘zgartirish insonning o‘ziga va irodasiga bog‘liqligini ta’kidlaydi:

«Xastaliklar ko‘pincha o‘zidan qoniqmaslik, hayotdan va odamlardan norozilik, eski ginalarni unuta olmaslik, nafrat, o‘ziga mos kasb bilan shug‘ullanmaslik, qo‘rquv kabilar negizida paydo bo‘ladi. Ularni bartaraf etish esa o‘z qo‘lingizda, ozgina iroda bo‘lsa bas: hayotni ham, insonlarni ham, eng muhimi, o‘zingizni ham boringizcha seving va qabul qiling. Illo, har bir shaxsda Parvardigorning tajallisi mujassam. Nafratlanmang, seving, kechirimli bo‘ling. O‘tmishdagi noxushliklarni unuting, ularni ko‘ngilda saqlab yurgan bilan hech narsa o‘zgarmaydi axir. Qo‘rquvlar qarshisida chekinmang, hayot qo‘rqib yashash uchun juda qisqalik qiladi...»

Saodat Abdurahmonova

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Nega ba’zi kasalliklarda muolajalar naf bermaydi?