
Joriy yilning iyun oyida valyuta bozorida kutilmagan o‘zgarishlar kuzatildi: 5 iyun kuni 1 AQSH dollari 12 831 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 23 iyunda rasmiy kurs 12 496 so‘mgacha pasaydi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, so‘m bu davrda 2,6 foizga mustahkamlandi. Lekin ayrim mutaxassislar buni so‘mning emas, balki dollarning global miqyosda qadrsizlanishi bilan izohlamoqda.
Dollar tushishi va tashqi savdo ta’siri
O‘zbekistondagi dollar kursiga ta’sir qiluvchi eng muhim omillardan biri – mamlakatning tashqi savdosi hisoblanadi. Joriy yil yanvar–aprel oylarida respublika eksporti 11,9 milliard dollarga yetib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 35,1 foizga oshdi. Bu o‘sishning katta qismini (46,1 foizi) oltin savdosi tashkil etdi. Oltin eksporti hajmi 5,55 milliard dollarga yetgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 62,3 foizga ko‘p. Bunda jahon bozorida oltin narxining oshgani katta rol o‘ynadi – 23 iyun holatiga ko‘ra, 1 unsiya oltin 3 376 dollarga yetdi.
Shu bilan birga, xorijdan yuborilayotgan pul o‘tkazmalari ham o‘sib bormoqda. 2025 yilning birinchi choragida mehnat muhojirlari yuborgan mablag‘lar 32 foizga ko‘payib, 3,3 milliard dollarni tashkil qildi. Bu holat mamlakat ichki bozorida dollar taklifining ortishiga xizmat qilmoqda.
Investitsiyalar va valyuta bozoridagi tendensiyalar
O‘zbekistonga kirib kelayotgan to‘g‘ridan to‘g‘ri va boshqa xorijiy investitsiyalar miqdori ham dollar taklifini ko‘paytiruvchi muhim omillardan biri bo‘lib qolmoqda. Masalan, 2025 yilning yanvar–mart oylarida mamlakatda umumiy investitsiyalar hajmi 6,1 milliard dollarga yetdi va bu o‘tgan yilga nisbatan 10 foizga oshgan.
Shu bilan birga, global iqtisodiyotdagi noaniqliklar, AQSHdagi siyosiy beqarorlik, geosiyosiy ziddiyatlar va tashqi savdodagi to‘siqlar tufayli dollar xalqaro miqyosda zaiflashmoqda. 2025 yil boshidan beri AQSH dollari indeksi asosiy valyutalarga nisbatan qariyb 9,1 foizga pastladi. Natijada, yevro, shveysariya franki, Rossiya rubli va boshqa qator valyutalar dollarga nisbatan mustahkamlandi.
Ekspertlar bahosi: so‘m mustahkamlanyaptimi yoki dollar zaiflashmoqda?
Iqtisodchi Yuliy Yusupov bu tendensiyani so‘m mustahkamlanishi emas, dollarning zaiflashuvi sifatida baholash lozimligini aytadi. Chunki O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari AQSH emas, balki Xitoy, Rossiya va Yevropa davlatlari. Shu sabab so‘mning real qadri bu mamlakatlar valyutalariga nisbatan inflyatsiya darajasida shakllanadi.
Dollar pasayishining aholiga ta’siri
Dollar kursi oshganda, odatda mamlakatda inflyatsiya kuchayib, narx-navo o‘sadi. Biroq bugungi sharoitda AQSH dollari nafaqat so‘mga, balki dunyodagi ko‘plab valyutalarga nisbatan ham arzonlashmoqda. Bu esa O‘zbekistonda inflyatsiyaning pasayishi, import mahsulotlari va iste’mol tovarlari narxining tushishiga olib kelishi mumkin. So‘m mustahkamlanishi aholi xarid qobiliyati oshishiga xizmat qiladi.
Iqtisodiyotdagi barqarorlik aholi va biznesning inflyatsion kutilmalarini pasaytiradi. Bu esa o‘z navbatida, aholining dollarga bog‘liqlik darajasini kamaytiradi va iqtisodiyotda dollarlashuvni sekinlashtiradi.
Almashuv kursi rejimi va prognozlar
O‘zbekiston 2017 yil sentyabrdan buyon erkin suzuvchi almashuv kursi rejimida ishlayapti. Bu tizimda rasmiy kurs har kuni valyuta birjasidagi talab va taklifga ko‘ra shakllanadi. Markaziy bank kursni oldindan bashorat qilishning qiyin ekanini ta’kidlaydi, chunki u ko‘plab tashqi va ichki omillarga bog‘liq.
Budjet va xalqaro agentliklar esa o‘z prognozlarini taqdim etishda davom etadi. Misol uchun, 2025 yilgi davlat budjeti parametrlarida dollar kursi 13 250 so‘m, 2026 yilda 13 725 so‘m, 2027 yilda esa 14 150 so‘m deb belgilangan. S&P agentligi esa 2025 yil oxiriga borib 1 dollar 13 650 so‘m, 2027 yilda esa 15 000 so‘mgacha oshishini taxmin qilmoqda.
Dollar kursidagi o‘sishlar va so‘m qadrsizlanishi
Dollar kursi oshishi milliy valyutaning qadrsizlanishiga olib keladi. Moliya vazirligi hisob-kitoblariga ko‘ra, kursdagi har 100 so‘mlik o‘sish davlat budjeti xarajatlarini 240 milliard so‘mga oshiradi. 2024 yilda so‘m dollarga nisbatan 4,7 foizga qadrsizlangan bo‘lsa, 2025 yilda ham 5 foizga yaqin inflyatsiya kutilmoqda.
Yakuniy xulosa
O‘zbekistonda dollarning tushishi va so‘m mustahkamlanishi ortidagi omillar ko‘p. Buning ortida mamlakatning tashqi savdo muvozanati, oltin va pul o‘tkazmalari, investitsiyalar, xalqaro valyuta bozorlaridagi tendensiyalar, budjet va xalqaro tashkilotlar prognozlari kabi omillar yotibdi. Mazkur jarayonlar aholi va iqtisodiyotga turli ta’sirlar ko‘rsatmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar