Robinhood WonderFi kompaniyasini 180 million dollarga sotib olib Kanada bozoriga kirdi

Aksiyalar va kriptovalyutalar savdosi platformasi Robinhood mahalliy WonderFi texnologik kompaniyasini 180 million dollarlik aksiya bitimi orqali sotib olib, Kanada bozoriga rasman qadam qoʻydi. Ushbu xarid natijasida Robinhood mamlakatdagi zaruriy litsenziyalar va tartibga soluvchi organlarning ruxsatnomalariga ega boʻldi. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
Dushanba kuni eʼlon qilingan bayonotga koʻra, Kanadaning eng yirik kripto birjalari hisoblangan Bitbuy va Coinsquare endilikda Robinhood brendi ostida faoliyat yuritadi. WonderFi maʼlumotlariga koʻra, ushbu platformalar 2025-yilda jami 49,8 million dollar daromad keltirgan. Robinhood Crypto rahbari Johann Kerbrat WonderFi kompaniyasining tartibga solinadigan platformalarni boshqarishdagi tajribasini yuqori baholab, uni Kanadadagi missiyani tezlashtirish uchun ideal hamkor deb atadi.
Triple A tahlillariga koʻra, kanadaliklarning qariyb 4,1 foizi Bitcoin va boshqa kripto aktivlarga egalik qiladi. Grand View Research prognozlariga koʻra, Kanadaning kripto bozori Shimoliy Amerikadagi eng tez rivojlanayotgan hudud boʻlib, uning umumiy daromadi 2033-yilga kelib 1 milliard dollardan oshishi kutilmoqda. Bitim doirasida WonderFi xodimlari va rahbariyati oʻz oʻrnida qoladi, Robinhood esa 300 000 ga yaqin yangi mijozlarni oʻz safiga qoʻshib oladi.
Robinhood AQSH kripto bozoriga 2018-yilda kirib kelgan edi. Kompaniya soʻnggi paytlarda oʻz faoliyatini kengaytirib, fevral oyida Ethereum tarmogʻida ikkinchi darajali (layer-2) test tarmogʻini ishga tushirdi. Kompaniya rahbari Vlad Tenev ushbu tarmoq birinchi haftaning oʻzidayoq 4 million tranzaksiyani qayta ishlaganini maʼlum qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!