23:06 / 04.08.2022
1 978

Carson bo‘lgan bolalik...

Carson bo‘lgan bolalik...
Bilasizmi, farzand oldidagi eng qiyin tanlov otasi yoki onasini tanlash. Bola har ikkisi bo‘lmasa, baxti ham, bolaligi ham to‘kis bo‘lmasligini biladi. Shu sababdan ularni birga yashashini, ota va onali to‘kis oilasi bo‘lishini istaydi. “Dadangni yaxshi ko‘rasanmi yoki oyingni?” deb ko‘pincha kattalar bolalarga noto‘g‘ri savol beradi. Aslida har ikkisi ham yagona, ularni tanlab bo‘lmaydi. Biroq mana shu savol bilan bolaning oppoq ongiga g‘ubor qo‘ndiramiz.

Bugun sud majlislarida ajrimlar masalasi juda ko‘p qayd etilmoqda. Biz hozir statistikani aytishdan yiroqmiz. Biroq, alimentni o‘z vaqtida to‘lamagani uchun hayotining 2-3 yilini mahkum sifatida o‘tkazayotgan otalar borligi ayni haqiqat. “Yolg‘iz ona” bo‘lib farzandi ortidan garchi unga yaxshi tarbiya, keraklicha mehr bermas-da haqini talab qilayotganlar ham bor. Bola qachon ona mehrini his etadi? Vaqti bolalarini boqish uchun ko‘chada o‘tsa, bu qiyinchiliklarida, erining qilgan ishida farzandlarini ayblab, ularga zug‘um qilayotgan onalar qanday ham mehrli bo‘lsin.

“Sen yetimsan, hech kimga keraging yo‘q!” bu so‘zni ko‘pchilik yaxshi eslaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, ayolga nisbatan tegishli choralar ko‘rilganiga ham ko‘p bo‘lgani yo‘q. Bir burchakda munchoqday ko‘zlarini javdiratib, qahr mushtidan mitti jussasini to‘sayotgan qizaloqning aybi nimada edi? Yoki bo‘lmasa xorijga ishlash uchun ketayotgan ayolning daraxtzor chekkasida bolasini bo‘g‘ib turgan vaqtida, “Farzandim oyim men bilan o‘ynayapti deb o‘yladi”, deya iztirob bilan aytgan so‘zlaridan endi qanday naf! Axir bolalikni his qilmagan gulday vujud so‘nib bo‘ldi-ku. Ajrimlar, oiladagi nosog‘lom muhit mitti yuraklari hapriqib urayotgan bolalarning so‘lg‘in yuzlarida aks-sado berayapti. Bola-da, biz ularni bola, deya nolasini eshitmaymiz.

Bolalarning huquqlarini buzilishi borasida bugun murojaatlar ko‘paymoqda. Xususan, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati Bola huquqlari bo‘yicha vakilga joriy yilning 6 oyi davomida jami 325 ta murojaat kelib tushgani haqida ma’lumot berdi. Unga ko‘ra:

- voyaga yetmagan bolalarni aliment olish huquqiga doir 29 ta;
- sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlarning ijro etilmayotganligidan norozi bo‘lib 48 ta;
- birga yashamaydigan ota-ona o‘rtasida bolaning yashash joyini belgilash borasida o‘zaro nizo bo‘yicha 43 ta;
- sudlarda bolaning fikrini inobatga olish, bolalarning xohishiga qarshi birga yashamaydigan ota yoki ona bilan yashash belgilanganligidan noroziligiga doir 31 ta;
- shar’iy nikohdagi ayollar va bolalarning huquqlariga doir 29 ta;
- bolaning turar joyga bo‘lgan huquqiga doir 19 ta murojaatlar bola huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan to‘liq nazoratga olindi va 48 ta murojaat idora va tashkilotlar tomonidan qanoatlantirildi. 189 ta murojaat yuzasidan huquqiy tushuntirish berilgan. Bola huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan bola huquqlari va erkinliklarini ta’minlash yuzasidan ma’lumotlar olishni so‘rab 38 ta xat davlat tashkilotlariga yuborilgan.

Farzandining bir bora kulgusini eshitish ilinjida dunyolarini sarflayotgan insonlar bor. Har kuni Allohga nola qilib, farzand so‘rayotganlar qancha. Farzand aslida Allohning ne’mati ekanligini har kuni qon yutib, befarzand nomi ostida yurganlar yaxshi bilishadi.

Bu raqamlarni ko‘rib, to‘g‘risi hayron qolasan. Bu degani shuncha bolaning moddiy ahvoli qiyin. Ularning qanchasi nosog‘lom muhitda ulg‘aymoqda. O‘zimizning uyimiz bo‘lganida ijaradagi sovuq uyda o‘tirmasdik, deb otasi yo onasiga umid ko‘zini tikayotgan bolalarning ko‘zidagi ilinjga jo‘yali bir javob bormi?

Bir ayol qo‘shnisiga bir dasta qog‘oz ko‘tarib chiqibdi. “O‘g‘limni ishsiz ekanin tasdiqlab bering, ajrashgan kelin aliment talab qilayotgan ekan”, “O‘g‘lingiz binoyidek kirakash-ku, axir farzand uniki, qancha pul to‘lamasin, otaning o‘rni bo‘lak”, debdi qo‘shnilar. Mana shunaqa, o‘z suyagidan tonib, hujjat qilib yurganlar bor.

Bugun bolalarning mehnatidan har doimgidan ko‘p foydalanyapmiz. Atrofingizga qarang, bozorda suv sotib yurgan bola, avtobusda chiptachilik qilayotganlar bor. Yo‘l bo‘yida mashinalarni tozalashga qator turgan bolalar. Bolalarimiz bolalikni ko‘rmay, nozik jussalariga qiyinchiliklarni olmoqda. Otasi bo‘lganida pul berib, uni sportga yuborgan bo‘larmidi? O‘rtog‘i xorij tilida gapirib, to‘garakka borganini aytayotganida qizaloqning ko‘nglidan “mening ham dadam ko‘p pul topganida, men ham til o‘rganardim”, degan gaplar o‘tmaydimi?

Ha deb bu masalada statistika haqida gapirish yoki bo‘lmasa murojaatlarni muhokama qilish emas, jamiyatni kuzatish, odamlar turmush tarzini o‘rganish to‘g‘ri bo‘lar edi. Axir bola o‘z-o‘zidan ko‘chaga chiqmaydi-ku. Afsuski, ayrim hollarda bolaning mehnatiga nisbatan ota-onalarni yoki ularga mas’ul bo‘lgan insonlarni javobgarlikka tortib hal qilamiz.

“Uning sharoiti yo‘q, kredit bersak eplolmaydi” yoki bir-ikki marta moddiy yordam bergandek bo‘lamiz. Bu kabi aksari oilalarda otalar ichadigan, dangasa yoxud dardmand va yo oilasini tashlab ketgan, yolg‘iz ona esa hunarsiz... Shunday hollarda, bola mehnatidan foydalanishga majbur bo‘layotganlar qancha?!

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning: «Ota farzandiga chiroyli tarbiyadan ko‘ra, yaxshi odob berishdan ko‘ra yaxshiroq narsa meros qoldirmagan», degan hadislari bor.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Har bir tug‘ilgan bola faqat fitrat (sof tabiat) ila tug‘iladi. Bas, ota-onasi uni yahudiy yoki nasroniy, yoki majusiy qiladi. Bu xuddi hayvonning bus-butun hayvon tug‘ishiga o‘xshaydi. Siz unda quloq-burni kesilganini his qilganmisiz?» dedilar». So‘ngra Abu Hurayra: «Agar xohlasangiz, «(Bu) Alloh odamlarni yaratgan asl tabiatdir. Allohning yaratganini o‘zgartirib bo‘lmas. Mana shu to‘g‘ri dindir», degan oyatni o‘qing», der edi».

Bolalarimiz fitratida tobora yo‘qolib borayotgan bolalikni qaytarish o‘z qo‘limizda. Zero, ular yurtma-yurt, sudma-sud sarson bo‘lishga mahkum emas.

Kamola Adashboyeva

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Carson bo‘lgan bolalik...