
Ayollarni ayollar ham ezadi
...Oysha pichirlab javob berdi: – Juda aniq bo‘lmasa ham, sal-pal tushundim.
Oyshagul qo‘lida telefon bilan eshik oldida paydo bo‘ldi. Kafti bilan go‘shakni yopib, Fazilatga qaradi: – Opa, yuragini bo‘ysundirolmaydigan ayol bor edi-ku, menimcha, o‘sha. Siz bilan gaplashmoqchi.
Fazilat xonim jilmayib qo‘lini uzatdi: – Kaftingni go‘shakka qo‘ysang, narigi tomon ovozni eshitmaydi deb o‘ylaysan, shundaymi? Qani, ber-chi! Dardli singlim nima der ekan?
Oyshagul haqiqatan ham adashmagandi. Telefondagi ayol oilali bo‘laturib boshqa erkakni sevib qolgan ayol edi.
– Fazilat xonim, sizmisiz?
– Ha. Siz esa qalbini boshqarolmaydigan ayolsiz, gapiring.
– Meni taniganingizdan judayam xursandman. Sizga holatimni aytib bermoqchiman. Erim qishloqqa yubormadi. Mensiz yashay olmasmish. Nimalar demadi agar bilsangiz! Bir vaqtlar ko‘rsatmagan kuni qolmagan edi. Undan ranjidim, sovidim, endi esa o‘zi men tomonga kelyapti. Agar ko‘nglimdagilarni bilsa, o‘ldiradi. Lekin u menga: “Seni qanday aldanib oldim? Muncha yoqimsizsan?” deganida qalbim borligini o‘ylamadi. Meni ado qildi... Endi o‘zimni yo‘lga sololmayapman. Lekin sizga murojaat qilishimning sababi bu emas. Erim bilan ajrashsammi, deyapman. Uni yomon ko‘raman.
Fazilat xuddi telefonga kirib ketgandek edi. Hayajon bilan o‘rnidan turdi. – Aslo! Bu holat o‘tib ketadi.
– Lekin uddalolmayman, bu qo‘limda emas. Ko‘zim ko‘nglimdagi odamdan boshqa hech kimni ko‘rmayapti. Bu ahvolimda hech kimga yor bo‘lolmayman. Harom bo‘lgani uchun o‘zimni o‘ldirolmayman. Xo‘sh, nima qilishim kerak?
– Yana bir oz sabr qiling, iltimos. Yuragingizni yo‘lga solishga urining. Iroda hissiyotdan kuchli. Albatta, imonli kishilarning irodasi...
– Ko‘rib turibmanki, siz meni umuman tushunmadingiz, lekin davom etaman. Yana bir narsani aytmoqchiman. Iltimos, yozuvchilarning oldiga boring va ularga ayting, erkaklar ustida ham ishlashsin. Qancha xo‘rlasam ham, xotinim mendan boshqasiga qaramaydi, deb o‘ylaydi erkaklar. Ayolining hislariga ahamiyat bermaydi. Ayol tuyg‘ularini qalbining tubida saqlaydi, ko‘zlari boshqaga boqmas, balki, lekin qalbi qaraydi. Hech kim ayol ruhiyati bilan qiziqmaydi. Men hamma hamjinslarimizning qalbi tashqariga qaraydi demoqchi emasman. Lekin ular barcha ayollar bitta qolipdan chiqqandek bir xil deb o‘ylashmasin!
Ishoning, bizning dunyomiz o‘ta sirli, yashirin. Shuning uchun ham erkaklar ayrim tuyg‘ularni faqat o‘zlariga xos deb bilishadi. Diniy kitoblar ham faqat erkaklarning xohish-istaklaridan bahs etadi. Menimcha, ayollarning ruhiyati o‘rganilishi kerak. Agar xotin xushchaqchaq va jozibali bo‘lmasa, erning ko‘zi ko‘chada qolarmish. Xo‘sh, agar erkak xotiniga e’tibor, shafqat ko‘rsatmasa, uyalmasdan: “Yoqimsiz xotin! Seni olganimdan afsusdaman”, kabi gaplarni aytsa, yetmish foiz ayolning ko‘zi tashqarida bo‘lmaydimi? Vaqtingiz bo‘lsa, yana bir narsani aytmoqchiman.
Fazilat boshini burib, yig‘ilish qatnashchilaridan uzr so‘radi-da, yana telefonga javob berdi: – Marhamat, qulog‘im sizda.
– Sizga o‘zimning juda muhim tahlillarimni aytib bermoqchiman. Bularga ahamiyat berishingiz kerak. Juda ko‘p odamlarni tinglagansiz, bilaman, menga ham shulardan biri deb qaramang. Chunki men dunyoga ongli ravishda qaraydigan ayolman.
– Aslo, bu nima deganingiz? Biz hammani birdek inson deb bilamiz. “Shulardan biri” nima degani?! Bu gap menga juda erish tuyuladi. Garchi biz hammaning muammolari bilan shug‘ullanolmasak ham, mijozlarimiz uchun haqiqatan qayg‘uramiz, imkon qadar yechim topishga urinamiz, yordam berish uchun uni tinglaymiz. Sizga ko‘proq e’tibor beryapmiz, bu haqiqat, chunki ifodalaringiz juda muhim. So‘zlaringizda hayotning zalvori bor. Qani, davom eting.
– Erim yo‘lidan chiqqan ayolga qaraydigan odam. Shu bilan kifoyalansa, mayli, kelib menga ham aytadi. Zulm qiladi. Bir kuni qaynonam: «O‘g‘lim, ko‘zing doim ko‘chada, buni kelinga ham sezdirasan. Ehtiyot bo‘l, xotiningni shayton sening xatolaring bilan aldab qo‘yishi mumkin!” dedi. Qaynonam meni ko‘p o‘ylaydi. Shuning uchun erimni ko‘p koyiydi.
– Qaynonangiz aqlli, bilimdon ayol ekan. Eringiz nima dedi?
– Mana shu nuqta muhim. Xo‘jayinim nima desa, sizga ma’qul bo‘lardi? “U meniki, to o‘lgunicha yuragi menga bog‘langan. Kuniga o‘n marta “seni sevmayman”, desam ham, menga teskarisini aytadi”, dedi. U shunday eshitgan, shunday ko‘rgan. Aksariyat erkaklar ayol dunyosidan butkul bexabar. Chunki kitoblar va ma’ruzalarda faqat erkaklar haqida so‘z boradi. O‘qigan oxirgi kitobim – “Tushlar ta’biri”. Hatto tush ko‘rishdan ham nafratlanadigan bo‘ldim. O‘sha kitobda ham “Kimki buni ko‘rsa, xotini xastalanadi, kim shuni ko‘rsa, unga go‘zal bir qiz nasib etadi”, deb yozilgan. Ayolning tushini talqin etadigan kitob nihoyatda oz.
Deyarli yo‘q hisobi, chunki tushlarni faqat erkaklar ko‘radi, deb o‘ylashgan. Bu muammolarning biror yechimi bo‘lishi kerak. Erim meni tushunolmagani uchun yolg‘iz qoldirdi. Qalbimda bo‘shliq paydo bo‘ldi. Ibodatlarimdan uzilgach, shaytonning changaliga tushdim. Oxir-oqibat xato qildim. Ammo bu xatoga yetaklagan bir yo‘l bor va ana shu, natijaga olib boruvchi yo‘l juda muhim. Agar men sevib qolgan bo‘lsam, bu – qora kunlarimga to‘lov va endi uni yolg‘iz o‘zim to‘layman. Siz ham menga biror yechim taklif qilolmaysiz.
– Aytgandim-ku, ozgina ishim bor, sal keyinroq o‘rganaman, deb.
Telefondagi ayol chuqur xo‘rsindi: – Inshaalloh, kech bo‘lmasdan yordam qilarsiz.
Yana biroz gaplashib, go‘shakni qo‘ygandan so‘ng Fazilat xonimga har tomondan savollar bera boshlashdi. Nasibaning so‘rovi boshqacha bo‘ldi: – Sizni buncha band qilayotgan bu ayol jinniroqmi?
Fazilat Nasiba xonimning ko‘ziga tik qaradi: – Yo‘q! Juda aqlli, iffatli, o‘zini bo‘sh qoldirmaydigan, o‘zini qutqarishni xohlaydigan, ya’ni hurmatga loyiq ayol.
Shu payt qo‘lida hujjat ko‘targan Oyshagul eshik oldida paydo bo‘ldi.
– Mana, so‘ragan ro‘yxatingiz, opa. Fazilat xonim hujjat haqida ma’lumot berib, Habiba xonimdan ruxsat so‘ragach, Oyshagul o‘qiy boshladi:
– Ikki oydan beri bizga murojaat qilganlarning soni besh yuz o‘ttiz nafar. Ulardan ikki yuz o‘ttiz nafari telefon orqali bog‘lanishgan. Mijozlarning bir yuz o‘n nafari erkak, to‘rt yuz yigirma nafari ayollar.
So‘ng izoh bilan davom ettirdi: – Bir marta nomimiz chiqqan. Ular bizni faqat ayollarning muammolari bilan shug‘ullanadi, deb o‘ylashadi.
Habiba xonim qo‘shimcha qildi: – Jamiyatda shakllangan bir hukm bor. Ayollar muammosi bilan shug‘ullanadiganlar erkaklarga dushman hisoblanadi. Chunki shu ma’noni beradiganlar bor. Agar ayolga g‘amxo‘rlik qilsa, erkakni dushman deb e’lon qiladi. Holbuki, erkaklar va ayollar bir jamiyatmiz. Ro‘yxatga qarang, demak, buning farqiga boradigan aqlli erkaklar ham bor ekan. Davom et, Oyshagul.
– Bizga murojaat qilgan ayollarning ellik nafari yoshi katta bo‘lib, hurmat-e’tibor ko‘rmaganidan, haqoratlanayotganidan shikoyat qilgan. O‘n beshtasi eri tomonidan haydalganini bildirgan. Bir yuz oltmish nafar o‘rta yoshlilarning yarmidan ko‘prog‘i erini boshqa ayol o‘g‘irlab ketganini aytgan.
Fazilat bu jumlani tushunolmadi: – Ayollar “erimni o‘g‘irlab ketdi”, deganmi? Bunaqa ifodani endi eshitishim.
Oyshagul ko‘zoynagini tuzatib javob berdi: – Yo‘q, ular bunday deyishmagan, lekin men shunday deb bilaman. Albatta, erlari o‘g‘irlangan.
– Mayli-mayli, madaniy ifodadan foydalanib o‘qiyman, – dedi kotiba Fazilat o‘qrayib qaragach.
– Ayollarning ellik besh foizi erlari ularni aldaganidan shikoyat qilgan... Qirq besh foizi har xil mavzuda – ajralish, bolalarning giyohvandlikka berilishi, erining aroqxo‘rligi, qimor o‘ynashi... Ijara puliga qurbi yetmaganlar, yana nimalardir... Ikki yuz o‘n nafar yosh qizning oltmish foizini erkaklar tashlab ketgan.
Ko‘zoynagini tushirib Fazilatga qaragan Oyshagul o‘z fikrini bildirdi:
– Albatta, bu qizlar boshqa qizlarning qurboni, ishonchim komil. Yigitlar boshqa qizlar ta’sirida o‘zlari umid berib kuttirgan birini kuygan yuragi bilan yolg‘iz tashlab ketyapti. Jamiyat chiriyapti, jamiyat.
Fazilat Oyshagulga ma’noli qaradi: – Shoshma-chi, yoki seni ham shunday tashlab ketishdimi, deyman?
Oyshagul javob berdi: – Hech kim menga umid berib, tashlab ketolmaydi.
Habiba xonim qiziqib so‘radi: – Nega ekan?
– Chunki men hech kimga ishonib, umid bog‘lamayman, shundan. Bu uyushmaga kelib, insoniyatning ahvolini ko‘rgan har bir kishi men kabi sog‘lom fikrli bo‘ladi. Bu nima? Alday-alday “Yolg‘on shamoli”, “Hayot daraxti”, “Jasur va go‘zal” kabi teleseriallar orqali yurtimizdan odamiylikni, iffatni, muruvvatni tortib oldilar. Qalb parchalash, yaralash oddiy holga aylanib qoldi. Bir kun kelib deputat bo‘lsam, nima qilishimni bilaman.
Hamma kuldi. Fazilat ham unga ma’yus tabassum bilan qaradi: – Xalq qilmagan ishni deputatlar qilolmaydi, Oyshagul, o‘zingni aldama. Orzularing haqiqatga mos bo‘lsin. Shunda orzularingni isrof qilmagan bo‘lasan.
Amina Shenliko‘g‘li
Manba: Azon.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar