15:55 / 24.10.2024
17

Tabiatga zarar keltiruvchilarga nisbatan jazo choralari kuchaytiriladi

Tabiatga zarar keltiruvchilarga nisbatan jazo choralari kuchaytiriladi
Foto: Senat.uz
Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga hayvonot va o‘simlik dunyosining muhofazasini kuchaytirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda noqonuniy ov qilish, brakonerlik tufayli hayvonot va nabotot turlari soni tobora kamayib bormoqda. Qurilish va boshqa ishlarni amalga oshirishda kimyoviy, biologik va bakteriologik vositalardan foydalangan holda qasddan daraxtlarni quritish holatlari uchrayapti. Oqibatda ekologik vaziyat keskinlashib, jamoatchilikning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Shuningdek, suv havzalarida turli noqonuniy usullar yordamida, xususan, elektr toki, portlovchi va kimyoviy moddalar hamda biologik preparatlarni qo‘llagan holda baliq ovlash ortib boryapti. Bu baliq zaxiralari qirilib ketishiga, turlarining yo‘q bo‘lib ketishiga olib kelmoqda. Amaldagi qonunchilikda bunday qilmishlar uchun jazo choralarining yengilligi esa brakonerlarga juda qo‘l kelyapti.

Bundan tashqari, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari davlat inspektorining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik, ko‘rsatmalarini bajarmaslik uchun belgilangan sanksiya mazkur yo‘nalishdagi huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini ta’minlash imkonini bermayapti.

Qonun bilan amaldagi 2 ta kodeks va 2 ta qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Jumladan, Jinoyat kodeksiga hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, elektr tokini, portlovchi, kimyoviy moddalarni yoki biologik preparatlarni qo‘llagan holda ov qilish yoxud baliq ovlash uchun BHMning 400 baravaridan 600 baravarigacha jarima belgilanmoqda yoki muayyan huquqdan mahrum qilinmoqda, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda. Og‘irlashtiruvchi holatlarda qo‘shimcha jazo sifatida muayyan huquqdan mahrum qilish jazosi ham kiritilmoqda.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda ov qilish va baliq ovlash qoidalarini, shuningdek, hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzganlik uchun ko‘zda tutilgan jarimalar miqdori ikki baravarga oshirilmoqda.

Kimyoviy, biologik va bakteriologik vositalardan foydalangan holda, shuningdek, binolar, inshootlar yoki boshqa obyektlarni qurish, qayta qurish, rekonstruksiya qilish yoxud o‘z hududida qo‘shimcha bino va inshootlarni qurish hamda kapital ta’mirlash vaqtida daraxtlarga, butalarga yoki boshqa o‘simliklarga qasddan shikast yetkazish, payhon va nobud qilish huquqbuzarliklari uchun javobgarlik belgilanyapti. Bunday qilmish uchun fuqarolarga BHMning 35 baravaridan 50 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 60 baravaridan 75 baravarigacha jarima nazarda tutilmoqda.

Ov qilish va baliq ovlash qoidalarini buzganlik, shuningdek, hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik esa 2 baravarga oshirilmoqda.

Ekologiya davlat inspektorining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik, ko‘rsatmalarini bajarmaganlik uchun ham javobgarlik kuchaytirilib, fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha mansabdor shaxslarga esa 20 baravaridan 30 baravarigacha jarima belgilanyapti.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Tabiatga zarar keltiruvchilarga nisbatan jazo choralari kuchaytiriladi