date

Samarqandda profilaktika inspektori ishni yopib berish va’dasi bilan pora talab qilganlikda fosh bo‘ldi

Samarqandda profilaktika inspektori ishni yopib berish va’dasi bilan pora talab qilganlikda fosh bo‘ldi

Samarqand viloyati Pastdarg‘om tuman sudida voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo‘linmasida profilaktika inspektori bo‘lib ishlagan sobiq IIB xodimiga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. U mahalliy fuqaroning ma’muriy huquqbuzarligi ortidan xizmat mavqeidan foydalanib, pul undirishga uringani aniqlandi. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.

Ish materiallariga ko‘ra, voqea 2025 yil may oyida boshlangan. Pastdarg‘om tumanida yashovchi erkak Instagram’da Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari haqida haqoratomuz izoh qoldirgan. Shundan so‘ng u tuman ichki ishlar bo‘limiga “profilaktik suhbat”ga chaqirilgan.

Holat odatdagi ma’muriy tartib doirasida ko‘rilishi kerak bo‘lgan: jazo qo‘llash uchun yetarli asoslar yo‘q edi. Biroq sobiq inspektor vaziyatdan foydalanib, “masalani hal qilib berish”ni taklif qilgan va hujjatlar sudga yuborilmasligi uchun avvaliga 2 ming dollar so‘ragan.

Keyinchalik u “yon berayotgandek” ko‘rinish berib, talabni 800 dollargacha tushirgan. Pulni olish uchun inspektor qarindoshini vositachi sifatida jalb qilgan.

2025 yil 3 sentyabr kuni Kitob tumani Beshnayman mahallasidagi avtoyuvish shoxobchasi yonida jabrlanuvchi vositachiga 800 dollarni topshirgan. Bu jarayon iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash xodimlari nazorati ostida bo‘lgan, chunki fuqaro oldindan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan. Pul olingan zahoti vositachi ushlanib, kupyuralar daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirilgan.

Sudda aniqlanishicha, profilaktika inspektorining ma’muriy ish natijasiga real ta’sir o‘tkazish imkoniyati bo‘lmagan. U jinoyat qidiruv bo‘linmasidagi hamkasbining nomini bosim vositasi sifatida tilga olib, amalda pora niqobi ostida firibgarlik qilishga uringan.

Hukm 2025 yil 3 dekabr kuni e’lon qilingan. Sobiq IIB xodimi yirik miqdorda firibgarlikka suiqasd qilish va pora berishga undashda aybdor deb topilib, 3 yil 11 oy 1 kun muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Shuningdek, unga 2 yil davomida IIB tizimi va davlat organlarida ishlash taqiqlangan, Samarqand viloyatidan ruxsatsiz chiqib ketmaslik hamda probatsiya nazoratida bo‘lish majburiyati yuklatilgan.

Voshlik qilgan qarindoshi ham firibgarlikda ishtirok etganlikda aybdor deb topilib, daromadining bir qismi davlat foydasiga ushlab qolinadigan axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentning Uchtepa tumanida ham korrupsiyaga oid holat qayd etilib, 3 ming dollar pora bilan hokimiyat xodimi qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Jamiyat » Samarqandda profilaktika inspektori ishni yopib berish va’dasi bilan pora talab qilganlikda fosh bo‘ldi