Toshkentda avtomoyka xodimlari mijozning Tracker avtomobilini haydab ketib, avariyaga uchratdi

Toshkentda avtomoykada ishlovchi ikki nafar yigit mijoz tozalash uchun qoldirgan Tracker avtomobilini ruxsatsiz olib, tun payti shahar ko‘chalarida aylangani uchun qo‘lga olindi. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
Ular Chilonzor hududida harakatlanayotganda YPX inspektorlari e’tiboriga tushgan. Ta’qibdan qochishga uringan haydovchi Yakasaroy tumaniga yetgach boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l-transport hodisasiga uchragan. Shundan so‘ng gumondorlar mashinani shikastlangan holatda tashlab, voqea joyidan yashiringan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar gumondorlarning shaxsini aniqlab, ularni Samarqand viloyati hududida ushlagan va Toshkentga olib kelgan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 267-moddasi (transport vositasini oldindan til biriktirgan bir guruh shaxslar tomonidan olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Sud tergov davri uchun gumondorlarni qamoqqa olish ehtiyot chorasini qo‘llagan. Ushbu modda bo‘yicha ularga 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tahdid solmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!