Toshkentda taksistlardan muntazam pul undirib kelgan “Bychka” guruhi fosh etildi

Toshkentda taksistlardan tizimli tarzda pul talab qilib kelgan uyushgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Ichki ishlar organlari ma’lumotiga ko‘ra, gumondorlar Toshkent viloyatidan poytaxtning Yashnobod tumaniga qatnovchi haydovchilar uchun oylik “to‘lov” joriy etgan. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
IIVning bildirishicha, guruh a’zolari pul bermagan haydovchilarni zo‘ravonlik bilan qo‘rqitgan. Qayd etilgan holatlardan birida guruh yetakchisi sheriklari bilan Damas haydovchisini kaltaklab, daromad manbai bo‘lgan avtomobilining kalitlarini tortib olgani va jabrlanuvchiga tan jarohati yetkazgani aytiladi.
Tergov versiyasiga ko‘ra, yana bir haydovchidan ikki oy uchun oldindan 810 dollar olingan. U to‘lovlarni to‘liq amalga oshira olmagach, yo‘nalishga chiqishi taqiqlangan.
IIV ma’lumotida ta’kidlanishicha, guruh boshlig‘i “Bychok” laqabli 37 yoshli, avval sudlangan shaxs bo‘lib, u bezorilik bo‘yicha uch marta javobgarlikka tortilgan. Hozirda tovlamachilik holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Huquq-tartibot idoralari mazkur guruh harakatlaridan jabrlangan fuqarolarni ichki ishlar organlariga murojaat qilishga chaqirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!