Zarafshonda ayol kuyovini o‘ldirishga buyurtma bergani aytildi (video)

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Navoiy viloyatining Zarafshon shahrida 54 yoshli ayol oilaviy mojaro sababli kuyovini o‘ldirishga killer yollagani aniqlandi.
- Gumonlanuvchi kuyovini yo‘q qilish uchun tanish bo‘lgan ikki yigitga 40 million so‘m taklif qilgan va kelishilgan mablag‘dan 2 million 300 ming so‘mni ularning bank kartasiga o‘tkazib bergan.
- Huquq-tartibot idoralari xodimlari tezkor tadbir o‘tkazib, suiqasd sahnalashtirilgan videoni ayolga yuborgan va u jinoyat ustida qo‘lga olingan.
Navoiy viloyatining Zarafshon shahrida oilaviy mojaro ortidan og‘ir jinoyatga urinish holati fosh etildi. Ichki ishlar organlari ma’lumotiga ko‘ra, 54 yoshli ayol kuyovini o‘ldirish uchun killer yollaganlikda gumon qilinmoqda.
Ma’lum qilinishicha, yosh oilada yuzaga kelgan kelishmovchiliklar kelinning ammasini qattiq g‘azablantirgan. Dastlab u kuyovining “aqlini kiritib qo‘yish”ni rejalashtirgan, keyinchalik esa vaziyat yanada keskinlashib, uni yo‘q qilish niyatiga borgani aytilmoqda.
Tergovga oid ma’lumotlarga ko‘ra, ayol o‘ziga tanish bo‘lgan ikki yigitga murojaat qilib, kuyovini o‘ldirish uchun 40 million so‘m taklif qilgan. Bu holat huquq-tartibot idoralari nazoratiga tushgach, Navoiy viloyati IIB xodimlari tezkor tadbir o‘tkazgan.
Ichki ishlar xodimlari suiqasd amalga oshirilgandek sahna tashkil etib, uni videoga olgan va ayolga yuborgan. Xabar qilinishicha, ayol ushbu videoni “xursandchilik” bilan qabul qilgan. Keyin esa kelishilgan mablag‘ning bir qismi — 2 million 300 ming so‘mni yollangan shaxslarning bank kartasiga o‘tkazib bergan.
Shundan so‘ng o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ayol jinoyat ustida qo‘lga olingan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi, ya’ni qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish moddasining 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bu voqea oilaviy nizolar qanday xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini yana bir bor ko‘rsatdi. Kelishmovchilik qanchalik og‘ir bo‘lmasin, uni zo‘ravonlik, qasos yoki jinoyat orqali hal qilish hech qachon yechim bo‘la olmaydi.
Huquq-tartibot idoralari holatning barcha tafsilotlarini o‘rganmoqda. Endi tergov jarayonida ayolning harakatlariga huquqiy baho beriladi, voqeaga aloqador boshqa shaxslar bor-yo‘qligi ham aniqlanadi.
Oiladagi janjalni vaqtida to‘xtatish, qonun doirasida murojaat qilish va hissiyotga berilib og‘ir qaror qabul qilmaslik juda muhim. Chunki bir lahzalik g‘azab butun umrga tatiydigan oqibatga aylanishi mumkin.































Izohlar 0
…