68 yoshida bakalavr diplomini olgan Farida aya ko‘pchilikka o‘rnak bo‘ldi

Andijon viloyatining Jalaquduq tumanida yashovchi Farida Hoshimova 68 yoshida oliy ma’lumotli mutaxassis diplomini qo‘lga kiritdi. Ko‘p yillar davomida bog‘cha va maktablarda ishlagan ayol ta’lim olish uchun hech qachon kech emasligini amalda isbotladi.
Farida ayaning oliy ta’limga kirish qaroriga 2021 yilda yuz bergan voqea turtki bo‘lgan. O‘sha paytda u ishlayotgan xususiy bog‘cha rahbariyati oliy ma’lumotli mutaxassis ishga olingani sababli ayolga dam olishni taklif qilgan. Shundan so‘ng u o‘z bilimini oshirishga qaror qilib, 63 yoshida hujjat topshirgan va 142 ball bilan Andijon davlat pedagogika institutiga talabalikka qabul qilingan.
Besh yil davomida astoydil tahsil olgan Farida aya a’lo baholarga o‘qish bilan birga, turli tanlovlarda ham g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Oila a’zolarining ko‘magida u 2026 yilda o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlab, bakalavr diplomiga ega bo‘ldi.
Ayni paytda Farida aya Jalaquduq tumanidagi 12-maktabda musiqa fanidan dars bermoqda. Bir nechta she’riy kitoblar muallifi bo‘lgan ayol bolalar uchun yangi qo‘shiqlar va she’rlar yaratishni ham davom ettirmoqda.































Izohlar 0
…