10:42 / 30.08.2017
14 352

O‘zbek xalqining tarixiga oid 5 ta lavha: beshinchi lavha

O‘zbek xalqining tarixiga oid 5 ta lavha: beshinchi lavha
5-lavha. O‘zbekiston hududida mavjud bo‘lgan davlatlar tarixi

Afrosiyob — hozirgi Samarqandning sharqiy chegarasi hududlarida mil. avv. VIII–VII asrlarda asos solingan qadimgi shahar. Uning maydoni 219 gektar bo‘lib, unga sug‘diylar asos solganlar.

Dastlab sug‘diylar “Smarakansa”, ya’ni sug‘dchasiga “anjumanlar o‘tkaziladigan joy”, so‘ngra yunonlar “Marokanda”, xitoyliklar “Kan” deb atashgan. XI asrdan boshlab “Samarqand” deb atalgan.

1220 yilda mo‘g‘ul xoni Chingizxon bu shaharni vayron qiladi. 1370 yili Amir Temur mazkur shaharni shimoli-sharq qismida qayta bunyod etadi. XVII asrdan boshlab sharq mualliflarining asarlarida qadimgi shahar harobalari “Afrosiyob” yoki “Ko‘hna qal’a” deb atala boshlagan.

Qadimgi Xorazm — Amudaryoning quyi oqimi, Qoraqalpog‘iston, Xorazm va Toshovuz viloyatlarini o‘z ichiga olib, “Avesto”da bu davlat “Xvarizam”, Behistun yozuvlarida “Xvarazmish”, Arrian va Strabon asarlarida “Xorasmiya”, qadimgi sug‘d yozuvlarida “quyoshli o‘lka” tarzida uchraydi.

Mil. avv. IV asrda Qadimgi Xorazm Ahamoniylar imperiyasidan mustaqil davlatga aylandi. Makedoniyalik Aleksandr va Salavkiylar hukmronligi davrida ham Qadimgi Xorazm davlati mustaqil edi. Mil. avv. I asrda va dastlabki milodiy asrlarda Xorazmda kumush va mis tangalar zarb qilingan.

Milodiy I asrda Xorazmda ishlab chiqilgan mahalliy taqvimdan xorazmliklar VII asrga qadar foydalanishgan.

Qadimgi Baqtriya — qadimda Marg‘iyona va Sug‘diyona uning tarkibiga kirgan bo‘lib, u hozirgi Surxondaryo viloyati, Janubiy Tojikiston, Shimoliy Afg‘oniston hududlarini o‘z ichiga olgan.

Yozma manbalarda “Baxdi” (“Avesto” kitobida), “Baqtrish” (Behistun yozuvlarida), “Baqtriana” (yunon-rimliklarning asarlarida) shaklida uchraydi. Bundan tashqari, ushbu qadimgi davlat “Avesto”da “baland bayroqli o‘lka”, yunon-rim asarlarida “ming shahar mamlakati” sifatida ham tilga olinadi.

Sug‘diyona — Qadimgi Baqtriya tarkibida bo‘lib, u hozirgi Qashqadaryo va Zarafshon vohalarini o‘z ichiga olgan. Yozma manbalarida mazkur o‘lka “So‘g‘da” (“Avesto” kitobida), “Sug‘uda” (Behistun yozuvlarida), yunon-rimliklar (Arrian, Strabon, Kursiy Ruf) qalamiga mansub asarlarda esa “So‘g‘diyona” shaklida tilga olingan.

Sak va massagetlar — boshqa xalq va elatlarga nisbatan ko‘p sonli bo‘lgan ko‘chmanchi chorvador xalqlardir. Ko‘chmanchi sak va massaget elatlarining asosiy mashg‘uloti chorvachilik bo‘lib, ularning tuya, ot va qo‘y-echkilardan iborat katta-katta suruvlari bo‘lgan. Ma’lum nomdagi davlatchilikka ega bo‘lmagan bo‘lsalarda o‘z yerlarini boshqa qabilalar hujumidan himoya qilish uchun saklar mil. avv. VI asrda “harbiy qabila ittifoqi”ga birlashadilar.

Saklar, yuqorida ta’kidlanganidek, O‘rta Osiyoning tog‘li hududlari, dashtlari va cho‘llarida yashagan ko‘chmanchi chorvador qabilalardir. Bundan tashqari, cho‘llar va Amudaryo bo‘ylarida ko‘chmanchi massaget qabilalari ham yashaganlar.

Farg‘ona — mahalliy hokimligi Farg‘ona vodiysida joylashgan bo‘lib, poytaxti Koson va Axsikat shaharlari bo‘lgan. Farg‘ona hukmdorlari “ixshid” deb atalgan. Farg‘ona dehqonchilik (ziroatchilar ko‘pincha paxta va sholi ekishgan), chorvachilik, hunarmandchilik xo‘jaliklari va ichki-tashqi savdo rivoj topgan mustahkam iqtisodiy poydevorli o‘lka edi.

Qo‘shni mamlakatlarga bo‘yoq, rangli shisha buyumlar va dori-darmonlar chiqarilgan. Qurama va Qoramozor tog‘lari yonbag‘irlarida qadimdan yilqichilik bilan shug‘ullanilgan. Bu yerda ko‘paytirilgan tulpor otlarning dong‘i jahonga taralgan. Aholisining akariyati budda diniga sig‘inishgan.

Farg‘ona davlatining Sho‘rabashat, Uchqo‘rg‘on singari shaharlari atrofidagi aholisi yerni ishlash, sholi va bug‘doy yetishtirish, bog‘dorchilik va uzum yetishtirishda katta yutuqlarga erishgan. Olimlarning aniqlashicha, milodiy II asrda Farg‘ona davlati barham topgan.

Choch va Iloq — Chirchiq va Ohangaron vodiylarida joylashgan edi. Chochning poytaxti Chochkat shahri, Iloqning poytaxti Tunkat edi. Chochning hukmdori “tudun”, Eloqniki esa “dehqon” deb yuritilgan.

Eloq oltin va kumushlarni kovlab olishda O‘rta Sharqda ma’lum va mashhur bo‘lgan. Choch tudunlari old tomoniga mulkdorning surati, orqasiga gajak dumli bars yoki qoplon tasviri, ba’zan sulolaviy ayri tamg‘a tushirilgan chaqa-tangalar zarb etganlar.

Ayrim tanga pullar orasida podshoh bilan yonma-yon turgan malika tasviri tushirilgan pullar uchraydi. Bunday qo‘shaloq tasvir, shubhasiz, qadimgi turkiylar davlatchiligida hukmdorning malikasi — “xvatun” (“xotun”) vazirlik darajasiga ega bo‘lib, davlat boshqaruvida faol ishtirok etganligidan dalolat beradi. Saroyda u hoqondan keyingi o‘rinni egallagan.

Qadimgi Qang‘ — hozirgi Toshkent vohasi, Chimkent viloyati va Sirdaryo bo‘yi hududlarini egallagan qadimgi davlatlar birlashmasi. Mil. avv. III asrda unga saklar asos solishgan. Xitoy manbalaridan u “Qang‘yuy”, Xitoy tarixchilari esa uni “Bityan” deb atashgan.

Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanidagi Qang‘ha shahar xarobasi saklarning o‘sha kezlardagi “Qang‘dez” nomli poytaxti bo‘lgan, unga arxeologlar “Qovunchi madaniyati” nomini berishgan.

Mil. avv. II asr oxirida Qang‘ qabilalarning hukmdorlari tanga zarb ettiradi. Buyuk Ipak yo‘lining shimoliy tarmog‘i orqali xitoylik savdogarlar bilan uzviy aloqada bo‘lishgan. Milodiy III asrga kelib Qang‘ davlati parchalanib ketgan.

Toxariston — hozirgi Janubiy O‘zbekiston va Tojikiston, Shimoliy Afg‘onistonni o‘z ichiga olgan bu tarixiy viloyat shimolda Hisor tog‘lari, janubda Hindikush, g‘arbda Murg‘ob va Xerirud vodiysi, sharqda Pomir bilan chegaralangan.

Toxariston nomi mil. avv. II asrda Yunon-Baqtriya davlatini qulatgan chorvador qabila — yuyechjilar nomidan olingan.

Toxariston — Hindiston, Yaqin va Uzoq Sharq mamlakatlari bilan savdo-madaniy aloqalar o‘rnatgan. O‘z chaqa-tangalari orqali ichki-tashqi savdo muomalasini yurgizishgan. Toxariston Markaziy Osiyoda budda va moniylik dinlarining tarqalishi va rivojida muhim rol o‘ynagan.

Dovon — taxminan mil. avv. III asrdan to mil. II asrgacha mavjud bo‘lgan davlat. Xitoy manbalarida bu o‘lka “Dovon”, boshqa manbalarda esa “Parkana” deb atalgan. Aholisi 70 dan ortiq kichik shaharlarda istiqomat qilishgan.

Masalan, Dovonda bo‘lgan xitoylik sayyoh Chjan Syan bunday deb yozadi: “…Dovon diyorida 70 tacha katta-kichik shaharlar bor; …aholisining soni bir necha yuz mingga yetadi. O‘q-yoy va nayzalar bilan qurollanishgan. Xalqi ot choptirib o‘q otishga mohir”.

Boshqa bir xitoy solnomasida: “An’si (Qadimgi Eron) shaharlari Dovondagiga o‘xshashdir”, deb yozilgan. Xitoy tarixchilarining guvohlik berishicha, Dovon davlati hududlari hozirgi Toshkent vohasigacha cho‘zilgan.

Manba: qalampir.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbek xalqining tarixiga oid 5 ta lavha: beshinchi lavha