22:42 / 22.12.2017
4 677

Shavkat Mirziyoyevning ma’ruzasi Uinston Cherchillning tarixiy nutqiga qiyoslandi

Shavkat Mirziyoyevning ma’ruzasi Uinston Cherchillning tarixiy nutqiga qiyoslandi
Kun iqtibosi. Deutsche Welle: "Mirziyoyev zalga Prezident bo‘lib kirdi va undan Millatning Lideri bo‘lib chiqdi.."

Xalqaro Press-klub vakillari ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasi munosabati bilan bo‘lib o‘tgan tadbirda ishtirok etdi. Klub raisi Sherzodxon Qudratxo‘jayev feysbukdagi sahifasida bu haqdagi o‘z mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

«Har bir siyosatchining ma’lum bir ma’ruzasi uning faoliyatida belgilovchi, muhim rolga ega bo‘ladi. Masalan, Uinston Cherchillning 1946 yil 5 mart kunidagi «Fulton» ma’ruzasi dunyo tartibotini butunlay o‘zgartirib yuborgan. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bugungi ma’ruzasi, uning saylanganiga bor-yo‘g‘i bir yil bo‘lishiga qaramasdan, yaqin o‘tmishdagi vaziyatni teran tahlil qilib, yaqin kelajakka aniq vazifalarni belgilab beruvchi, chuqur mushohadali nutq bo‘ldi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.

Bunday murojaatlar odatda boshqa davlatlarda doimiy o‘tkazib kelinadi. Lekin bugun ilk bor bunday amaliyot O‘zbekistonda qo‘llandi. O‘zbekiston rahbari 4 soat davomida tik turgan holda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri mamlakat Parlamenti, hukumati va xalqiga murojaat qildi. Dunyo tajribasini Mirziyoyev O‘zbekistonda «nou-xau» qildi.

Bu Murojaat qaysi jihatlari bilan kuchli bo‘ldi?!

Birinchidan, murakkab masalalarning yechimiga tanqidiy mulohaza orqali yondashuv bo‘ldi.

Ikkinchidan, Parlament deputatlari va senatorlari oldiga yangi vazifalar belgilash va ularning faoliyati doirasini kengaytirish, jamiyatda bo‘layotgan siyosiy-iqtisodiy jarayonlardagi ishtirokini kuchaytirishda yangi «yo‘l xaritasi» belgilandi.

Uchinchidan, haqiqiy demokratiyani eng quyi tuzilma – tumanlardan boshlab eng yuqori Respublika idoralarida o‘rnatish va uning ajralmas mexanizmi – o‘zaro cheklovlar va muvozanat tizimini nihoyat ishlatish zarurligi ta’kidlandi.

To‘rtinchidan
, Prezident 13 yil mamlakat Bosh vaziri, 10 yil ikki viloyat hokimi sifatidagi kuzatuv va xulosalarini aniq, tartibli tizimga solib, davlat boshqaruvida muhim institutsional o‘zgarishlarga asos yaratib berdi.

Beshinchidan, so‘nggi yillarda o‘z funksional vazifalarini bajarishdan ancha nariga chiqib ketgan huquqni muhofaza qilish organlariga Konstitutsiyaviy normaga asoslanib ish yuritishga chaqirdi. Xususan, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Prokuratura, Davlat soliq qo‘mitasi. Bu organlar faqat yuklatilgan vazifalari bilan shug‘ullanishga chaqirildi. Tadbirkorlik faoliyatiga aralashuv, manfaatli «tekshir-tekshir»larni to‘xtatmasalar, korrupsion holatlar davom etsa, shaxsan Prezidentning o‘zi bu tashkilot mutasaddilariga jinoiy ish qo‘zg‘atishi ta’kidlab o‘tildi.

«Biz 37-yilni ko‘rganmiz. U hali ham esimizda. Har xil «dedi-dedi»lar kishi taqdirini hal qilmasligi kerak. Bu odatni bas qilaylik», deya ta’kidladi Prezident.

Oltinchidan, mamlakat iqtisodiyoti va statistikasidan «rassomlar»ni chetlashtirish, real hayot bilan yashash lozimligiga alohida urg‘u qaratdi Shavkat Mirziyoyev. Xalqaro valyuta fondi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotning daromad qismi kishi boshiga hajmi bo‘yicha 187 davlat o‘rtasida 134-o‘rinni egallagan. Vaholanki, bunday holat O‘zbekistonning boy salohiyati va resurslariga to‘g‘ri kelmaydi.

Biz, jurnalistlar uchun ham muhim yangilik bo‘ldi: Prezidentimiz bu sohada kadrlar keskin yetishmasligini ta’kidlab, jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya vositalari sohasida alohida universitet tashkil etish taklifini ilgari surdilar. Undan tashqari, nodavlat ommaviy axborot vositalarga, xususan, veb-saytlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydigan Davlat jamg‘armasini ta’sis etishni taklif qildi.

Yana bir muhim yangilik – Davlat rahbari taraqqiyotimizda muhim innovatsiya – hokimiyatni nomarkazlashtirish, ya’ni markaz vakolatlarining ko‘p qismini viloyatlarga berishni taklif qildilar. Bu degani, ko‘plab ruxsatnomalar, litsenziyalarni olish Toshkent bilan bog‘liq bo‘lmay, viloyatlarning o‘zida amalga oshiriladi. Shuningdek, viloyatlar va tuman hokimlariga ko‘proq erkinlik berish va ularga Prezidentning joylardagi vakili sifatida qarash lozimligini uqtirdilar.

Postning boshida Cherchillning «Fulton» ma’ruzasiga bekorga to‘xtalmadik. Vaziyat, vaqt va holat har xil bo‘lsa-da, ayrim tahliliy parallellarni o‘tkazsak. Janob Cherchillning nutqi g‘arbning erkin demokratik g‘oyalarning sho‘ro kommunizm mafkurasiga qarshi kurashga zamin yaratdi. Va oxir-oqibat sobiq SSSR parchalanib yo‘q bo‘ldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqi esa O‘zbekistonning ichki siyosatida, ijtimoiy-iqtisodiy muhitida muhim o‘zgarishlar hamda yangi va ilg‘or rivojlanish g‘oyalarining eskilik sarqitiga qarshi tizimli kurashini boshlab berdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘zbekiston lideri loqaydlik, beparvolik, poraxo‘rlik, korrupsiya, soxtakorlik, vakolatni suiiste’mol qilishga qarshi kurashni e’lon qildi. Umuman olganda, Prezidentning bugungi Murojaati nafaqat ichki, balki yaqin va uzoqdagi qo‘shnilar bilan hamkorlikni jadallashtirishga qaratilgan «yo‘l xaritasi» ham bo‘ldi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.

Aytgancha, Prezidentning virtual qabulxonasiga bir yilda bir yarim million murojaat kelib tushdi. Bu to‘planib qolgan muammolar, masalalar bo‘yicha jiddiy ko‘rsatkich. Biz bu yo‘l bilan qayta ulg‘aydik. Endi Prezident taklifiga binoan yangi interaktiv innovatsiya – «Mening fikrim» portali ish boshlaydi. Biz endi maishiy muammolarni aytishdan taklif berishga o‘tamiz.

Azizlar, yurtimizda «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili» barchamizga muborak bo‘lsin!

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyevning ma’ruzasi Uinston Cherchillning tarixiy nutqiga qiyoslandi