21:38 / 26.01.2018
4 431

Migrantlar, topganingiz uyga, to‘yga... ko‘cha-ko‘yga! Aziz umringizga arziydimi?

Migrantlar, topganingiz uyga, to‘yga... ko‘cha-ko‘yga! Aziz umringizga arziydimi?
Migrantlar alohida e’tibor talab qiluvchi mavzu. Keyingi paytlarda bu mavzu doirasida internet nashrlarda ancha-muncha materiallar berildi. Agar mavzuga chuqurroq yondashadigan bo‘lsak, migrantlar ishtirokida ro‘y berayotgan ayrim noxushliklar, jumladan poyezd va avtobusning to‘qnashuvi, 52 ta o‘zbekning bitta avtobusda yonib ketishi, kishining ta’bini xira qiladi. Elektron nashrlarda e’lon qilingan materiallaridagi fikr-mulohazalar meni ham ko‘plar qatori befarq qoldirmadi. Ijtimoiy tarmoqlardagi bahslar, turfa mulohazalar, sharhlardan ko‘rinib turibdiki, o‘zbekistonlikman degan har qanday kishi mavzuga befarq emas.

Iqtisodiy qiyinchiliklar bois, xorijda ishlash uchun ketayotgan har bir kishi oldiga maqsad qo‘yadi. Xo‘sh, aslida migrantlar xorijga nima uchun ketyapti. Pul ishlash maqsadi bilan ketayotgani aniq. Ammo, maqsad faqat oila tebratishmi? Qadimdan xalqimizda yarimta non – rohati jon, degan gap bor. Oilani shu yarimta non bilan ham boqish mumkin. Ish joylari kam. Buniyam tushunsa bo‘ladi. Ammo, kattagina yeri bo‘lsa ham, yerning umrini qoramol uchun bedapoya yoki makkajo‘xori ekish bilan o‘tkazib yuborish holatlari uchrayapti. Chorva, parrandachilik, tomorqaga mehr qo‘yganlar ham kam bo‘layotgani yo‘q, aslida. Ko‘p hollarda shu yerdagi mehnatdan topilgan pulga ham shukur qilmay, omadi yurishib Rossiyada yaxshigina pul ishlab kelgan qo‘shnisi yoki tanishiga havas qilib, xorijga chiqib ketayotganlar taqdiri, afsuski, ko‘ngildagidek emas. Qora mehnat qilib oilasiga pul jo‘natayotganlar aslida yutyaptimi, yutqizyaptimi?

Masalaning birinchi jihati, ota Rossiyaga ketgach, oilada shunday ulug‘ zotning o‘rni ma’lum ma’noda yo‘qoldi. Farzandining dunyoga kelgani, ilk qadami, “dada” degan ilk so‘zlari, tug‘ilgan kuni, bog‘cha yoki maktabga qadam qo‘yayotgani, qo‘liga qalam ushlab harf o‘rganayotgani – shunga o‘xshash baxtli damlarni ko‘rolmayotgani, armon bo‘lib qolayotgani o‘z yo‘liga. Farzandlarda jiddiylik, qattiqqo‘llik, bir so‘zlilik, mardlik, tantilik va shunga o‘xshash fazilatlarning shakllanishida ularning o‘rni alohida. Bolalar mehribon onalar va ayol o‘qituvchilar qo‘lida qolib ketayotgani haqiqat. Ota tarbiyasini ko‘rgan bolaning qarashlari boshqalarnikidan farq qiladi. Bola tarbiyasida otalarning o‘rni susaymoqda. Bu borada mahallaning, Yoshlar ittifoqining o‘rni sezilyaptimi? Milliy tiklanish demokratik partiyasining oldiga qo‘ygan real maqsadlari bor. O‘zga yurtlarga ish izlab ketayotganlarning yashash tarzi, oilasining ma’naviy holati, farzandlarining maktab yoki o‘rta-maxsus kasb-hunar ta’lim yurtlariga borayotganligi, Ona qo‘lida qolgan bolalarga qandaydir ma’naviy ko‘mak zarurdir? Bu bilan kim shug‘ullanyapti.

Rossiyaga ishlagani yo‘l olib, ish topolmay, oila uchun yetarli mablag‘ jo‘natolmay yurganlar ham bor. Agar ana shu oila ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lsa-chi? XDP ham ular manfaatlarini himoya qilishdan qochmasa kerak. Bu haqda ham biroz o‘ylab ko‘rish zarur.

Keyingi paytda xorijda ishlab kelib, yaxshigina pul topib, orzu-havasga berildik. Migrantlar ishlab topganini nimalarga sarflayapti? Do‘ppini yerga qo‘yib, o‘zbekchasiga mulohaza qilaylik.

Tug‘ilib o‘sgan mahallamda xorijga, xususan Rossiyaga chiqib tirikchilik qilayotgan o‘nlab aka-uka, opa-singillarni bilaman. Ularning turmush tarziga e’tibor bersam, ayrim xonadonlarda deyarli hech kim qolmagan. Yilida, ba’zida 2 yilda bir marta kelib, yiqqan-terganini sochib ketadi. Eng avvalo, tuppa-tuzuk imoratini buzib, qurilish sohasidagi qandaydir yangilikni joriy etib, yo qo‘shimcha imoratlar qurib – topganini sarflab bo‘lgach, yo‘lkiraga pul topib yana jo‘naydi. Keyingi safar bir yildan keyin keladi. Bu gal avtomobil sotib oladi. O‘zi Rossiyada bo‘lsa, avtomobil nima kerak dersiz? Kerakdirda?! Bunga ularning o‘zi javob bersin. Keyingi gal Rossiyaga borib-kelgach, dang‘illatib to‘y qiladi. Katta pul sarflab, manaman degan san’atkorni to‘yga chaqiradi. 2-3 ta qo‘y, qoramol so‘yib, spirtli ichimliklarni ayamaydi. Xullas, topgan-tutganini sarflaydi va yana Rossiyaga jo‘naydi.

Xorijda ming azob bilan ishlab kelganlarning mahallada o‘zini tutishini ko‘rib hayratdan yoqa ushlaysan. Tadbirkorlik evaziga boyigan boylar o‘zini qanday tutsa, ular ham o‘zini xuddi shunday tutadi. Shaxsan men ulardek xarajat qilish uchun yetti o‘lchab, bir kesaman. Ularning xatti-harakatidan namuna olgan ayrim ota-onalar, o‘z farzandiga o‘qishing shartmas, o‘qishsiz ham Rossiyada ishlab kelib, yaxshi yashashyapti-ku degan yuzaki xulosaga kelyapti.

Pulni topish mumkin. Lekin, uni sarflashda gap ko‘p. Yuqoridagi holat takrorlanaversa, ishonchim komil, o‘sha oilalarning biri ikki bo‘lmaydi. Qorni to‘yishi aniq. Ammo, ertangi kun uchun, farzandlar uchun nima qildi, degan savolga javob topilmayapti. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zLiDeP vakillari ular bilan suhbat o‘tkazib, targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borsa, tadbirkorlik, kichik biznesni yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashsa, “sarflash” ham mahorat ekani tushuntirilsa bundan barcha yutadi. Xorijda ishlab kelish, iqtisodiy qiyinchiliklardan chiqib ketishning vaqtinchalik bir yo‘li bo‘lishi kerak emasmi, aslida.

Manba: Qalampir.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Migrantlar, topganingiz uyga, to‘yga... ko‘cha-ko‘yga! Aziz umringizga arziydimi?