19:04 / 15.02.2018
8 242

Uyat! Ming uyat!

Uyat! Ming uyat!
Mana uzoq yillardan so‘ng xalqning orzulari ro‘yobga chiqib, jonajon yurtimizda ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan islohotlar bo‘lyapti. Musulmon odam borki, har kuni bir yangilik, bir xushxabar eshitadi. Shuningdek, odamlarda ham o‘zgarishlar, kitob o‘qishga, ilm olishga bo‘lgan ishtiyoqni kuzatish mumkin. Endi, keling tan olaylik,bu yangiliklar ham o‘zicha bo‘lmayapti, bularning hammasi yurtdoshlarimizning tinmay qilgan duolari, ziyolilarning qilayotgan tinimsiz mehnatlari samarasi mahsulidir.

O‘zini din qayg‘usi, xalq qayg‘usi, yurt qayg‘usi bilan band qilgan, xalq uchun, uning ma’naviy-marifiy jihatdan yetilishi, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan bir bosh balandlashi uchun xizmat qilayotgan insonlar ozchilikni tashkil qilmaydi har holda. Men o‘zimni xalq xizmatchisi deb hisoblamayman, ammo xalq xizmatidagi odamlarning, xususan, davlat strukturasida xizmat qilayotganlarning ishi qanchalar og‘irligini yaxshi bilaman. Xalq xizmatidagilarning orasida, kasbidan qat’iy nazar, o‘z manfaatlarini ikkilamchi o‘ringa qo‘yib, yurt kelajagi uchun xizmat qilayotganlarning borligiga men shaxsan guvohman! Unday insonlarning juda ko‘pini taniyman va hamsuhbat bo‘lganman.

Ammo shunday odamlar bor ekanki, ularning qo‘lidan na dinga, na xalqqa, na yurtga bir manfaat yetkazish keladi. Ularning qo‘lidan yagona ish keladi. Bu – fitna! Fitna yaratish uchun har qanday, qaytaraman, har qanday imkoniyatdan foydalanishadi. Siz mening fikrimga qo‘shilmasligingiz, menga qarshi chiqishingiz va unday insonlarni xalq kelajagi uchun qayg‘uradigan jonkuyarlar sifatida ta’riflab berishingiz mumkin. Unday holat uchun menda savol paydo bo‘ladi. Ana shu odamlarning birortasi yurt uchun nima foyda keltirdi? Ulamolarni yomonotliq qilib ko‘rsatish, endigina o‘z dinini chuqurroq o‘rganish imkoniyatiga yetishayotgan xalqni dindan sovitish, eng asosiysi, yo‘q joydan fitna qo‘zg‘ab, odamlar orasida o‘zlarini sharmanda qilishlaridan xalq qanday manfaat topadi?

Yorqin misol – el tanigan bir musulmon birodarimizning oilaviy masalalari atrofida qilingan fitna. Men ikir-chikirlarga kirishni xohlamayman. Zotan, bunga haqli ham emasman. Ammo o‘rinli savol paydo bo‘ladi. Bizga birovning oilaviy mojarosini titkilab, xalq e’tiboriga olib chiqishga kim huquq bergan? Oilada nimalar bo‘lmaydi! Oila masalasi o‘ta shaxsiy va mojaro yuzaga kelgan, kimlarningdir huquqi poymol bo‘lgan taqdirda ham unday narsalar mahkamada, ikki tomonlarning fikrlari eshitilib hal etilishi kerak emasmi! Oxiratidan qo‘rqmagan qanday musulmon ekanmizki, bir tomonning gap-so‘zini eshitib, unga ishonib, uni odamlarga tarqatib, kattaroq fitnalarning yuzaga kelishiga sababchi bo‘lyapmiz. Vaholanki, tanganing ikkinchi tomoni bo‘lishi mumkinligini juda yaxshi bilamiz.

Men qozi ham, zamon ta’biri bilan aytganda, sudya ham emasman. Kim haq bo‘lgan, kim nohaq bo‘lgan, kim shantaj qilyapti, kim yolg‘on gapiryapti – hamma-hammasini o‘zlari va Alloh taolo ko‘rib bilib turibdi. Bu dunyoda esa bunday muammolar qonun doirasida tegishli joylarga murojaat qilinsa, o‘z yechimini topadigan masala hisoblanadi. Shunday ekan biz nega bunchalik razillashib ketdik, tushunolmay halakman.

E’tibor berilishi kerak bo‘lgan nuqta shundaki, gap bu yerda shaxslar va ularga doir shaxsiy masalalar haqida emas. O‘zaro shaxsiy masalalar o‘zaro hal qilinaveradi. Gap bizning "mard" bo‘lib qolganimizda. Biz qo‘rqmaydigan bo‘lib ketdik. Biz oxiratimizga katta mas’uliyatni yuklab olib, xalqning xizmatiga bel bog‘lagan, ilmu marifat taratish uchun imkon qadar xizmat qilayotgan odamlarni sharmanda qilishga qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz. Qandaydir shaxsiy adovatimiz uchun hamma narsaga tayyormiz. Ammo tafakkur qilmaymizmi? Alloh taolo biz har kuni namozda zam qiladigan Humaza surasida bunday obro‘ to‘kuvchilarga, musulmonlarni sharmanda qilishga urinadiganlarga jahannamning shiddatli va o‘chmas olovi bilan tahdid qiladi. Shuningdek, Rasuli akram alayhissalomdan Imom Ahmad, Imom Abu Dovud va boshqalar Abu Barza Al Aslamiy roziyallohu anhu orqali rivoyat qilgan hadisi sharifda ham payg‘ambarimiz bizni aniq–tiniq bunday ishdan qaytaradilar. Kim o‘z birodarining avrati ortidan tushib sharmanda qilishga urinsa, Alloh taolo uni ham sharmanda qilishi mu
kinligi bilan musulmonlarni ogohlantiradilar.

Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilgan hadisi sharifda esa Muhammad alayhissalom shunday pok va mukammal zot bo‘lgan esalar-da «Ey parvardigoro, qiyomat kuni sharmanda qilmagin» deb duo qilganliklari keltiriladi. Shunday zot o‘z Robbidan najot so‘rab turganda biz o‘zimizning qaysi amalimizga shu qadar ishonib qolibmizki, musulmonni obro‘sizlantirish, uni sharmanda qilishga urinsak. O‘zimizning ahvolimiz haqida qayg‘urmaymizmi, bu o‘tkinchi dunyoda o‘zimizni eplamaymizmi, ertaga hech kim yordam bera olmaydigan, hamma yuz o‘giradigan savol-javob kunida Allohning oldida qay ahvolda turishimiz haqida ko‘proq qayg‘urmaymizmi.. O‘zi arzimasgina muddat qilib berilgan bu o‘tkinchi hayotimizni xalqning, ummatning manfaati uchun sarflamaymizmi.. Bizga berilgan ulug‘ vaqt ne’matini foydali ishlarga yo‘naltirishga urinmaymizmi.. Boshqa xalqlar kosmosga raketa uchirayotgan paytda biz birovning ketini kovlash bilan band ekanligimizdan uyalmaymizmi? Uyat… Ming uyat!
Javohir IZZATULLOH

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Uyat! Ming uyat!