2017 yil 26 may kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida joylashgan “Suzuk ota” majmuasida bo‘lib, maqbara va masjidni rekonstruksiya qilish, atrofini obodonlashtirish bo‘yicha tavsiyalar bergan edi.
O‘zAning yozishicha, bu yerda to‘qqiz oydan buyon ulkan bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Majmuaning kirish qismida avtoturargoh, muzey, do‘kon, kutubxona, ichkarida “Suzuk ota” maqbarasi va undan so‘ng masjid bunyod etilmoqda. Majmuaga kiraverishda yo‘lning ikki tomonida hunarmandlar uchun ikki qavatli 34 ta namunali uy-joy quriladi.
– Bizda hunarmandlikning ko‘plab yo‘nalishlari rivojlangan, – deydi bu mahallada yashovchi Asqar ota Obidov. – Necha yillar o‘tgan, bir necha avlodlar almashgan bo‘lsa-da, an’analar davom etmoqda. Endi bu joy haqiqiy hunarmandlar markazi bo‘lishi shubhasiz.
Hunarmandlar uchun bu maskandan joy ajratilishi bejiz emas. Asli ismi Mustafoqul bo‘lgan Suzuk ota Xoja Ahmad Yassaviyning yolg‘iz qizi Gavhari Xushtojning (Xushtari) kenja farzandi bo‘lgan. 1140 yilda Turkistonning Qorachuq qishlog‘ida tavallud topgan Mustafoqul bobosining xizmatiga borganida Ahmad Yassaviy uni “Mening suzigim, (suyukligim) xush keldingiz!”, deb erkalagan ekan. Shuning uchun avval uning yaqinlari, so‘ng boshqalar ham uni Suzuk deb atay boshlagan. Balog‘atga yetgach karomatlar sohibi Toshkentdagi Chaqar, Chuqurko‘prik (Cho‘ponota) va Mirlar mahallalariga tutash bo‘lgan kimsasiz, tepalik va jarliklardan iborat yerda qo‘nim topib, shu mahallani obod qilishga kirishadi. O‘zi tug‘ilgan yurtidan qorilar, usta-hunarmandlar, yaqin do‘st-birodarlarini olib kelib, uy-joylar qurdirib, barchaga boshpana berib, ilm va hunarni keng ommaga joriy qila boshlagan. Yoshlarga dehqonchilik, hunarmandlik va boshqa kasb-kor sirlarini o‘rgatgan. Yuzlab hunarmand usta-shogirdlarga piru komil bo‘lgan. Karomatgo‘y ustoz 1217 yilda vafot etgan. O‘sha paytda bu mahalla “ustalar”, “xo‘jalar” mahallasi deb yuritilgan.
Suzuk ota nomini abadiylashtirish, azaliy hunarmandlik, ustoz-shogird an’analarini davom ettirish, milliy qadriyatlarimizni yanada takomillashtirishda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilayotgan ushbu madaniyat markazining ahamiyati katta.
XX asrda mahalla nomi “Bauman”, “Komintern”, “Qahramon” va “Obod” deb o‘zgartirilgan. Mustaqillikdan so‘ng qaytadan Suzuk ota mahallasi, deya atab kelinayotgani avliyoga bo‘lgan yuksak ehtirom va e’tirof namunasidir.
Ushbu mahallaning guzar qismidagi maqbara va masjid Sohibqiron Amir Temur davrida bunyod etilgani haqida ma’lumotlar bor. Xonaqoh va ayvonda yetti yuzga yaqin namozxon ibodat qilishi mumkin bo‘lgan. Afsuski, 1930 yili masjid va madrasa yopilib, metall buyumlar korxonasiga aylantirilgan. Hujralar o‘rnida korxona idorasi va omborxona qurilgan. 1985-1990 yillargacha shahardagi eng katta gumbazli (diametri - 10 metr) masjid bo‘lgan ziyoratgoh shu holicha qolgan.
Vatanimiz mustaqilligi arafasida korxona boshqa yerga ko‘chirilib, vayrona holatdagi bino mahalla ixtiyoriga berildi. “Shosh” kichik korxonasi hunarmandlari va mahalla ahli yordamida ta’mirlanib, 1996 yili ramazon oyida masjid o‘z faoliyatini qayta boshladi va bu joy yurtimiz hunarmandlarining sevimli maskaniga aylandi.
Ayni vaqtgacha bo‘lgan bunyodkorlik ishlaridan so‘ng masjidda 900 kishi namoz o‘qishi mumkin bo‘lgan ayvon qad tikladi.
– Ushbu majmuada ishlayotganimdan baxtiyorman, – deydi xivalik usta Tohir Egamberdiyev. – Juda ko‘p masjid va maqbaralar qurilishida ishtirok etganman. Ammo bu joyning o‘zgacha fayzi bor. Har qanday sharoitda ish qizg‘in bo‘ladi. Bu maskan barpo etilayotganida hikmat ko‘p.
Majmuada “Ijod-Ijod” xususiy korxonasi mutaxassislari tomonidan keng ko‘lamli qurilish-bunyodkorlik ishlari olib borilayotir. Unda yurtimizning barcha hududlaridan usta-hunarmandlar faol ishtirok etmoqda. Qurilish ishlarining ellik foizi yakunlangan. Endi bezak berish va kamchiliklarni to‘ldirish bilan shug‘ullaniladi. Masjidning gumbazi o‘zgartirilib, tarixiy xonaqoh bilan uyg‘unlashtirildi. Bu yerdagi chillaxona qayta tiklanayotir.
6,5 gektar maydonda barpo etilayotgan, milliy o‘ymakorlik asosida ishlangan naqshinkor eshik-romlar, ustun va toqilar bilan bezaklanadigan, milliy va zamonaviy me’morlik san’atini o‘zida mujassam etadigan ulkan majmua joriy yil mustaqillik bayrami arafasida ilk ziyoratchilarini qabul qiladi.
Ziyoratgohni qurish maqsadida bu yerdagi eski xonadonlar buzilib, aholiga yer va uy-joylar ajratildi.
– O‘rgangan joydan ketish oson emas, – deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Sobitxon Tursunov. – Lekin mahalla ahli bu majmua Qozog‘iston, Tojikiston, Turkiya va yurtimiz aholisini bir-biriga yanada yaqinlashtirishini anglagan holda, uy-joyini tark etib, o‘z ixtiyori bilan qurilish ishlariga yordam bermoqda. Chunki Suzuk otaning avlodlari asosan shu to‘rt mamlakatga tarqab ketgan. Ular avvallari ham bu yerga ziyoratga kelib turgan.
Joriy yilning 9 fevralida Prezident poytaxtda olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanisharkan, “Suzuk ota” majmuasidagi qurilish ishlarini ham ko‘zdan kechirdi. Bu yerda ziyoratchilar uchun yanada qulayliklar yaratish, hududni obodonlashtirish bo‘yicha mutasaddilarga qo‘shimcha topshiriqlar berdi. “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?