23:05 / 19.03.2018
6 400

Sardoba – tut, o‘rik novdalari va qo‘y suti qo‘shilgan loy mo‘’jizasi

Sardoba – tut, o‘rik novdalari va qo‘y suti qo‘shilgan loy mo‘’jizasi
O‘zAda suvni qishda issiq, yozda sovuq holda saqlashga yordam beruvchi sardobalar tarixi haqida maqola chop etildi. Quyida maqola e’tiboringizga havola etiladi.

Rivoyatlarga ko‘ra, Amir Temur askarlariga doimo ikki yoki uch donadan g‘isht olib yurishni buyurgan. Buloq bo‘ylarida dam olganda o‘sha g‘ishtlardan sardoba qurdirib, dam olish uchun maskan hozirlar ekan.

Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, Sohibqiron Amir Temur farmoni bilan qurilgan sardobalar - Sirdaryo, Toshkent, Qashqadaryo, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarida aniqlangan.

Sardoba – forscha so‘z bo‘lib, sovuq suv ma’nosini anglatadi. O‘tmishda issiqda odamlar ichishga yaroqli suv manbaini hamisha ham topolmagan. Shu bois usti gumbaz bilan yopilgan, tarhi doira shaklidagi chuqur hovuz yoki suvdonlar barpo etilgan.

Movaraunnahrda 44 ta sardoba bo‘lgan. Manbalarda, sardobani qurish juda murakkab va uzoq vaqtni talab qilgan bo‘lib, uning usti gumbaz shaklida, hovuzining diametri 14—15 metr, chuqurligi 10—15 metrni tashkil etgan. Devorlari va gumbazi pishiq g‘isht va ganch, poydevori esa tarashlangan toshlardan terilgan. Sardobani qurish uchun yog‘och deyarli ishlatilmagan.

Misol uchun, Qarshi shahrida Amir Temur qurdirgan deya taxmin qilinadigan yirik sardoba bor. Ba’zi manbalarda u Abdullaxon II tomonidan bunyod etilgan deb ham aytiladi. Mazkur inshootni o‘rgangan arxeologlar Registon maydoni yonidagi sardoba pishiq g‘ishtlardan qurilgani va to‘rtta kirish joyi bo‘lganini aytishmoqda. Silindr ko‘rinishidagi ichki suv havzasining diametri ancha katta 14 metr bo‘lib, sardoba tubiga 40 zina bilan tushilgan. Sardoba gumbazi yer yuzidan 7 metrgacha ko‘tarilib turgan Sardobaning qurilish uslubi, suvni toza saqlash va suvini ishlatishning o‘ziga xos ekologik jihatlari bo‘lgan.

Sardoba qurilishi uchun suv, tuproq va qum alohida toza joydan, ganch Qorovulbozor, Nurotadan olib kelingan. Qumga yantoq, qamish, yulg‘un kuli qo‘shilgan. Inshoot uchun ishlatiladigan g‘isht ham issiq va sovuqqa g‘oyat chidamli bo‘lishi lozim bo‘lgan. Loy yaxshi pishitilgan va unga tuya juni qo‘shilgan. Xom g‘isht 1—2 yil quyosh jaziramasida toblangan, ularni pishitib, g‘ishtlar chertib, saralab olingan. Buni obi g‘isht deyishgan. Xumdonga tut, o‘rikning quritilgan novdalari yoqilgan. G‘ishtlarni bir-biriga yopishtiradigan qorishma loy, suvdan tashqari qo‘y suti, tuya juni ham qo‘shilgan.

Natijada inshoot yanada mustahkam bo‘lib suv chiqib ketmagan va undagi suv hattoki 2—2,5 yilgacha o‘zining tabiiy xususiyatini saqlagan. Suv qishda issiq, yozda sovuq holda turgan. Sardobaning osti doira shaklida bo‘lib, suv sizib ketmasligi uchun 3 qavat qoramol, tuya terisi, 3 qavat kigiz ustiga bir qavat ganch, eng yuqorisiga sifatli g‘isht yotqizilgan.

O‘tmishdagi bosqinchilik urushlari, talato‘plarda boshqa obidalar qatori Qarshidagi sardoba, ayniqsa, uning noyob gumbaziga qattiq shikast yetkazilgan. Bizgacha sardobaning faqat yer ostidagi qismigina saqlanib qolgan edi. Mustaqillik yillarida mazkur sardoba to‘liq qayta ta’mirlanib, asl holida qayta tiklandi va sayyohlarni hayratga solishda davom etmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sardoba – tut, o‘rik novdalari va qo‘y suti qo‘shilgan loy mo‘’jizasi