19:05 / 10.01.2019
3 826

Kaltakka emas, kallaga zo‘r bersaydik!

Kaltakka emas, kallaga zo‘r bersaydik!
Iqtisod, ishlab chiqarish, tijorat sohalariga aytarli qiziqmay kelganman. Shu mavzularga doir maqolalarni o‘qishga hech tobi-toqatim bo‘lmagan. Lekin ikki-uch yil oldin “Pedagog minbari” jurnalida ish boshlaganimda boshlig‘imiz O‘zbekistondagi industrial zonalar haqida maqolalar yozib borish vazifasini bo‘ynimga yuklab qo‘ydi. O‘zingiz zerikkan mavzuda qiziqarli maqola yozishingiz mumkinmi? Lekin yo‘q deyolmadim. O‘rganish jarayonida amin bo‘ldimki, bu sohalar muhim, qiziqarli, foydali bo‘lib, mamlakat binosini tutib turadigan asosiy ustunlardan biri ekan.

Afsuski, ushbu yo‘nalishlarga doir chuqur bilimga ega emasman, tahliliy maqolalar, fikrlar taqdim qilolmayman.

Lekin Janubiy Koreyada bir ishchi sifatidagi kuzatishlarim bilan har zamon o‘rtoqlashib kelyapman.

Bir ikki oy oldin zavodimiz ishini to‘xtatib, ko‘pgina ishchilarga javob berib yuborgan edi. Hozir “Arabayt samushil”, ya’ni mardikorlar idorasi orqali turli-tuman ishlarga chiqib turibman. Zavod boshlig‘i qaytadan ishga chaqirgan edi bormadim. Sabablaridan biri, Koreya hayoti bilan yaqinroqdan tanishish. Qilmagan ishing, ko‘rmagan balong qolmaydi. Dehqonchilik, qurilish, ishlab chiqarish ishlariga, hammollik kabi yumushlarga yollanib kelyapmiz.

Idora ish topib bergani, huquqlaringizni himoya qilishga bel bog‘lab turgani uchun kunlik ish haqingizdan 10% dan 20 %ga qadar ushlab qoladi. Yaqin-yaqingacha o‘rtacha 120 000 vondan o‘n bir ming von xizmat haqi olib kelar ekan. Hozirda ishchilar ko‘payib ketgani, ish avvalgiga nisbatan kamaygani sabablimi, 20 ming, 25 minggacha ushlab qolyapti. Bu yerda mardikorlar ko‘chada birga turnaqator bo‘lib o‘tirib, xizmat kelsa, har tomondan yopirilib ish talashmaydi. Yozda issiq, qishda salqin xonada o‘rindiqda o‘tirib, kofe ichgancha, tekin internet, telefon titkilab o‘tiradi. Kim qayoqqa borishini idoraning boshlig‘i hal qiladi. Ish ma’qul kelmasa, bemalol bosh tortaverasiz. Misol uchun cho‘chqaxonalar bilan bog‘liq ishlarga o‘zini bilgan musulmonlar bormaydi. Ishga yollovchi tushlik, ishga olib borib, qaytarib olib kelish xizmatlarini bo‘yniga oladi.

Gohida qurilish ishlariga chiqib turaman. Ustaman deganining shaxsiy yuk mashinasi bor. Uning ichi to‘la o‘ziga tegishli qurol-aslaha. Shundan ham bilasizki, ustaning mashaqqati ancha yengil. Ancha nima degan gap! Bizning ustalar qo‘l mehnati bilan soatlab, kunlab bajaradigan ishlarni ikki tamaki orasida bitirishadi. Qurilish asnosi qanday ashyoga ehtiyoj tug‘ilsa, uloviga o‘tiradi, g‘iz etib do‘konga chiqib keladi. Uyning egasi uni qayerdan olsam, buni kimning traktorini gaplashib yuklab kelsam, deya boshini qotirib o‘tirmaydi. Odatda ustaning o‘zi hamma narsani muhayyo qiladi va binoni qurib bitkazgach, haqini olib boshqa ishiga otlanadi. Ish og‘irroqmi, yordamchi kerakmi, bizga o‘xshagan dastyorlarning son-sanog‘i yo‘q. Qurilish mollarimi, xullas, har qanday mahsulotni do‘konlardan darrov topasiz. Shaharma-shahar izg‘ishga hojat yo‘q, eng oddiy qishloqlarda ham maishiy hayot uchun zarur bo‘lgan hamma narsa sotiladi. Narxlarni internetga bir ko‘z yugurtirib bilib olaverasiz. Aytgandek, biz tomonlarda pochta degan so‘z iste’moldan chiqar holda edi, adashmasam. Bu yerda esa pochta xizmatlari shu qadar faol ishlaydiki, hayron qolasiz. Bozorga, do‘konga chiqishga ham hojat yo‘q. Internet bozori qaynaydi. Pochta yuklagan ulovlarning yonilg‘i pulining o‘zi davlatning bir tomonini obod qilayotgan bo‘lsa, ajab emas.

Siz bexavotir buyurtmangizni beravering yo‘llar tep-tekis, buyurtmangiz o‘z vaqtida, ziyon-zahmat ko‘rmay ostonangizgacha yetib keladi.

Ha yo‘llar...
Yo‘llar mamlakat taraqqiyotida juda katta rol o‘ynaydi. Koreyada shahar, qishloqlarni qo‘yavering, dala maydonlariga chiqing. Asfalt qilinmagan ekin maydonini ko‘rganimni eslolmayman. Aholi tirikchiligini qilishi, ishbilarmon tadbirkorligini, dehqon ekinini, usta hunarini ko‘rsatishi uchun yo‘llarda hech bir moddiy-ma’naviy to‘siq uchratmaydi...

Suv
Koreya doim archadek yam-yashil. Suv quvurlari yetib bormagan biror xonadon, biror dala topa olsangiz, sizga qoyil qolaman. Suv - o‘z nomi bilan obi hayot! Suv aql bilan, insof bilan taqsimlanmasa, insonning holi nima kechadi?! Kasalliklar urchishining asosiy sabablaridan biri ham suv taqchilligi, ifloslangan suvlar, achib-bijib yotgan ariqlar, anhor, hovuzlar emasmi?! Dehqonni qon qiladigan, bor mehnatini yer bilan yakson qiladigan suv taqsimotida yo‘l qo‘yiladigan, e’tiborsizlik, insofsizlik, jabr-u zulm, loqaydliklar emasmi?!

Ishchi va mutaxassislar
Ha, inson omili - eng birlamchidir. Koreyalik kim deb so‘rasangiz, men hech ikkilanmasdan, bir og‘iz gap bilan IShChI deb javob bergan bo‘lardim. Ishini puxta biladigan, puxta qiladigan odamlar. Ishlash uchun yashayotgan odamlar. Bundan erishadigani ham ko‘p, yo‘qotadigani ham. Erishadigani - dunyo, yo‘qotadigani - oxirat! Koshki, shu odamlar e’tiqodli musulmonlar bo‘lganida! Qonunlar yaxshi ishlagani, hamma yoqda kameralar o‘rnatilgani uchunmi, yolg‘onchilik, o‘marish, ko‘z bo‘yamachilik, xullas davlatni, millatni orqaga tortadigan holatlar ko‘zga tashlanmaydi. Ammo baribir, dinsiz adolat to‘kis bo‘la olmasligini ham ko‘zlarim bilan ko‘ryapman. Bu yil Koreyada ishlar anchagina orqaga ketdi. Inqirozga uchrayotgan zavodlar ortib boryapti. Chetdan kelgan ishchilar ko‘payib, ish esa kamayib boryapti. Do‘ppisi tor kelib qolgan ayrim “insofli” deb taniganimiz koreyalik oshnalar ishchilarning haqidan ochiq-oydin urib qolishga, ishlatib-ishlatib haqini bermaslikka qadar borishmoqda. Men taniydigan odamlar orasida ish haqini ololmay yurgan musofirlar juda ko‘pchilikni tashkil qiladi. Jumladan, kamina ham:).

E’tiqod erkinligi
Koreys xalqi hayotini e’tiqod asosida emas, ish, kasbi kor ustiga qurgan. Har holda men shunday o‘ylayman. Ko‘chalar nasroniylarning xochiga, butparastlarning butlariga to‘la. Juda ko‘plab odamlar esa hech qaysi dinga ishonmaydi. Bu mamlakat rivojida AQSh katta rol o‘ynaydi. Balki shu boisdandir har ko‘chada xochlarga duch kelamiz. Missionerlar yaxshi ishlaydigan ko‘rinadi. Gohida ijara uyimiz eshigini taqillatib ham kelib qolishadi. Yo‘limni to‘sib ham allam balolar deb o‘zlariga og‘dirmoqchi bo‘lishgan. Shunday muloyim, shunday chiroyli tabassum qiladigan xonimlar. Butparastlar esa qachon qanday ibodat qilishadi, guvohi bo‘lmadim. Faqatgina ko‘chalarda sotish uchun qo‘yilgan tosh haykallarni ko‘p ko‘raman. Butxona qo‘ng‘iroqlari ora-sira jaranglab turadi.

Musulmonlar asosan chetdan kelgan ishchilardan iborat. Koreys boshliqlar bizning soqol qo‘yishimizga, qizlarning ro‘mol o‘rashiga, namoz o‘qishimizga hech qanday qarshilik qilishmaydi. Hozir ko‘pincha machalka zavodiga ishga borib turaman. Ish boshqaruvchi bizni ishga olib ketarkan, necha kishi namoz o‘qishini so‘rab, namoz taqvimiga ko‘z tashlab olishni kanda qilmaydi. Shunga qarab, namoz ish vaqtiga to‘g‘ri kelsa, o‘zi kelib bir-bir o‘rnimizga ishlab turadi, biz ham navbat bilan ibodatimizni qilib olamiz. Istasa, namoz o‘qimaydigan ishchilarni yollashi mumkin. Lekin iymoni bo‘lmasa ham, insofi bor! Bunday holat juda ko‘p bo‘lgan, ilgari ham bir zavodda ishlaganimda o‘nlab odam namoz o‘qigani turar, koreys ishchilar ularning o‘rniga ishlab turardi. Ibodat ham bo‘ladi, ish ham. Yana bir zavodda ishlaganimda hammamiz yomon ko‘radigan muomalasi qo‘pol bir koreys faqat namozga kelganda yumshab qolardi. Karton qog‘oz, gilamcha, machalkaga o‘xshagan narsalar qo‘liga ilinib qolsa, ibodat qilasizlar deb bizga keltirib beradigan odati bor edi...

Gapimiz uzaydi. Shu qadari ham yetar. Zora, bizning diyorlarda ham rahbarlarimiz aql va tadbir, insof-u adolat bilan ish qilishsa, sillasi qurigan odamlarimizni badtar ezmasalar! Xalqimizni, mo‘min-musulmon xalqimizni tinchgina ishi va ibodatini qilishiga, ta’lim-tarbiyasini olishiga qo‘yib bersalar! Ozgina eshik-derazani ochsalar, diniga tashna xalq uchun suvning jo‘mragini biroz burab qo‘yishlari kerakligini anglab yetsalar zora!

Odamlarni o‘z holiga qo‘ying, ishlasinlar. Avtoulovlar arzonroq qilib qo‘yilsa koshki, har bir dehqon, har usta-hunarmand, har bir xonadon, har qaysi ma’murning hojatiga yaraydigan ulovi, insonga o‘xshagan hayoti bo‘lsin! Odamlar kam xarajat bilan ko‘p va sifatli mahsulotlar yetishtirsin, ishlab chiqarsin! Avvalo ichki ehtiyojni ta’minlab, keyin xorijga oxiri ko‘rinmagan karvonlar jo‘natsin! Davlat mana shunday rivojlanadi, xalqning kosasi oqarsa, davlatning kosasi oqaradi. Elning yegani hazm bo‘lsa, ishboshilarning yegani buyuradi. Monopoliya qilib olingan tashkilotlar davlatga bir so‘m foyda bersa, ming so‘mlik ziyon beradi!

Xullas, kaltakka zo‘r beradiganmas, kallaga zo‘r beradigan mahallar allaqachonlar edi kelgani...
G‘olib BAHROM

Manba: Azon.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Kaltakka emas, kallaga zo‘r bersaydik!