date

Kriptoinvestor juftlikning fojeali o‘limi ortida nima bor?

Kriptoinvestor juftlikning fojeali o‘limi ortida nima bor?

Bir necha hafta avval Birlashgan Arab Amirliklariga ish safari bilan borgan rossiyalik kriptoinvestor Roman Novak va uning rafiqasi Anna halok bo‘ldi. Bu haqda Peterburgdagi “Fontanka” va 78.ru nashrlari manbalarga tayanib ma’lum qildi. Hodisa butun jamoatchilikni larzaga soldi — sababi, voqea ortida juda qora va xunuk ssenariy bor.

Ma’lumotlarga ko‘ra, juftlik oxirgi marta qarindoshlari bilan taxminan bir oy avval bog‘langan. Ular Xatta shahri chetida ijaraga olgan villasida “potensial investorlar bilan uchrashuv” bahonasida chaqirilgan va aynan shu yerda shafqatsizlarcha o‘ldirilgan. Tergov versiyasiga ko‘ra, asosiy maqsad pul undirish bo‘lgan.

Qotillikning sababi va taxminlar

Jinoyatchilar Novakning kriptohamyonida “milliardlab dollar” bor, deb o‘ylab, uni qo‘lga kiritishni rejalashtirishgan. Biroq hamyon bo‘sh chiqqanidan keyin ular er-xotinni o‘ldirib, jasadlarni bo‘laklab, paketlarga solishgan va Xatta shahridagi savdo markazi yaqinidagi turli konteynerlarga tashlab ketishgan.

Rossiya Tergov qo‘mitasi Peterburg bo‘yicha Bosh boshqarmasi “bedarak yo‘qolgan” er-xotin ishi bo‘yicha jinoyat ishini ochgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, juftlik 2-oktyabr kuni “noma’lum investorlar” bilan uchrashuvga ketgan va shundan keyin ular bilan aloqa uzilgan.

Hibsga olinganlar va tergov tafsilotlari

Ish doirasida sakkiz kishi qo‘lga olingan. Ulardan uch nafari — Sankt-Peterburgdan kelgan erkaklar, qolgan to‘rt nafari villani ijaraga olgan, transport va qurol xarid qilgan shaxslar bo‘lgan. Tergovchilar ularni jinoyatning bevosita uyushtiruvchilari sifatida ko‘rmoqda.

7-noyabr kuni shahar sudi ayblanuvchilar — Konstantin Shaxta, Yuriy Sharipov va Vladimir Dalyokinni hibsga olishga qaror chiqardi. Ular 28-dekabrgacha qamoqda qoldirildi. Tergov ma’lumotiga ko‘ra, Sharipov aybini qisman tan olgan, boshqalar esa rad etgan.

Roman Novak kim edi?

Roman Novak Rossiyada kriptovalyuta sohasidagi yirik ishbilarmon sifatida tanilgan. U Fintopio nomli tezkor kriptopul o‘tkazish ilovasi yaratuvchisi bo‘lib, loyiha orqali taxminan 500 million dollar investitsiya jalb qilgan. Ammo keyinchalik ushbu mablag‘lar “yo‘qolib ketgan” va investorlar zarar ko‘rgani xabar qilingan.

Novak o‘zini Telegram asoschisi Pavel Durov va arab shahzodalari bilan tanish deb ko‘rsatgan, ammo bu ma’lumotlar tasdiqlanmagan. Uning firibgarlik faoliyati haqida avval ham xabarlar tarqalgan — 2020-yilda sud uni 100 ming dollar o‘zlashtirish aybi bilan olti yilga ozodlikdan mahrum qilgan edi.

Bu jinoyat nafaqat Rossiyada, balki butun dunyoda kriptoinvestitsiya bilan bog‘liq xavflarni yana bir bor namoyon qildi. Tergov hali davom etmoqda, ammo ma’lumki — bu fojea moliya olamidagi ishonch, xavf va odamiylik o‘rtasidagi chuqur ziddiyatni yana bir bor ochib berdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Kriptoinvestor juftlikning fojeali o‘limi ortida nima bor?