09:09 / 02.05.2019
4 958

Yunusobod tumani sobiq hokimi sudda DXXning sobiq rahbarlarini aybladi (foto)

Yunusobod tumani sobiq hokimi sudda DXXning sobiq rahbarlarini aybladi (foto)
2018 yilning sentyabr oyida Toshkent shahri Yunusobod tumanining sobiq hokimi Baxtiyor Abdusamatov investorga joy taqdim etish maqsadida 400 ming AQSh dollari miqdoridagi pulni pora tariqasida olishda gumonlanib qo‘lga olingandi.

Keyingi oylar davomida mazkur ish doirasida tergov ishlari yakunlanib, sud jarayonlari boshlangandi. Jinoiy ish jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyasi Zafar Nurmatov raisligida ko‘rib chiqilayotgandi.


Sudlanuvchilar B. Abdusamatov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 205-moddasi («Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish»), 210-moddasi («pora olish»), O‘. Muxamedsaidov O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 168-moddasi («firibgarlik»), 28-moddasi («jinoyat ishtirokchilarining turlari») orqali 211-moddasi («pora berish»), 212-moddasi («pora olish-berishda vositachilik qilish») va Sh. Malikov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasi («pora berish»), 212-moddasi («pora olish-berishda vositachilik qilish»)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgan edi.

Bugun, 1 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida ish ko‘rilishi davom ettirildi. Sud jarayonida prokuror Sardor Ahmedov suddan Baxtiyor Abdusamatovga nisbatan qo‘yilgan Jinoyat kodeksining 210-moddasi («pora olish») aybini olib tashlashni so‘radi. Biroq, Jinoyat kodeksining 205-moddasi («hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish») doirasida tegishli tartibda javobgarlikka tortilishini so‘radi.

Shuningdek, sudlanuvchi O‘. Muxamedsaidovdan Jinoyat kodeksining 212-moddasi («pora olish-berishda vositachilik qilish») bo‘yicha ayblovni olib tashlab, qolgan moddalar bo‘yicha aybdor deb topib, 12 yilga ozodlikdan mahrum qilishni so‘radi.

Bundan tashqari, Sh. Malikovdan ham Jinoyat kodeksining 212-moddasi bo‘yicha ayblovni olib tashlab, suddan boshqa moddalar doirasida aybdor deb topilishi va 11 yilga ozodlikdan mahrum etilishini so‘radi.

Shundan so‘ng, sudlanuvchilarning advokatlari birma-bir sudda nutq so‘zladi.

Baxtiyor Abdusamatovning himoyachisi Timur Rahmatullayevning aytishicha, himoyasidagi shaxsga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat kodeksining tegishli moddalari yuzasidan jinoyat tarkibi yo‘q. Ya’ni, u Abdusamatov mutlaqo aybsizligini ta’kidladi.

Tergov organlari mazkur ish yuzasidan dalillarni to‘plashda tegishli qonunchilikka amal qilishmagan. O‘sha vaqtda tuman hokimi Baxtiyor Abdusamatov bir vaqtning o‘zida tuman xalq deputatlari kengashi deputati ham hisoblanar edi. Lekin noma’lum «operativ xodimlar» tomonidan 2018 yilning 6 sentyabr sanasida jinoyat protsessual kodeksining 233-moddasi (immunitet huquqi) buzilgan holda Davlat xavfsizlik xizmatining tegishli bo‘limiga tergov uchun topshirilgan.

Shuningdek, ommaviy axborot vositalarida uni asossiz ravishda investorga joy taqdim etish maqsadida 400 ming AQSh dollari miqdoridagi pulni pora tariqasida olganlikda ayblashgan. Bu noto‘g‘ri va yolg‘on ma’lumot bo‘lib chiqmoqda.

«Sud tergovi jarayonida dastlabki tergov organi tomonidan Baxtiyor Abdusamatov qo‘lga olinganidan so‘ng, sun’iy ravishda va noto‘g‘ri yo‘llar bilan dalillar to‘plangani aniqlandi. Shu bilan birga, u ushlanganidan so‘ng, hibsga olish, hibsda ushlab turish va boshqa protsessual normalar buzilgani o‘z tasdig‘ini topdi. Baxtiyor Abdusamatov hibsda bo‘lgan chog‘ida «noma’lum xavfsizlik xodimlari» tumandagi tadbirkorlardan katta miqdordagi pora olganligiga oid shubhali ma’lumot bilan tanishtirishadi. Xodimlar Baxtiyor Abdusamatovdan 600 ming AQSh dollari miqdorida pul olib kelib berishi, keyin videotasmaga tavba qilishi tushirilishi, video tegishli boshliqlarga ko‘rsatilgach, uni qo‘yib yuborishlari va ishini (hokimligini) davom ettirishi mumkinligini aytishgan. Shundan so‘ng, sudlanuvchi yaqin qarindoshlari va tanishlariga moddiy tomondan yordam so‘rab aloqaga chiqadi. Bir necha uylar, avtomobillar garovga qo‘yilib, 7-10 sentyabr sanalari orasida 400 ming AQSh dollari yig‘iladi. Davlat xavfsizlik xizmatining tegishli departamentiga olib kelib beriladi.

Bu vaqt oralig‘ida uning o‘ziga va yaqin qarindoshlariga nisbatan yolg‘on ma’lumotlar yig‘ilgan hujjatlarni ko‘rsatib aybiga iqror bo‘lishni so‘rashadi. 400 ming AQSh dollari miqdoridagi summa olib kelib berilgach ham u qo‘yib yuborilmaydi va xavfsizlik xizmatining tergov hibsxonasiga jo‘natiladi. Tergov jarayonlarida tegishli dalillar, ko‘rsatmalar bir necha marta o‘zgargani buning yorqin dalili. Sud tergovida Baxtiyor Abdusamatov 400 ming AQSh dollari miqdorida pora olgani o‘z isbotini topmadi. Sun’iy ravishda ommaviy axborot vositalarida unga qarshi bo‘htonlar tarqatilishi ham bunga yaqqol misol», - dedi advokat.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Baxtiyor Abdusamatov 6 sentyabr kuni taxminan soat 19:00da qo‘lga olingan bo‘lsa, 4 kun o‘tgach, 10 sentyabr kuni shahar prokuraturasi taklifiga ko‘ra, shahar hokimining birinchi o‘rinbosari ruxsati bilan deputatlik immunitet huquqidan mahrum etilgan.

Himoyachi shuningdek, jinoyat protsessual kodeksining ushlab turish asoslari, ushlash chog‘ida immunitet huquqidan foydalanuvchi shaxslar, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgunga qadar ushlab turish tartibi, ushlab turish bayonnomasini tuzish va ushlab turishning asosliligini tekshirish va boshqa moddalari buzilganini ta’kidladi.

«B.Abdusamatovga nisbatan qo‘yilayotgan yana bir ayblov hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish yuzasidan ham aybsiz ekani va sud bunga oid ma’lumotlarni tekshirishi lozimligini so‘radi. Sudlanuvchiga qarshi ko‘rsatma bergan I.Alimov va boshqalar buni xohlashmagani va kuchli bosim ostida bu ishlarni qilishga majbur bo‘lishganini tan olgan. Mazkur tadbirkorlar tomonidan tumandagi ijtimoiy hayot va infratuzilmani yaxshilash uchun ixtiyoriy ravishda mablag‘ to‘plangan. Bu summa 2 milliard so‘mdan ortiqni tashkil etgan. Bu hech qanday shaxsiy ehtiyojlar uchun olinmagan va sarflanmagan», - dedi advokat.

U suddan garov evaziga olingan 400 ming AQSh dollarini uning oilasiga qaytarish va avtomobillarga qo‘yilgan taqiqlarni yechishini so‘radi. Tegishli protsessual moddalarga ko‘ra, uning ishdan olinishi ham noqonuniy bo‘lganini aytib o‘tdi.

«Fikrimcha, kimdir soxta obro‘ orttirish maqsadida mazkur ishlarni ommaviy axborot vositalaridan foydalanib uyushtirgan. Bu ishlarni Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq rahbarlari, birinchi o‘rinbosari J.Egamov, tegishli departament boshliqlari va boshqalar tashkillashtirishgan. Arizachilar o‘z xohishi bilan ariza bermagan. Barchasi majburlangan. Qanday qilib tadbirkorlarga homiylik uchun pul berasan, keyin pora deb yozib berasan deyishlari mumkin? Yana oila a’zolari bilan qo‘rqitib.

Prokuraturaga rahmat, pora berish jinoyatini mendan olib tashlashni so‘rab sudga iltimosnoma kiritdi. Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish aybi bo‘yicha gapiradigan bo‘lsam, bu pullar kam ta’minlangan oilalarga qurilish materiallari sotib olishga, «Billur» MFY fuqarolari uchun asfaltga va boshqa xayrli ishlarga sarflandi. Qandolat mahsulotlari yangi yilda kam ta’minlangan oilalarning farzandlariga tarqatildi. Suddan barchasini hisobga olib adolatli qaror chiqarishini so‘rayman», - dedi Baxtiyor Abdusamatov.

Boshqa sudlanuvchilar O‘. Muxamedsaidov va Sh. Malikov aybiga qisman iqror bo‘lib, suddan barcha holatlarni hisobga olib adolatli qaror chiqarishini so‘radi.

Keyingi sud majlisi 6 may sanasiga qoldirildi.
Zafarbek Solijonov qatnashdi

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yunusobod tumani sobiq hokimi sudda DXXning sobiq rahbarlarini aybladi (foto)