20:00 / 02.07.2019
2 118

Elektr energiyasi narxini liberallashtirish: kutilayotgan natija, ehtimoliy salbiy oqibatlar va ularning oldini olish (3-qism)

Elektr energiyasi narxini liberallashtirish: kutilayotgan natija, ehtimoliy salbiy oqibatlar va ularning oldini olish (3-qism)
Yechimlar va salbiy oqibatlarni kamaytirish chora-tadbirlari
Voqealarning yuqorida keltirib o‘tilgan yo‘sindagi rivoji biz uchun eng ko‘ngilsiz ssenariy, albatta. Ishonamanki, puxta o‘ylangan, oqilona makroiqtisodiy siyosat, aniq reja asosida va nazorat ostida olib borilgan islohot ushbu jarayondan imkon qadar yo‘qotish va talofatlarsiz o‘tib olishimiz garovidir.

Hukumat idoralari tomonidan ishlab chiqil(adi)gan elektr energiyasini liberalizatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi doirasida amalga oshiriladigan boshqa amaliyotlar bilan uyg‘unligini inobatga olgan holda, jahon tajribasida mavjud quyidagi yechimlarni qo‘llash maqsadga muvofiqligini ko‘rib chiqish zarur:

(ularning ayrimlari tasdiqlangan hukumat qarorida ham ta’kidlab o‘tilgan,bu yerda ularni amalga oshirishda aynan qaysi jihatlarga alohida e’tibor qaratish bo‘yicha ham mulohaza yuritilmoqda)

1. Tafovutli (differential) elektr energiya tariflash tizimini joriy qilish
Sutkaning iste’mol hajmlari yuqori bo‘lgan vaqti uchun baland, nisbatan past bo‘ladigan qismi uchun pasaytirilgan narxlar joriy qilish. Bu o‘zgarish sutka davomida nisbatan muvozanatlashgan iste’mol ko‘rsatkichlariga olib kelgan bo‘lardi. Bundan ko‘zlangan maqsad elektr energiyasi iste’moli kamaygan paytida IESlar samaradorligi tushishi va yuqori iste’mol hajmlari paytida esa ishlab chiqarish uskunalari va uzatish infratuzilmalari zo‘riqish bilan ishlashiga barham berishdir.

Bu o‘z navbatida texnologik jarayonlar samaradorligi oshishi, xarajatlar kamayishi, natijada iste’molchiga yetkazib berilayotgan elektr energiyasi narxining tushishiga olib keladi.

2. Har bir xo‘jalik uchun bazaviy iste’mol hajmlaridan oshiqcha miqdor uchun o‘sib boruvchi koeffitsiyentda narxlash tizimi
Bunday mexanizm ijtimoiy adolatni ta’minlash va energiya sarfini optimallashtirishga qaratilgan yana bir chora sifatida baholanadi. Bu amaliyot Toshkent shahri Yunusobod tumanida sinov tariqasida joriy qilinayotganidan xabarimiz bor. Ammo tajriba energiya sarfi ko‘rsatkichlariga qanday amaliy ta’sir ko‘rsatgani to‘g‘risida hali rasmiy ma’lumot berilgani yo‘q.

Ushbu tartibni ishlab chiqishda faqat bazaviy norma va undan oshgan hajm uchun farqlanuvchi narx emas, balki sarf bilan proporsional ravishda muttasil oshib boruvchi narx koeffitsiyentlarini joriy qilish energiya sarfi va moliyaviy xarajatlarni yanada optimallashtirishga yordam beradi.

3. Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun aniq manzilli subsidiyalar joriy qilish
Aniq manzilli subsidiyalar joriy qilinishi Vazirlar Mahkamasi qarorida ham ta’kidlangan. Ammo ushbu moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmini joriy etishda ayrim e’tiborga molik jihatlar mavjud. Xususan, subsidiyalarni suiiste’mol qilish va ulardan foydalanishda ehtimoliy korrupsiyaning oldini oladigan, iste’molchining to‘lov qobiliyatini ob’ektiv baholaydigan shaffof tizim ishlab chiqish lozim.

4. Aholining keng qatlamlarini va mahalliy tadbirkorlarni zamonaviy moliyalashtirish mexanizmlarini joriy qilish orqali energetik ta’minot bo‘yicha loyihalarga jalb etish
Yaqinda Markaziy bank aholi o‘rtasida valyuta jamg‘armalari to‘g‘risida o‘tkazgan anonim so‘rovi natijalarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, fuqarolarda mavjud jami chet el valyutasidagi jamg‘armalar 10,2 mlrd. AQSh dollarini tashkil qiladi. O‘tkazilgan so‘rovnoma ko‘lamini va mamlakatda faoliyat yurituvchi tijorat banklari tomonidan taklif etilayotgan jamg‘arma va pul qo‘yilmalari aholida mavjud mablag‘larni turli sabablarga ko‘ra (qaytarilish kafolati, foiz stavkalari va hokazo) samarali jalb qila olmayotganini inobatga olsak, bu qiymat yanada ko‘proq bo‘lishi mumkin.

Moliya vazirligi, Markaziy bank, Investitsiya va tashqi savdo vazirligi va boshqa aloqador davlat idoralari tomonidan ushbu aholi jamg‘armalarini sanoatning turli tarmoqlarida, xususan energetika sanoatida amalga oshirilayotgan loyihalarga o‘zaro manfaatli shartlarda jalb qilishning qonuniy asoslari va ishchan mexanizmlarini yaratish ustida bosh qotirishi lozim. Bu yangi korxonalar, yangi ishlab chiqarish quvvatlari va yangi ish joylari, degani.

Jahon tajribasida bu turdagi investitsion resurslarni samarali jalb qilish bo‘yicha sinalgan, allaqachon yaxshi natija berayotgan konseptual yechimlar mavjud. Ular orasida kraudfanding, davlat-xususiy sektor hamkorligi (PPP), ijtimoiy obligatsiyalar (social impact bonds) mamlakatimiz uchun istiqbolli yo‘nalishlar, deb hisoblayman. (Energetika sohasida mikromoliyalashtirish instrumentlari to‘g‘risida keyingi maqolalarimizda batafsil to‘xtalamiz)

5.Bosqichma-bosqich, ehtiyotkor liberalizatsiya
Yuqorida ta’kidlanganidek, elektr energiyasi mamlakat iqtisodiyoti va aholi farovonligi uchun g‘oyat ahamiyatlidir. Shu sabab jahon tajribasida ham bu sohaga oid siyosatni amalga oshirishda ehtiyotkor va puxta o‘ylangan qarorlar qabul qilib kelingan. Hattoki XIX asrdan buyon sanoat kapitalizmi va bozor iqtisodiyoti asosida taraqqiy topib kelayotgan Yevropa mamlkatlari ham bor-yo‘g‘i asrimiz bo‘sag‘asiga kelibgina (1990-yillar va 2000-yillar boshi) ushbu sohani liberallashtirishga jur’at qilishdi.

Shu sabab ham amalga oshiriladigan islohotning tadbirkorlik faoliyati va mamlakat makroiqtisodiy ko‘rsatkichlariga ta’sirini maksimal darajada aniq prognozlashtirish va islohot davrida sinchkovlik bilan kuzatib borish lozim. Aks holda, noxush iqtisodiy oqibatlar uzoq yillarga cho‘zilishi mumkin.

Yuqorida ta’kidlangan vazifalarni amalga oshirish uchun enegetika vazirligi va tegishli idora va vazirliklar hamkorligida elektr energiyasi bozorini liberallashtirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqilishi zarur.

Ushbu dasturda eng kamida quyidagilarni aniq belgilab olish zarur:
- Bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan chora-tadbirlar va vazifalar, ulardan kutilayotgan natijalar aniq raqamlar bilan;
- Dasturda belgilangan barcha vazifalarni amalga oshirish uchun zarur moliyaviy resurslar va ularning manbalari;
- Natijalarni baholash mezonlari va mexanizmlari;
- Har bir bosqich uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatar (risk)lar tahlili va ularning oldini olish, ehtimolini kamaytirish va oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar;
- So‘zim so‘ngida kutilayotgan islohot yuzasidan aholi, tadbirkorlar va potensial investorlar o‘rtasida tizimli ravishda tushuntirish ishlari olib borilishi maqsadga muvofiq ekanini yana bir bor ta’kidlamoqchiman.

Rivojlanishimizning navbatdagi bosqichi o‘laroq davlatimiz va xalqimiz oldida turgan mas’uliyatli vazifani amalga oshirishda hukumat idoralari yuqori professional yondashuv namoyon qila olishlariga ishonch bildirib qolaman.

Rahimberdi MAMAYuSUPOV.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Elektr energiyasi narxini liberallashtirish: kutilayotgan natija, ehtimoliy salbiy oqibatlar va ularning oldini olish (3-qism)