date
views 4 371

Madaminbekni yod etib

Madaminbekni yod etib
9 may kuni odatdagidek, oynai jahon orqali dunyodan o‘tgan taniqli san’atkorlar, shoiru yozuvchilar, davlat arboblari to‘g‘risida ko‘rsatuvlar namoyish etiladi. Ular haqida xotiralar o‘qib eshitiriladi. Axir qadimda Sharq donishmandlaridan biri “Agar odamlarni yod etsalar, ajdodlarini unutmasalar, xalqda yaxshi xislatlar yanada kamol topadi” deb bejiz aytmagan. Xotira haqida og‘iz ochishimning sababi ham shunda.

2019 yili Turkiston mustaqilligi uchun kurashgan Madaminbekni qabrini do‘stlarim Inomjon, Olloberdi bilan birgalikda ziyorat qildik. Chunki, ko‘pdan beri uning qabrini ziyorat qilishni astoydil niyat qilib qo‘ygan edik. Bilmadim kimlar uchundir u oddiy bir qo‘rboshidir. Biroq men uchun Madaminbek bir umr mardlik timsoliga aylangan tabarruk inson bo‘lib kelgan. Jasur Turkiston o‘g‘lonining qabri Uchqo‘rg‘onning Olay tog‘ tizmalari oralig‘idagi Shig‘ay qishlog‘ida joylashgan bo‘lib, o‘tgan asrning 90-yillarida saxovatpesha vatandoshlarimiz tomonidan qo‘yilgan qabr toshida quyidagi so‘zlar bitilgan:
Muhammadaminbek Ahmadbek o‘g‘li
1892–9.04. 1920.
Turing begim gunohlarni yuvaylik,
Bosqinchini Ona yurtdan quvaylik.


O‘shanda Madaminbekning qabri boshida kelasi yili 9 may kunida buyuk bahodirning shahid bo‘lganiga 100 to‘lar ekan deb xayolimda o‘tgan edi. Mana qarangki, yil ham o‘tdi...
XX asrning mashhur adiblaridan biri “Inqilobiy zamonlarda eng yaxshi odamlar qurbon bo‘ladi. Qurbonlik keltirish qonuniga binoan so‘nggi so‘zni aytish qo‘rqoq va ehtiyotkor odamlarga qoladi, zero boshqalar o‘zida bor eng aziz narsani qurbon qilib, so‘zdan mahrum etilgan. Sotqinlik qilganlar so‘zlaydilar” degan edi. Darhaqiqat tarixning bunday burilish nuqtalarida favqulodda qobiliyat sohiblari maydonga chiqadilar, ular misli ko‘rilmagan qahramonlik namunalarini namoyish etib halok bo‘ladilar.

Mavlono Jaloliddin Rumiy aytganidek:
Qayda mazlumlar chekar bo‘lsa fig‘on,
Shermardlar unda hozirdir hamon.
Yetsa mazlum dodi, turmaslar qarab,
Rahmati Haqdek choparlar ul taraf.

Turkiston mustaqilligi uchun kurashgan Alloh rahmat qilsin Madaminbek (Muhammad Aminbek) ham o‘z davrining ana shunday shemard, favqulodda qobiliyat sohiblaridan biri bo‘lgan. U haqda qancha kitoblar yozildi va yozilmoqda. Biroq bu kitoblardagi ma’lumotlar orasida bir voqea menga qattiq ta’sir qilgandi. Bu Madaminbekni ulamolarga bo‘lgan cheksiz ehtiromidir.

Marg‘ilonning mashhur Holmuhammad qori (1857-1939) va bir qancha ulamolar Muhammadaminbek bilan ko‘rishmoq uchun uning qarorgohi joylashgan Yozyovondagi Qorasoqol qishlog‘iga yetib kelganlarida arava oldida bir yigit paydo bo‘lib a’mo, ya’ni tug‘ma ko‘r va ham yoshi ulug‘ hazrat Xolmuhammad qori dadaning oyoqlariga yelkasini tutadi. “Qori dada meni yelkamni bosib tushsangiz”, deb turib oladi.

Chunki, arava ancha baland bo‘lib, odatda undan biror narsa bilan tushilardi yoki chiqilardi. Holmuhammad qori dada noiloj yigitni yelkasini bosib yerga qadam bosadi. Bu haqda Muso Turkistoniy shunday yozadi: “arobadan tushar vaqtida qori domlaga ehtiroman bir yigit engishib, qori domlani ayog‘ini yelkasiga qo‘ydurub, arobadan beozor tushirildi.

Zero, qori domla ham a’mo va ham yoshi ulug‘ va zaiflig‘idan hurmatga loyiq bir zotdurlar. Xush omadidan va xordiqlar so‘ralib bo‘lg‘ondan keyin qori domla, bek bormu, agar bo‘lsa ko‘rishaylik, arzimizni aytib, vazifamizni bildiraylik, deb so‘zga boshladilar. Yonidagi aytdi: “Taqsir, bek bor ekanlar. Janoblarini arobadan tushirib qo‘ygan mutavoze yigit Muhammadaminbekning o‘zi ekan, alhamdu lillah, toleimiz bedor ekan, hammamiz bekni huzuridamiz, taqsir”, dedilar.

Qori domla yuzlarini bek tarafg‘a qaratib, avvalan, xizmatini tahsin etdilar. So‘ngra tashakkurlarini bildirdilar. Shu holda dasturxon yozildi... Qori domla qo‘l ochib, Islomga nusrat tilab, qilg‘on duoi fotihadan keyin vidolashib, arobaga chiqarda zor-zo‘r ila qori domlani unamaganiga qo‘ymay Muhammadaminbek engishib, bir kursini vazifasini o‘tadi. Qori domla bir ayog‘larini bekning beliga qo‘yub, arobaga chiqdi. Olloh yorimiz bo‘lsun, Xudoga topshirduk, deb xayrbodlashib jo‘nadilar”.

E’tibor bering, qaysi hukmdor yoki lashkarboshi tarixda ulamolarga shu qadar yuksak ehtirom bajo aylagan. Madaminbekning har bir harakati riyodan holi samimiy edi. Ona Turkistonimizning milliy qahramoni bo‘lmish Madaminbekning bu go‘zal fazilatlari o‘sha paytlarda el orasida mashhur bo‘lganidan shoirlar qasidalar bitganlar, hofizlar qo‘shiq qilib aytganlar. Bugun mayli biz qasida bitmaylik, uzundan-uzun she’rlar yozmaylik, lekin hech bo‘lmaganda aqalli el suygan sheryurak Madaminbek nomini yod etaylik. Muborak ramazon oyida uning haqiga duoga qo‘l ochaylik.

Nodirjon Abdulahatov,
tarix fanlari nomzodi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Madaminbekni yod etib