04:00 / 10.05.2020
11 040

Oilada ota-onaning vazifasi

Oilada ota-onaning vazifasi
Dunyoda ota-ona eng ulug‘ zotlar hisoblanadi. Chunki ular o‘z farzandlari uchun hayotini, mehrini bag‘ishlaydi.

Farzandi katta bo‘lib, oila qurib ketgandan keyin ham u haqda qayg‘urishdan to‘xtamaydi. Ota-ona farzandi dunyoga kelishi bilan uni parvarish qilib, katta qiladi, kasal bo‘lsa, davolaydi, yediradi, kiydiradi, uni oq yuvib, oq taraydi. Umuman, farzandini hayotda kerakli barcha narsalar bilan ta’minlashga harakat qiladi.

Hatto buning uchun o‘zlari yeyish-ichish, kiyinish va shu kabi narsalardan mahrum bo‘lsalar yoki kechalari uyqudan qolsalar ham. Bugun yoshlarimiz baxtli, chunki ularning ota-onalari boshida, ular uchun kerakli narsalarni ortig‘i bilan olib bermoqda. To‘g‘ri, bu ishlar ota-onaning farzand oldidagi asosiy vazifalaridan hisoblanadi. Afsuski, ba’zi ota-onalar o‘zlarining vazifalari faqat shu deb o‘ylashadi.

Holbuki, bulardan ham muhim, bulardan ham qiyin va bulardan ham asosiy vazifa ham bor, bu farzandning ma’naviy-axloqiy tarbiyasidir. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) bunday marhamat qiladilar: “ Ota-ona farzandiga yaxshi xulqdan ham ortiqroq narsa bera olmaydi ”. Demak, ota-ona farzandiga beradigan eng yaxshi narsasi qimmatbaho kiyim, yaxshi taom yoki ajoyib sovg‘a emas, balki go‘zal xulq va yaxshi tarbiyasi ekan.

Tan olish kerakki, ba’zi oilalarda ota-ona ertalabdan kechgacha ishlab, ko‘cha-ko‘yda yuradi, uyda bo‘lgan vaqtlarida ham o‘z ishlari bilan ovora bo‘lib farzandlariga vaqt ajrata olmaydi. Natijada farzand tarbiyani telefon, internet, televizor hamda ko‘cha-ko‘ydan olmoqda.

Shunday tarzda ulg‘aygan bola yaxshi xulqli, odobli, ilm-ma’rifatli va kelajakda el-yurtiga xizmat qilib, ota-onasiga rahmat olib keladigan bo‘lib ulg‘ayishiga kim kafolat bera oladi?! Bir odam o‘g‘li bilan birga hazrat Umar (r.a.)ning huzuriga keldi:
“Bu o‘g‘lim, menga itoat etmaydi”, deya shikoyat etdi.

“Allohdan qo‘rqmaysanmi, nega ota-onangga qarshi chiqasan? Ota-onaning farzandda juda ko‘p haqlari bor”, deya hazrati Umar o‘smirni ogoh etib, tanbeh berdilar.
“Ey mo‘minlar amiri, bolaning ham otada biron haqqi bormi?” deya so‘radi yosh yigit.

“Ha, bor. Avval yaxshi xotinga uylanishi, bola tug‘sa, yaxshi ism qo‘yishi, unga Qur’oni karimni va farz ibodatlarini o‘rgatishi, uylanadigan yoshga yetgach uylantirishi – bolaning otasidagi haqlaridandir”, dedilar hazrati Umar.
“Allohga qasamki, otam musulmon ayollarni qoldirib, 400dirhamga sotib olgan bir cho‘ri bilan turmush qurdi.

Menga yaxshi ism qo‘ymadi. Ismimni qurt – hashorat ma’nosida Juhla deb qo‘ydi. Menga Qur’oni karimdan va ibodatlardan hech narsa o‘rgatmadilar”, dedi. Buni eshitgan hazrati Umar o‘smirning otasiga qarab: O‘g‘lim menga itoat etmaydi, deysan. Hobuki, u senga qarshi chiqishdan avval sen uni haqlarini toptab, farzanding oldidagi vazifalaringni ado etmabsan-ku. Endi bor, avval o‘z vazifalaringni bajar, — deya haligi kishiga tanbeh bergan ekan.

Shunday ekan, har bir ota-ona farzandlarining tarbiyasiga ko‘proq e’tibor berishi, ularga alohida vaqt ajratib, odob-axloqdan ta’lim berishi, ularni doimo nazorat qilib borishi kerak.
Shuning uchun xalqimizda “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, degan maqol bejiz aytilmagan.

M. Abdullayev
Urganch shahar «Oxun bobo» masjidi imom-noibi

Manba: Diyonat.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Oilada ota-onaning vazifasi