22:45 / 11.09.2020
2 798

Maktabgacha ta’lim tizimida korrupsiyaga qarshi kurashda qo‘yilgan eng muhim qadam aytildi

Maktabgacha ta’lim tizimida korrupsiyaga qarshi kurashda qo‘yilgan eng muhim qadam aytildi
Foto: Maktabgacha ta’lim vazirligi
Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin bog‘chalarning pandemiya sharoitida qanday tartibda ishlashi mavzusida o‘tkazilgan matbuot anjumanida tizimdagi korrupsiyaga qarshi kurash masalasiga to‘xtaldi.

«Maktabgacha ta’lim tizimini isloh qilishda pedagog kadrlar va ta’lim sifatini oshirish bilan bir qatorda korrupsiyaga qarshi ham ayovsiz kurashib kelinmoqda. Korrupsiya maktabgacha ta’limda shunchalik tizimli tus olganki, uni metall zangiga o‘xshatish mumkin. Qachonki zang metallni yemira boshlasa, ish jarayoni to‘xtamasligi uchun metalning o‘sha qismini butunlay boshqasiga almashtirish kerak bo‘ladi», – dedi Agrippina Shin.

Uning qayd etishicha, vazirlik bu borada tegishli choralar ko‘rmoqda. Korrupsion holatlarni aniqlash uchun ichki audit xizmati tashkil etilgan. Vazirlik tashkil qilingan 2017 yildan to hozirga qadar prokuratura organlari bilan hamkorlikda 904dan ortiq ish ochilgan, ayrim holatlarda jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan.

Ayni paytda vazirlik Bosh prokuratura va Hisob palatasi bilan maktabgacha ta’lim tizimidagi korrupsiyaga qarshi kurash ishlarini olib bormoqda; «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqilgan.

Shuningdek, vazirning aytishicha, 26 yil maktabgacha ta’lim tizimiga yetarli e’tibor berilmagani ham korrupsion holatlar ko‘payishiga sabab bo‘lgan.

Vazirlikning ichki audit, moliyaviy va huquqiy nazorat xizmati boshlig‘i Dilshod Normatovning qo‘shimcha qilishicha, vazirlikning tizimda korrupsiyaga qarshi kurashishda hozirga qadar qilingan eng muhim ishi – maktabgacha ta’lim tizimida jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxsning ishlashini cheklashdan iborat.

«Bu – «Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida»gi qonunda belgilandi. Biz qilgan tahlillar bog‘cha mudirasi sifatida jinoyat sodir qilib ham o‘z lavozimidan ketmasdan ishlab yurganlar ko‘pligini ko‘rsatdi. Shuning uchun ham qonun bilan shunday cheklov belgilab qo‘yildi», – dedi Dilshod Normatov.

Ma’lumot uchun, yuqoridagi qonunning 44-moddasiga ko‘ra, qasddan jinoyatlar sodir etgani uchun ilgari hukm qilingan shaxslar maktabgacha ta’lim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkin emas.

Shuningdek, ilgari o‘zining aybli harakatlari sababli mehnat shartnomasi tugatilgan shaxslar, shuningdek qo‘llanilgan jazo chorasidan, sudlanganligi holati tugatilganidan yoki olib tashlanganidan hamda o‘ziga nisbatan amnistiya yoki afv etish akti qo‘llanilganidan qat’i nazar, qasddan sodir etilgan jinoyatlar uchun ilgari hukm qilingan shaxslar maktabgacha ta’lim tizimi organlari va tashkilotlarining rahbarlik lavozimlariga tayinlanishi mumkin emas.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq vazirlik tomonidan 48,3 mlrd. so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangani xabar qilingan edi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Maktabgacha ta’lim tizimida korrupsiyaga qarshi kurashda qo‘yilgan eng muhim qadam aytildi