date

Germaniyada parranda grippi sabab yarim million parrandalar yo‘q qilindi

Germaniyada parranda grippi sabab yarim million parrandalar yo‘q qilindi

Germaniyada parranda grippi epidemiyasi avj olmoqda — rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, kasallik tarqalishini cheklash maqsadida yarim milliondan ortiq qush nobud etildi. Sentyabr oyining boshidan buyon mamlakatdagi parrandachilik korxonalarida 31 ta yangi kasallik o‘chog‘i aniqlangan. Hukumat va veterinar xizmatlari qat’iy choralar ko‘rayotganiga qaramay, virus juda tez yoyilmoqda.

Fridrix Lyoffler instituti vakili ta’kidlashicha, vaziyat shiddat bilan o‘zgarmoqda va “hozirgi raqamlar faqat bir lahzali ko‘rinishni aks ettiradi”. Bu, kasallik hali to‘liq nazorat ostiga olinmaganini anglatadi.

FLI (epidemiyalarni nazorat qilishga mas’ul institut) ma’lumotlariga ko‘ra, parranda grippi o‘choqlarining asosiy qismi Quyi Saksoniyada (8 ta holat) aniqlangan. Shuningdek, Brandenburg va Meklenburg hududlarida ham bir nechta holat qayd etilgan. Virus Tyuringiya, Shlezvig-Golshteyn, Shimoliy Reyn-Vestfaliya, Baden-Vyurtemberg va Bavariyada ham tarqala boshlagan.

Qancha qush kasallikdan zarar ko‘rgani aniq hisoblanmagan bo‘lsa-da, ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, faqat Brandenburgning o‘zida 1,5 mingdan ortiq turna parranda grippidan halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Parranda grippi odatda insonlar uchun xavfli bo‘lmasa-da, qishloq xo‘jaligi sohasiga katta iqtisodiy zarar yetkazadi. Bavariya parrandachilik xo‘jaliklari uyushmasi raisi Robert Shmakning ta’kidlashicha, epidemiya fonida tuxum narxi oshishi, do‘konlarda parranda mahsulotlari assortimenti qisqarishi mumkin.

Germaniya parrandachilik sanoati markaziy birlashmasi (ZDG) ham ahvolga jiddiy baho bergan. Birlashma prezidenti Xans-Piter Goldnik 27-oktyabr kuni federal hukumatni virus tarqalishini to‘xtatish uchun barcha qushlarni yopiq binolarda saqlashni majburiy tarzda joriy etishga chaqirgan.

Mutaxassislar fikricha, agar epidemiya nazoratsiz davom etsa, mamlakatda tuxum va parranda go‘shti yetishmovchiligi yuzaga kelishi, bu esa narxlarning keskin oshishiga sabab bo‘lishi mumkin. Hozircha epidemiologik xizmatlar kasallikni cheklash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni ishlab chiqmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Germaniyada parranda grippi sabab yarim million parrandalar yo‘q qilindi