23:00 / 14.09.2020
3 354

O‘zbekistonda keytering (yetkazib berish) xizmatlarining faoliyati huquqiy tartibga solinganmi?

O‘zbekistonda keytering (yetkazib berish) xizmatlarining faoliyati huquqiy tartibga solinganmi?
2020 yil butun dunyo mamlakatlari, jumladan O‘zbekiston uchun ham mashaqqiyatli yil bo‘ldi. Koronavirus pandemiyasi kirib kelishi mamlakatimizda ayrim turdagi sohalarining rivojlanishiga ham turtki bo‘ldi. Xususan, karantin sababli ko‘plab turdagi tadbirkorlik sub’eklari yetkazib berish (keytering) xizmatlarini yo‘lga qo‘ya boshladi. Karantin davrida umumiy ovqatlanish muassasalarining mahsulot yetkazib berish xizmatiga talabi bir necha barobarga oshib ketdi.

O‘z navbatida o‘tgan davr mobaynida mazkur turdagi xizmatlar mamlakatimizda yetarli darajada rivojlanmaganligini namoyon qildi. Faqatgina Toshkent shahri va ayrim viloyatlar markazlaridagina yo‘lga qo‘yilgan yetkazib berish xizmatlari endi barcha tumanlar hatto qishloqlargacha kirib bora boshladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasini tashkil etish to‘g‘risida”gi
F-5537-sonli Farmoyishiga asosan koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi tuzildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 martdagi “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 176-son qarori va maxsus komissiyaning qarorlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi hududida barcha ko‘ngilochar ob’ektlar, shu jumladan tungi klublar, diskoteka, restoran, kafe, oshxona, choyxona, spa va massaj salonlar, karaoke, bilyard zallari, chilim (kalyan) markazlari va kompyuter o‘yinlari xizmatini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik faoliyati to‘xtatildi.

Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan ko‘chalarda harakatlanishi uchun yuk tashuvchi mashinalar, alohida vakolatga ega va ayni paytda o‘ta zarur vazifalar bilan band avtomobil egalariga hamda yetkazib berish xizmati (keytering) tashkilotlarining avtotransport vositalariga nisbatan tatbiq etilmasligi qayd etildi.

Shu bilan birga, maxsus komissiyaning qarorlari bilan yetkazib berish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga yetkazib berish xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida sanitar qoidalarga rioya qilish, maxsus kiyimlarda bo‘lish, dezinfeksiya moslamalaridan foydalanish, tovarlarni yopiq va gigiyenik qoplamalarda yetkazish, yetkazib beruvchilarning fuqarolarning xonadonlariga kirmasligi, ijtimoiy masofani saqlash kabi qo‘shimcha majburiyatlar yuklandi.

Bundan tashqari, umumiy ovqatlanish korxonalarining yetkazib berish xizmatini ko‘rsatayotgan avtotransport vositalari, shuningdek, mazkur tadbirkorlik sub’ektlarida doimiy mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xodimlarning shaxsiy (mulk, ishonchnoma yoki ijara huquqi asosida) avtotransport vositalariga (xodimlar uchun faqat har bir umumiy ovqatlanish korxonasiga bir dona avtotransportga) harakatlanish uchun ruxsatnoma berilishi belgilab qo‘yildi.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 437-455-moddalariga muvofiq mamlakatimizda mahsulot yetkazib berish shartnoma orqali tartibga solinishi belgilab qo‘yilgan.

Mahsulot yetkazib berish shartnomasi Fuqarolik kodeksining 437- moddasida nazarda tutilgan bo‘lib unga ko‘ra, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan mahsulot yetkazib beruvchi — sotuvchi shartlashilgan muddatda yoki muddatlarda o‘zi ishlab chiqaradigan yoxud sotib oladigan tovarlarni sotib oluvchiga tadbirkorlik faoliyatida foydalanish uchun yoki shaxsiy, oilaviy maqsadlarda, ro‘zg‘orda va shunga o‘xshash boshqa maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa maqsadlarda foydalanish uchun topshirish, sotib oluvchi esa tovarlarni qabul qilish va ularning haqini to‘lash majburiyatini oladi.

Fuqarolik kodeksida maxsulot yetkazib berish bilan bog‘liq munosabatlar huquqiy tartibga solingan bo‘lsada, biroq keytering (umumiy ovqatlanish bilan bog‘liq xizmat ko‘rsatish sohasi) bilan bog‘liq munosabatlar qonunchilikda nazarda tutilmagan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, mamalakatimizda keytering sohasidagi ilg‘or xorijiy tajribani o‘rgangan holda ushbu munosabatlarni huquqiy tartibga solish va rivojlantirish ayni muddao bo‘lib hisoblanadi.

Elbek Eshmurodov
Toshkent davlat yuridik universiteti
Ixtisoslashtirilgan filiali Xususiy
huquqiy fanlar kafedrasi o‘qituvchisi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda keytering (yetkazib berish) xizmatlarining faoliyati huquqiy tartibga solinganmi?