01:14 / 02.08.2021
2 378

Koronavirus laboratoriyadan sizib chiqqani haqidagi faraz. Olimlarga nimalar ma’lum?


Jahondagi odamlar va hatto davlatlar kun tartibini o‘zgartirib tashlagan koronavirus pandemiyasi boshlanganiga bir yarim yildan ziyod muddat o‘tdi. Shu kungacha 197 milliondan ortiq kishi ushbu kasallikka chalinib, ularning 4,2 milliondan ziyodi vafot etdi. O‘zbekistonda Covid-19’ga chalinganlar soni 125 mingdan ko‘proqni, undan vafot etganlar esa rasmiy statistikaga ko‘ra qariyb 900 kishini tashkil etyapti.

Millionlab odamlar hayotiga zomin bo‘lgan, millardlab insonlar hayotini tubdan o‘zgartirib tashlagan kasallikning kelib chiqishi haqida turli versiya va farazlar mavjud.

Koronaviruslar oilasiga kiruvchi SARS-CoV-2 virusi bilan kasallanish holati ilk bor Xitoyning Uhan shahrida qayd etilgandi. Oradan bir yil o‘tib Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining maxsus komissiyasi Uhanda bo‘lib, virusning kelib chiqishini o‘rganishga kirishdi. Unda Ekspertlar mahalliy olimlar, shifokorlar bilan suhbatlashdi, shahardagi yovvoyi hayvonlar va dengiz mahsulotlari sotiladigan bozordagi vaziyatni o‘rganishdi. Darvoqe, JSSTning maxsus komissiyasini kiritishni Xitoy hukumati paysalga solib keldi va buni JSST ekspertlarida ayrim hujjatlarning yo‘qligi va delegatsiyani qabul qilishga tayyorgarlik ko‘rishga oid qiyinchiliklar bilan izohlagan.

2021 yilda koronavirus (SARS-CoV-2)ning laboratoriyada yaratilgani haqidagi munozaralar ko‘paygandan ko‘paydi, deya yozishmoqda Nature jurnalidagi maqola mualliflari Emi Maksmen va Smriti Mallamati.

Aksar olimlar SARS-CoV-2’ning kelib chiqishi tabiiy va odamga hayvondan yuqqan, deb hisoblashadi. Biroq virusning laboratoriyadan sizib chiqqani haqidagi versiya ham bor. Ba’zi olimlar virusning Uhan virusologiya institutida sun’iy tarzda yaratilgani haqidagi farazni chuqurroq o‘rganishni talab qilishmoqda.

Koronavirus bilan ilk kasallanish holatlari aynan Uhan shahrida qayd etilgandi. 2021 yilning 26 may kuni AQSH prezidenti Jo Bayden butun kuchlarni ishga solib, koronavirusning kelib chiqishini aniqlashga chaqirdi. Avstraliya, Yevropa Ittifoqi va Yaponiyani ham virusning kelib chiqishini sinchiklab o‘rganishga da’vat qildi va jumladan shunday dedi: Bugunga kelib, AQSH Xavfsizlik Uyushmasi ehtimoliy ikki ssenariy mavjudligi borasida hamfikr.

Lekin bu masalada hali uzil-kesil to‘xtamga kelingani yo‘q. Men Xavfsizlik Uyushmasidan bizni yakuniy xulosaga olib boruvchi axborotni to‘plash va tahlil qilish uchun urinishlarni ikki barobarga oshirishni so‘radim. O‘sha hisobotning bir qismi sifatida men zarur ma’lumotlarni, shu jumladan, Xitoyga beriladigan aniq savollarni taqdim qilishni ham so‘radim. AQSH hamfikr doiralar bilan to‘liq, shaffof va dalillarga asoslangan xalqaro tekshiruvda qatnashish uchun Xitoyga bosim qilishda davom etadi».

Maqola mualliflarining yozishicha, olimlarda koronavirus na laboratoriyada yaratilgani va na tabiiy kelib chiqqani haqida yetarlicha isbot bor. Ko‘plab infeksionist olimlar tabiiy evolyutsion yo‘l bilan rivojlangan va ko‘pshapalaklar yoki boshqa biror hayvondan to‘g‘ridan to‘g‘ri odamlarga yuqqan deb hisoblashmoqda. Aksar yangi epidemiyalar, shu jumladan, OIV, gripp, Ebola, MЕRS tabiiy tarqalish orqali boshlangan.

Tadqiqotchilar virusning tabiiy kelib chiqishini isbotlovchi bir necha dalilni qo‘lga kiritishgan. Ko‘rshapalaklar koronaviruslarning keng tarqalgan tashuvchisi hisoblanadi. SARS-CoV-2 genomi RATG13 genomiga 96 foiz o‘xshash bo‘lib, ilk bor 2013 yilda Xitoyning Yunnan provinsiyasida ko‘rshapalakda aniqlangan edi.

«Bular ko‘p ehtimol bilan ko‘rshapalaklarga borib taqaladi»

Virus ko‘rshapalaklardan vositachi hayvon orqali uning tanasida mutatsiyaga uchragan holda tarqalgan degan versiya ham bor
Professor Skot Viz hayvonlardagi yuqumli kasalliklarni davolaydi. U ko‘rshapalaklar dunyoning istalgan nuqtasida yashashi mumkinligiga e’tibor qaratadi. Ular ming yillardan beri o‘z yirik jamoalari orqali bir-biriga kasalliklar yuqtirib yuradi.
Professor Viz ularning odamlar bilan o‘xshash tomonlari haqida gapiradi: «Ko‘rshapalaklar sut emizuvchilar va bizga o‘xshaydi.
Agar ko‘rshapalakning qaysidir jihati insonnikiga o‘xshasa, virusning yuqishi yengilroq bo‘ladi».

Undan tashqari, SARS-CoV-2 laboratoriyadan tarqalgani haqidagi taxmin ham bor. Laboratoriyadan sizib chiqqan viruslar epidemiya qo‘zg‘amagan bo‘lsa-da, mashhur viruslarning xurujiga sabab bo‘lgan. Mualliflar 2004 yilda ikki tadqiqotchi olimning Pekindagi virusologiya laboratoriyada atipik pnevmoniya bilan kasallangan holatini eslatgan. Ular o‘z navbatida yetti kishiga yuqtirishgan...

Virus laboratoriyadan sizib chiqqan deyishga asoslar
Maksmen va Mallamati virusning sizib chiqqanini aytayotganlar tayanayotgan asoslarni sanab berishgan.
Nazariy jihatdan Covid-19 laboratoriyada yaratilgan bo‘lishi mumkin. Tadqiqotchilar laboratoriyada o‘rganish uchun SARS-CoV-2 virusini hayvondan olgan bo‘lishlari yoki koronavirus genomini ishlab chiqib, uni sun’iy yaratgan bo‘lishlari mumkin.

Amir Attaran, Ottava universiteti huquqshunoslik professori, epidemiolog shunday deydi:
«Bu shubhali, xavotirli, qo‘rqinchli va ehtimolki, hayotga tahdid soluvchi holat. Buni sir saqlashga sabab yo‘q. Ebola virusi Xitoyga jo‘natilgani va u bilan Xitoy harbiylari ishlayotganidan xabarimiz bor. Bu ma’lum narsa. Ular yana nimani yashirishyapti? Xitoy Ebola genetik materiallarining yirik katalogini qo‘lga kiritishni istab qolganining eng katta sabablardan biri – ular genetik funksiyalar tajribasini o‘tkazishyapti. Bu esa virusni yanada xavfli va halokatli qiladi. Biz Kanadada bunday tajribalar qilmaymiz va butun dunyoda ham bundan jirkanishadi. Afsuski, biz ularga yordam berib qo‘ygan bo‘lishimiz mumkin».

Bunday ssenariylarda laboratoriyada biror insonga tasodifan yoki ataylab virus yuqtirib, keyin uni tarqatib yuborgan bo‘lishlari ham mumkin. Undan tashqari, pandemiya boshlanganidan buyon bir yarim yil o‘tgan bo‘lsa-da SARS-CoV-2’ga o‘xshash virus hayvonlarda aniqlanmagan. Covid-19 ilk bor koronaviruslarni o‘rganadigan yetakchi laboratoriya joylashgan Uhanda aniqlangani borasidagi tasodif ko‘pchilikni o‘ylantirib qo‘ygan.

Laboratoriyadan sizib chiqish haqidagi faraz tarafdorlari virus g‘ayrioddiy genetik ketma-ketlikka ega va demakki, odamlar tomonidan yaratilgan deyishmoqda. Ba’zilar esa, SARS-CoV-2 odamlar orasida juda oson tarqalishiga urg‘u qaratib, u shunday maqsadda yaratilgan degan fikrni ilgari surishmoqda.

Hongkongda faoliyat ko‘rsatgan va Xitoy hukumatini koronavirus tarqalishini bilib turib oldini olmaslikda ayblagan virusolog, doktor Li Meng Yang o‘z iddaolari tufayli AQSHga qochishga majbur bo‘ldi. U Loose Women loyihasiga bergan qisqa intervyusida, jumladan, shunday deydi: «Barini boshidan boshlaydigan bo‘lsak, men vrach va fan nomzodiman. Hongkong xalq sog‘liqni saqlash universiteti va JSSTning laboratoriyasida gripp va keyinchalik koronavirus deb nomlangan kasalliklar ustida ishlardim. Men ko‘p viruslar va mavjud koronaviruslar ustida ishlayman. Menda Xitoyning ikki diplomi borligi va u yerda mandarin lahjasida gaplasha oladigan yagona inson bo‘lganim bois men Uhanda paydo bo‘lgan yangi pnevmoniya kasalligini tadqiq qilish bo‘yicha maxfiy jamoaga qo‘shildim va o‘tgan yilning 31 dekabrida ortga qaytdim (2019 yil nazarda tutilmoqda – tahr.).

Tadqiqotda men JSSTdagi boshlig‘imga jo‘natilgan hisobotni ko‘rdim. Lekin JSSTdan javob kelmadi. Hamma meni «Qizil chiziqni bosma. Sukut saqla, aks holda, o‘zingga qiyin bo‘ladi», deb ogohlantirdi. Nihoyat 17 yanvarda (2020 yil nazarda tutilmoqda) bu haqda odamlarga aytishga qaror qildim, chunki bu dolzarb edi. Men sizlarda, AQSHda turib faoliyat yuritadigan taniqli yutub-vloger bilan bog‘lanishga urindim va maqsadimga erishdim. Lekin video xitoy tilida edi. Xitoy hukumati Covid-19 bilan bog‘liq vaziyatni endi ochiqlayotgandi. Ikkinchidan, insondan insonga yuqish boshlanib bo‘lgandi. Uchinchidan, virusning tez mutatsiyaga uchrashi va nazorat qilinmasa to‘satdan tarqalib ketishi mumkinligi edi.

To‘rtinchidan, Uhandagi dengiz jonivorlari bozori. Va nihoyat bu virus tabiiy emasdi. U Xitoy harbiy institutining koronavirusning ss45 va zxc21 deb nomlangan koronaviruslari asosida ishlab chiqilgan. Bu laboratoriyada ishlangach yangi virus paydo bo‘ldi. Bu virus laboratoriyadan tarqagan. Uhandagi laboratoriya va u Xitoy hukumati tomonidan nazorat qilinadi».

Shuningdek, DailyMail nashri britaniyalik olim Angus Dalglish tomonidan Quarterly Review of Biophysics Discovery ilmiy nashrida chop qilinishi uchun yuborilayotgan deb taxmin qilinayotgan maqolaga ko‘ra, COVID-19 o‘zining tabiiy kelib chiqishga ega emas va xitoylik olimlar tomonidan yaratilgan bo‘lib, keyinchalik izlarni yo‘qotish uchun «retro-injeneriya» yordamida uning ko‘rshapalakdan odamga o‘tgandek qilib ko‘rsatilgani haqida aytilgan.


Biolog-evolyutsionistlar bu argumentlarga nima deydi?
Ko‘rshapalakmidi?

Kasalliklarning tarqab ketishini o‘rganishga yillab vaqt ketadi, ba’zida esa, aniqlanmay ham qoladi. Material mualliflarining eslatishicha, atipik pnevmoniya epidemiyasining kelib chiqishini o‘rganishga 14 yil ketgan. Atipik pnevmoniya ko‘rshapalaklarda aniqlanib, odamlarga Afrikadagi yashovchi viverra degan hayvondan tarqalgani aniqlangan.

Virusning kelib chiqishini tadqiq qilishning murakkab tomoni shundaki, hayvonlar orasida kasallik tarqashi sporadik xarakterga ega bo‘ladi. Biror hayvonning halok bo‘lishi yoxud infeksiyadan xalos bo‘lishiga qadar topish kerak. Hayvonlarning tahlillari ijobiy natija bersa-da, so‘lak, axlat yoki qonda aniqlangan viruslar ko‘pincha degradatsiyaga uchraydi va patogen mikroorganizmlarning genomi shifrini yechishni qiyinlashtiradi.

Biroq pandemiya boshlanishida olimlar muayyan progressga erishdilar. 27 may kuni bioRxiv preprintlar saytida e’lon qilingan hisobotga ko‘ra, Xitoy janubida ko‘rshapalaklarda RmYN02 virusi aniqlangan. Buning genomi SARS-CoV-2’ga RATG13 koronavirusinikidan yaqinroq.

Shubhali tasodif
Virusologiya instituti Uhanda joylashgani gumonlarni kuchaytirib yubordi.
«Virusologiya laboratoriyalari qoida bo‘yicha atrofdagi viruslarga ixtisoslashgan bo‘ladi», deya iqtibos keltiriladi AQSHning Rocky Mountain Laboratories laboratoriyalari tarmog‘i virusologi Vinsent Myunsterdan. Uhan virusologiya instituti Xitoy va uning atroflarida aniqlangan koronaviruslarni o‘rganishga ixtisoslashgan. Shuningdek, gripp Osiyoda, gemorragik isitma Afrikada o‘rganiladi. «O‘n holatdan to‘qqiztasida virusning yangi xuruji ro‘y berganda, yaqin-atrofda shu viruslarni o‘rganadigan laboratoriya bo‘ladi», deya qo‘shimcha qilgan Myunster.

SARS-CoV-2 pandemiya bo‘lishi atayin ishlab chiqilganmidi? Material mualliflari ko‘plab olimlarning javobini keltirishadi: «Yo‘q».

Bioetik Kerri Bouman endilikda mashhur bo‘lib ketgan Uhandagi dengiz jonivorlari bozoriga bir marta borgan.
«Bozor o‘lik va tirik hayvonlarga to‘la edi».

Asosiy nazariya – bozor xodimlaridan biri infeksiya yuqtirgan hayvon bilan kontaktda bo‘lgan.
«Har tarafdan sizga hayvon siydik va najaslari tegib ketishi mumkin va o‘z navbatida viruslar uchun inkubatsiyaga sharoit yaratib beradi. Uhandagi bozorda jonivorlarning 56 xilini sanaganman. Ularning asosiy qismi, balki uchdan biri yovvoyi edi», deydi u.

Ilk kasallanish holatlari Uhandagi bozor bilan bog‘langan va bozor yopib qo‘yilgandi
Endi nima bo‘ladi?
Katta Yettilik (G-7) sammitida nutq so‘zlagan JSST rahbari Tedros Gebreyesus Adhanom Xitoy virusning kelib chiqishini o‘rganish masalasida JSST bilan yetarli darajada hamkorlik qilmaganini aytib, shaffoflik uchun ko‘proq harakat qilish kerakligini aytgan.

Binobarin, JSST rahbari Covid-19 virusining kelib chiqishini tadqiq qilish bo‘yicha rejaning navbatdagi bosqichiga o‘tilishini ma’lum qilgan.

Virus laboratoriyada yaratilgan yoki tabiiy ravishda kelib chiqqanidan qat’i nazar hali juda ko‘p o‘rganiladi va kelajakda o‘nlab ilmiy ishlarga mavzu bo‘ladi.

P/S: Material tayyorlanish chog‘ida Xitoy sog‘liqni saqlash vaziri Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining laboratoriyalarni yana bir bor tekshirish bo‘yicha so‘roviga g‘azab bilan rad javobini bergan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirusning tabiiy yoxud sun’iy kelib chiqishi haqidagi farazlar haq yoki nohaq ekaniga uzil-kesil nuqta qo‘ymoqchi.

Xitoy sog‘liqni saqlash vazirligi vakili Szen Isin matbuot anjumanida JSSTning rejalari va tekshiruv prioritetlaridan hayratda ekanini izhor qilgan.

«To‘g‘risini aytganda, JSSTning virusning kelib chiqishini tekshirish rejasining ikkinchi bosqichini ko‘rib hayratda qoldim. Bu rejada Xitoy tomonidan laboratoriya protseduralari buzilgani va pirovardida virus sizib chiqqani haqidagi farazga urg‘u berilgan. Bu ondan boshlab sog‘lom fikrga nisbatan hurmatsizlik va fanga bo‘lgan kibr faqat ortib boradi, xolos», degan vazirlik vakili.

Koronavirus yetkazgan moddiy va jismoniy zararlardan tashqari hali diplomatik oqibatlari ham borga o‘xshaydi. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.

Shoakmal Isroilov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Koronavirus laboratoriyadan sizib chiqqani haqidagi faraz. Olimlarga nimalar ma’lum?