1 906
Kooperatsiyalar faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilikni takomillashtirish zaruriyati
Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan kooperatsiyalar faoliyatini tartibga soluvchi milliy qonunchilik hamda xorijiy mamlakatlar tajribasi tahlil qilindi.
Ma’lumot uchun: Kooperatsiya - bu qonuniy umum ijtimoiy yoki iqtisodiy maqsadga erishish uchun ixtiyoriy ravishda birlashgan, talab qilinadigan kapitalga teng ulushlarni qo‘shgan va tavakkalchilik va foydalarning adolatli ulushini qabul qilgan, umumiy qabul qilingan kooperatsiya tamoyillariga muvofiq ish olib boruvchi shaxslarning belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan birlashmasi.
Bugungi kunda dunyo davlatlarida kooperatsiyalarga ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish omili sifatida qaraladi.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, kooperatsiyalarning iqtisodiyotga ijobiy ta’siri quyidagilar bilan baholanadi:
Birinchidan, ishlab chiqarish, marketing, kommunal xizmatlar, transport, kredit, sug‘urta, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish kabi sohalarda tadbirkorlarning mehnat unumdorligini oshiradi;
Ikkinchidan, muayyan turdagi mahsulotni ishlab chiqarishdan to tayyor mahsulot ko‘rinishiga kelgunga qadar bo‘lgan bosqich bir kooperatsiya atrofida birlashganligi natijasida chakana narxlarni pasaytiradi;
Uchinchidan, tadbirkorlarning o‘zaro birlashishi ishlab chiqarishga yangi texnologiyalarni jalb qilish, innovatsion uslublarni qo‘llash, tovarlarni xalqaro bozorga olib chiqish imkonini yaratadi;
To‘rtinchidan, kichik va o‘rta biznes vakillarining kooperatsiyalarga birlashib, yirik tadbirkorlik sub’ektlari bilan o‘zaro raqobat muhitiga kirishishi monopoliyani oldini oladi, bozor raqobatbardoshligini oshiradi;
Beshinchidan, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilib, aholi bandligini ta’minlaydi.
Ijtimoiy jihatdan kooperatsiyalar kam ta’minlangan, ishsiz fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash vazifasini bajaradi.
Shu sababli kooperatsiyalar faoliyati xorijiy davlatlarda ancha keng rivojlangan. Jumladan, Xalqaro Kooperatsiya Ittifoqi (International
Co-operative Alliance) ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 1 mlrd ortiq odam kooperatsiyalarga a’zodirlar. A’zolarining eng ko‘p soni – 305,6 mln a’zolarga va 30,000 ga yaqin kooperatsiyalarga ega AQSHga to‘g‘ri keladi. Kanadada har uchinchi fuqaro kooperatsiya a’zosi hisoblanadi.
Fransiyada kooperatsiyalar fuqarolarni 700 ming ish o‘rni bilan ta’minlaydi. Yaponiyada fermerlarning 91%i kooperatsiyalar asosida tashkil etilgan. Kuvaytda chakana savdoning 80%i iste’mol kooperatsiyalari tomonidan amalga oshiriladi.
Dunyodagi eng yirik kooperatsiya korxonalarning jami daromadi 1.6 trln AQSH dollarini tashkil qiladi. Xalqaro mehnat tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, moliyaviy kooperatsiyalar 857 mln kishiga (dunyo aholisining 13 %i) xizmat qiladi, qishloq xo‘jaligi kooperatsiyalari qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 50 %ini ishlab chiqaradi.
Biroq, mamlakatimiz iqtisodiyotida kooperatsiyalarning o‘rni deyarli sezilmaydi. Bugungi kunda respublikamizda o‘rtacha 1500 ga yaqin kooperatsiyalar faoliyat yuritmoqda. Mazkur ko‘rsatkichni xorijiy davlatlar bilan qiyoslaganda salbiy baholash mumkin.
Taqqoslash uchun: Italiyada – 39 600, Turkiyada – 33 857, Fransiyada – 22 517, Ispaniyada – 20 050 ta kooperatsiyalar faoliyat yuritadi. Kooperatsiyalarning yillik pul aylanmasi Fransiyada – 307 mlrd., Germaniya – 195 mlrd., Italiyada – 150 mlrd. va Gollanddiyada – 81 mlrd. yevroga teng.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, respublikamizda kooperatsiyalar faoliyati samaradorligi pastligiga kooperatsiyalar faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik xalqaro standartlar talablariga javob bermasligi, mazkur sohada davlat aralashuvlarining saqlanib qolganligi, kooperatsiyalarga a’zolikni rag‘batlantiradigan mexanizmlar mavjud emasligi kabi omillar sabab bo‘layotganligi aniqlandi. Xususan:
1. Kooperatsiyalar faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik xalqaro standartlar talablariga javob bermaydi.
Kooperatsiya sohasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarning ko‘pligi mavjud normalarni amaliyotda qo‘llash jarayonida muammolarning kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda.
Shuningdek, kooperatsiyalar faoliyatini tartibga soluvchi umumiy qonun – “Kooperatsiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni bugungi kun talablariga, xususan Xalqaro Kooperatsiya Ittifoqi tamoyillari va tavsiyalariga javob bermaydi. Mazkur Qonun 16 moddadangina iborat bo‘lib, uning qoidalari umumiy xarakterga ega, kooperatsiya a’zolarining manfaatlarini ifoda etmaydi hamda davlat nazoratini belgilash bilan chegaralangan.
Ma’lumot o‘rnida: Xitoyning “Kooperatsiyalar to‘g‘risida”gi qonuni (Cooperatives Act) 9 bo‘lim, 77 moddadan iborat. Germaniyaning “Kooperatsiyalar to‘g‘risida”gi qonuni (Cooperative Law) 10 bo‘lim, 174 moddadan iborat.
Jumladan, mazkur Qonunda kooperatsiyalar faoliyatinining asosiy prinsiplari aks etmagan. Shu sababli uning qoidalari ham mazmunan umum qabul qilingan prinsiplarga mos kelmaydi.
Kooperatsiya mulk va kooperatsiyaning zahira fondini shakllantirish, uni taqsimlash va foydalanish masalalari masalalari to‘liq tartibga solinmagan.
2. Kooperatsiyalar faoliyatida davlatning nazorat funksiyalari saqlanib qolmoqda.
Kooperatsiyalar davlat tomonidan ishlab chiqilgan rivojlanish dasturlari asosida tashkil etilishi amaliyoti shakllangan.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 11 dekabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish, sohada qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4549-son qarorida 2020 yilda Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlarining 22 ta tumanida 31 ta, 2021 yilda respublika bo‘yicha 100 ta qishloq xo‘jaligi birlashmalari tashkil etilishi belgilangan.
Ta’kidlash kerakki, mazkur qoidalar kooperatsiyalar faoliyatini tashkil qilish prinsiplariga mos kelmaydi.
3. Amaldagi qonunchilik kooperatsiya a’zolarning a’zolikdan manfaatdorligini ta’minlamaydi.
Kooperatsiya faoliyatini tartibga soluvchi qonunlarda kooperatsiyalarning faoliyat yuritishini rag‘batlantiradigan yoki a’zolarning manfaatdorligini oshiradigan mexanizmlar mavjud emas. Xorijiy davlatlarda zaxira fondlarini o‘z ichiga olgan kooperatsiya kapital ulushi, hissasi yoki a’zoning ulushi sud tomonidan musodara qilinishi yoki sotilishi mumkin emasligi (Malayziya), kooperatsiyalar daromad yoki tadbirkorlik solig‘idan ozod qilinishi mumkinligi (Xitoy) nazarda tutilgan.
4. Kooperatsiyalar faoliyati to‘g‘risida aholi bilim darajasi kam, tadbirkorlarda o‘zaro ishonch munosabatlari shakllanmagan.
Kooperatsiyalar faoliyatining samaradorligiga salbiy ta’sir qiluvchi omillar qatoriga aholining kooperatsiya faoliyati to‘g‘risida bilim darajasi yetarli emasligi, o‘zaro hamkorlik munosabatlarini o‘rnatish va erkin birlashishga ruhiy jihatdan tayyor emaslik kabilarni ham kiritish mumkin.
Ammo, respublikamizda kooperatsiyalarni rivojlantirishda mazkur jihatlarga deyarli e’tibor berilmaydi. Qonunchilikda ham aniq mexanizmlar nazarda tutilmagan.
5. Kooperatsiya a’zolarida kooperatsiyani boshqarish ko‘nikmalarini shakllantiruvchi mexanizmlar mavjud emas.
Xalqaro amaliyot kooperatsiya boshqaruv beshta element bo‘yicha tasniflanishi lozimligini ko‘rsatadi. Bular bosh assambleya, boshqaruv raisi, ijroiya kengashi yoki kuzatuv kengashi, taftish, qo‘mitalardan iborat. Boshqaruvning mazkur tuzilishi a’zolarda kooperatsiyani boshqarish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan. Ammo, qonunchiligimizda boshqaruvning barcha shakllari nazarda tutilmagan.
6. Kooperatsiyalarni ro‘yxatga olish tizimli tartibga solinmagan. “Kooperatsiya to‘g‘risida”gi Qonunning 5-moddasida kooperatsiyaning ustavi kooperatsiya ta’sis etishni istagan fuqarolarning umumiy yig‘ilishida yoki yuridik shaxslar muxtor vakillarining yig‘ilishida qabul qilinishi va kooperatsiya joylashgan yerdagi hokimlikda ro‘yxatga olinishi belgilangan bo‘lsada, kooperatsiyalarni ro‘yxatga olish yetarlicha tartibga solinmagan.
Yuqorida keltirilgan muammolar va qonunchilikdagi kamchiliklar natijasida jismoniy va yuridik shaxslarning kooperatsiyalarga birlashuvi sezilarli darajada kamayib ketgan, ularning kooperatsiyalarga a’zolikdan manfaatdorligi yo‘qolgan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, kooperatsiyalar faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish maqsadida quyidagilar taklif etiladi:
1. “Kooperatsiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunini yangi tahrirda ishlab chiqish, qonunning yangi tahrirdagi loyihasida quyidagilarni nazarda tutish taklif etiladi:
- kooperatsiyaga a’zolik, a’zolarning huquq va majburiyatlarini xalqaro standartlarga moslashtirish;
- kooperatsiyalarni davlat ro‘yxatidan o‘tish tartibi;
- xalqaro davlatlar tajribasidan kelib chiqib, kooperatsiya boshqaruvning umumiy yig‘ilish, boshqaruv raisi, ijroiya kengash (kuzatuv kengashi) va taftishdan iborat ekanligini hamda ularning faoliyati, vakolatlari va funksiyalarini belgilab qo‘yish;
- kooperatsiya mulk tarkibi, ulardan foydalanish tartibi, kooperatsiya aksiyalar, a’zolarning mulkiy huquqlari va javobgarligi masalarini aks ettirish;
- amaldagi qonunchilikda mavjud bo‘lmagan kooperatsiyaning zahira fondini shakllantirish, uni taqsimlash va foydalanish tartibini nazarda tutish;
- kooperatsiya va uning a’zolari o‘rtasidagi nizolarni hal qilish bo‘yicha aniq qoidalarni aniq belgilash, bunda sud rolini imkon qadar kamaytirish;
- kooperatsiya to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik masalalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri belgilash;
- kooperatsiyaning faoliyatini to‘xtatish va uni qaytadan tashkil etish masalalarini takomillashtirish.
2. O‘zbekiston Respublikasining “Qishloq xo‘jaligi kooperatsiyai (shirkat xo‘jaligi) to‘g‘risida”gi Qonunini bekor qilish hamda barcha kooperatsiya munosabatlarni “Kooperatsiya to‘g‘risida”gi Qonunda aks ettirish;
3. Kooperatsiyalarning faoliyat yuritishini rag‘batlantiradigan yoki kooperatsiyalardan a’zolarning manfaatdorligini oshiradigan mexanizmlarlarni (soliqlardan, bojxona to‘lovlaridan ozod qilish, hukumat tomonidan imtiyozli kreditlar berish) yaratish;
4. Qonunchilikda a’zolarda o‘zaro ishonch munosabatlarini shakllantirishga xizmat qiluvchi mexanizmlarni, jumladan quyidagilarni belgilab qo‘yish:
- foyda va zararning a’zolarning shaxsiy mehnati bilan ishtiroki yoki xo‘jalik faoliyatdagi ishtirokini hisobga olgan holda ular o‘rtasida taqsimlanishi;
- faoliyatning oshkoralik asosida boshqarilishi, har bir a’zo, qo‘shgan mulkiy hissasining miqdoridan qat’i nazar, bir ovozga ega bo‘lishi;
- faoliyat to‘g‘risidagi axborotlarni uning barcha a’zolari uchun ochiq bo‘lishi.
5. Kooperatsiyalar faoliyatiga oid statistik ma’lumotlarning ochiqligi, shaffofligini ta’minlash;
6. Kooperatsiyalar va ularning ahamiyati to‘g‘risida aholi, jumladan tadbirkorlar xabardorligini oshirish maqsadida turli targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirish.
Mazkur takliflarning amaliyotga joriy qilinishi tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida o‘zaro raqobat muhitini shakllantiradi, ular tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilaydi, har bir sohada (qishloq xo‘jaligi, sug‘urta, xizmatlar ko‘rsatish va h.k) samaradorlik ko‘rsatkichlarini oshiradi, chakana narxlarni pasaytiradi va mamlakatning eksport salohiyatini oshiradi. Shuningdek, ijtimoiy jihatdan kooperatsiyalarning keng ko‘lamli faoliyati orqali aholi bandligi ta’minlanadi, kam ta’minlangan, ishsiz fuqarolarni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlanadi.
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti
mas’ul xodimi A.Safarova
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti
mas’ul xodimi A.Safarova
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Xatolar va mag‘lubiyatlar... ular kechiriladimi?
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?